Edgar Po: dahshatning realikka aylanishi

  • 06:05 / 28.09.2015
  • 13880

Mashhurlar haqida juda ko‘plab gapirilgan. Ularning shaxsiy hayoti va noyob iste'dodi odamlarni doim qiziqtirib kelgan. Ana shunday shaxslardan biri Ameriklik mashhur yozuvchi, shoir, adabiy tanqidchi va muharrir Edgar Allan Podir. U 1809 yilning 17 yanvarida AQShning Baltimor shahrida tug‘ildi. Po o‘zining “qiynoqqa soluvchi” hikoyalari bilan shuhrat qozondi. U amerikalik yozuvchilar ichida birinchilardan bo‘lib kichik hikoyalar ijod qila boshladi. Po zamonaviy detektiv qonunlarini ishlab chiqdi. Uning ijodi ilmiy-fantastik janrining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Umrining oxiriga qadar takrorlanmas asarlar yaratdi, maqolalar yozdi. Ammo uning ajali bevaqt keldi. U bor yo‘g‘i 40 yoshida olamdan o‘tdi.

Uning sirli hayoti va nodir asarlari haqida bir qator dunyo adabiyotshunos olimlari qog‘oz qoralashgan. Shuning uchun bugun biz uning ijodi haqida emas, yozuvchining so‘nggi kunlari haqida so‘z yuritmoqchimiz. Zero Edgar Allan Po AQSh dagi eng obro‘li zotlardan biri hisoblangan va umrining so‘nggi damlarida uning hayoti alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketadi. Xo‘sh, buning sababi nimada edi?

Qo‘rqinchli taxminlar

Yozuvchining so‘nggi kunlari haqidagi taxminlar hamon mujmalligicha qolmoqda. Sababi u ijodining oxirgi yillarida qandaydir sirli va g‘oyibiy narsalar haqida yozganini e'tirof etish mumkin. Tunlari uning uyida har-xil ovozlarni eshitishgan. Politsiya borib tekshirganida esa, “Men qahramonlarim obraziga kirayapman”, deb javob beradi. Po ruhoniylarning oldiga tez-tez borib turadi va ularga uni Shayton bilan yuzlashtirishlarini iltimos qiladi. 

Noshir do‘stlari unga har qancha iltimos qilishmasin, u gazetalarga hikoya yozmay qo‘yadi. Sababini so‘rashganida esa, “Men yozgan hikoyalarim, Tangri tomonidan tavqi la'natga uchradi, u tufayli Shayton raqs tushayapti. Bu holat meni aqldan ozdiradi”, degan tushunarsiz javob beradi. Buni qarangki, vafotidan oldin uni o‘zi yashagan Baltimor ko‘chalarida telbasifat holatda yurganini ko‘rishadi. 

Poning yaqin do‘sti Jozef Uolker shunday deydi: “Uning ko‘rinishi juda achinarli edi. Ko‘rgan odam qashshoq daydi, deb o‘ylardi. Po kimdandir yordam kutardi. Ammo o‘sha yordam, o‘limiga qadar kelmadi”.

Po ruhiyatidagi alg‘ov-dalg‘ovlik

Yozuvchini darhol “Church Home and Hospital” deb nomlangan shifoxonaga yotqizishadi va u umrining so‘nggi kunlarini ana shu yerda o‘tkazadi. Poning do‘stlari unga nima bo‘lganiga qiziqishadi. Nega bunday aftodaholga tushib qolganining sababini so‘rashadi. Lekin u javob bermaydi. Adib bilan so‘nggi lahzalargacha birga bo‘lgan uning shaxsiy doktori Jon Jozef Moron ham, Poning holati haqida, aniq bir narsa deya olmaydi. Doktor o‘zining qaydnomalarida, “Edgar ko‘p ichadi. Bir kun kelib ichkilik umrini zavol qilishidan qo‘rqaman”, deb yozgandi.

Oradan ancha yillar o‘tib, yozuvchining o‘limi sirini aniqlashga juda ko‘p urinishlar bo‘ldi va olimlar turli hil taxminlarni ilgari surishdi: o‘z joniga qasd etish, qotillik, kasallik va alkogol glyutsinatsiyasi.

Rufus Uilmat Grizvold afsonasi

Bir umr o‘zining ashaddiy raqibi deb e'lon qilib kelgan Rufus Uilmat Grizvold,  Lyudvig taxallusi ostida Poning o‘limiga atab ta'ziyanoma yozadi. Ta'ziyanoma judayam haqoratlarga to‘la bo‘lib, unda yozilishicha Po piyanista, yengiltak va ruhiy kasal bo‘lgan. Eng qizig‘i Po bor budini aynan Grizvoldga qoldiradi. Bu esa, o‘z navbatida, odamlarning hayratiga sabab bo‘ladi.

Yozuvchining do‘stlari esa bu holatga umuman boshqacha fikr bildirishadi. Ularning aytishicha hayotda hech qanday Rufus Uilmat Grizvold degan odam bo‘lmagan, aksincha bu Po o‘ylab topgan navbatdagi sirli qahramonlardan biri bo‘lgan. Demak bundan kelib chiqadiki, adib o‘zi o‘ylab chiqargan qahramon orqali o‘z qilmishlariga iqror bo‘lmoqchi bo‘lgan. Ushbu ta'ziyanoma xalqqa ma'lum bo‘lgach, uning do‘stlari Podagi barcha kamchiliklarni inkor etishadi, ammo qo‘llarida yetarli asos bo‘lmagani sababli, ularga hech kim ishonmaydi. 

Aslida esa...

1849 yilning 27 sentyabrida Po Richmond shahri (Virjiniya shtati)dan chiqib, Nyu-Yorkka ketadi. Ana shundan keyin to 3 oktyabrga qadar uni hech kim ko‘rmaydi. 3 oktyabrda esa uni behush va telbasifat holatda Baltimor ko‘chalaridan topib olishadi. Poning bunday holatidan qo‘rqib ketgan do‘sti Uolker o‘zi taniydigan doktor Jozef E. Snodgrassga qo‘ydagi ma'noda xat yozadi: 

“Qadrli janob! Sizga bo‘lgan yuqori darajadagi hurmat va ehtiromimni bildirib, shuni ma'lum qilamanki, mashhur yozuvchi va barchamizning yaqin do‘stimiz hisoblanmish Edgar Allan Po judayam og‘ir ahvolda. U kun bo‘yi behush yotadi va bir narsalar deb alahsiraydi. Unga zudlik bilan tibbiy yordam kerak. Kulbamizga do‘stim Edgarni ko‘rib qo‘ygani kelsangiz, sizdan benihoya darajada minnatdor bo‘lardim. Ehtirom ila U.Uolker”.

Keyinchalik doktor Jozef E. Snodgrossning tasdiqlashicha, yozuvchi qattiq mast holatida bo‘lgan. Uning bunday xulosaga kelishiga, Podan kelayotgan aroqning badbo‘y hidi sabab bo‘lgan. Doktor o‘zining qaydnomalarida yozuvchining o‘sha paytdagi ko‘rinishi haqida yozar ekan, uning jirkanch qiyofaga kirib qolganini, sochlarining betartib tuzib yotganini, ko‘zlarining kirtayib qolganini, yuviqsiz yuzlarini va nursiz, ma'nosiz qarashlarini aytib o‘tadi. O‘sha paytda uning egnida o‘ta rasvo, yuviqsiz va o‘lchovi katta kiyimlar bo‘lgan. Poning shaxsiy doktori J.J Moron ham uning egnida juldur kiyimlar borligini tasdiqlagan. Aslida Po kiyim kechak borasida o‘ta talabchan bo‘lib, uning didiga ayollar ham havas qilishgan. Biroq u nega bunday vaziyatga tushib qoldi? Buni uning o‘zidan boshqa hech kim bilmasdi. Po esa bularni tushuntirish darajasida emasdi. Topib olinganidan keyin oradan ikki kun o‘tgan bo‘lishiga qaramay u ko‘zini ochmas, tinmay alahsirar, bir nimalar deb g‘uldurardi. 

Doktor Moron yozuvchini o‘zining shaxsiy kasalxonasi bo‘lmish “Washington College Hospital” ga olib o‘tib, o‘sha yerda davolashni boshlaydi. Shifokor yozuvchini ko‘rgani kelganlarga uni ko‘rsatmas, uning palatasi alkogol bemorlarni davolash bo‘limida joylashgan bo‘lib, derazalari panjara bilan mahkamlangan, xonaning ichi sovuq va nursiz edi. 

Notanish kimsalar

Po o‘limidan oldin qandaydir Reynolds ismini aytib baqirib chiqadi. Uning yaqinlari adibning bunday ismli tanishi borligini bilmasliklari bois, gap kim haqida ketayotganini anglashmaydi. Ayrim taxminlarga ko‘ra, Poning “Artur Gordon Pimning sarguzashtlari haqida qissa” kitobini yozishiga sababchi bo‘lgan muharrir va tadqiqotchi Jyeramey N. Reynoldsni eslagan bo‘lishi mumkin. Yana bir faktga ko‘ra yozuvchi og‘ir holatda topib olingan uchastka nozirining ismi sharifi ham Genri R. Reynolds bo‘lgan. Yozuvchi vafotidan keyin doktor Moronning gaplariga qaraganda esa Po Reynolds ismi bilan birga, “missis Germing” nomini ham tilga oladi. Chunki adibning Baltimor shahrida Genri Germing degan qarindoshi yashagan. Bundan tashqari u rafiqasi Reychmond nomini ham tilga oladi. Po xuddi xotini tirikdek u bilan gaplashib chiqadi, chunki rafiqasi to‘ylaridan keyin uch yil o‘tgach olamdan o‘tgandi.

Oradan biroz fursat o‘tib, Po baqirishdan va shovqin solishdan to‘xtaydi. U endi ancha tetiklashib qolgandi. Shunda doktor Moron unga: “Hammasi yaxshi bo‘ladi, juda yaqin orada do‘stlar davrasiga qaytasiz” deydi. Po unga javoban: “Do‘st uchun eng katta yaxshilik, uni otib tashlash” deb javob qaytaradi.

Yozuvchi kasal yotganida uning oldiga hech kimni qo‘ymaganligi sabab, doktor Moron Poni oxirgi ko‘rganlardan bo‘ldi. Moron u haqida juda ko‘p voqeliklarni takror va takror aytib yurgan. Ammo uning gaplari haqiqatga qanchalik yaqinligini hech kim isbotlay olmaydi. 

Yozuvchi o‘z joniga qasd qilganmi?

1875 yilda ma'lum bo‘lishicha, doktor Moron yozuvchining o‘limidan ikki kun keyingina, ya'ni 9 oktyabrdagina odamlarga uning halok bo‘lgani haqida xabar bergan. Moron vafotidan so‘ng deyarli bir asr mobaynida, doktorning qaydnomalari va kundaligi qidirildi, ammo hech narsaga erishilmadi. Shu sababli ham E.A Po o‘limining sababi haligacha sirliligicha qolmoqda. Ayrimlar Po depressiya holatida o‘z joniga qasd qilgan deb o‘ylashadi. Bunga sabab qilib, yozuvchi o‘limidan bir yil oldin, ya'ni 1848 yildan boshlab, sog‘liq uchun katta ziyoni bor alkogol ichimliklar va allaqanday tabletkalar qabul qilishni boshlaganini ko‘rsatishadi. Ammo bu Po o‘z joniga qasd qilgan degan xulosani isbotlamaydi. Bugunga qadar eng ishonchli dalillar mashhur yozuvchi Tomas Mayn Ridning fikrlari hisoblanib kelmoqda. U Edgar Allan Po haqida shunday degan edi:

“Edgar dunyoning ishlariga butunlay qo‘l silkidi. Uning uchun butun olam hibsxonaga aylangan edi. Yer yuzida uni qiziqtiradigan va yashashga undovchi birorta ham omil qolmagandi. U rafiqasidan erta ayrildi, farznadi ham yo‘q edi. Faqatgina manfaat yuzasidan murojaat etadigan qarindoshlari esa yiroqda edi. Shuning uchun uning rafiqasi, bolasi va yaqin do‘sti ichkilik bo‘ldi. Endi u bundan o‘lib qutula olsa kerak”.

So‘nggi iqror

Edgar Allan Poning so‘ngi ijodi, kasalxonada, o‘limi oldidan yozib qoldirgan xat hisoblanadi. Unda shunday so‘zlarni yozgandi:

“Gumbazli osmon meni qabul qilishga tayyor turibdi va Xudoyim o‘zining qudratini ko‘rsatishni boshladi. Iblis esa noumidlik to‘lqinlari uzra qalqiyotgan tanam va ruhimga egalik qilishni istaydi. Men nega tug‘ildim, nega yashadim, nega o‘layapman? Oh onajonim...Gunohkor murg‘akni o‘z tanangda olib yurganing uchun Yaratgan seni azoblardan ozod qilsin. Menga bersin o‘sha qiynoqlarini. Qorong‘ulik va sovuq... Mana qayer ekan biz boradigan joy. Zanjirlarni ortmoqlab yurish mumkindiru, biroq inson keltiradigan isnodni ortmoqlash qiyin ekan. Men odam bo‘lib emas, Iblis bo‘lib yashadim ”.

1849 yilning 7 oktabr kuni Edgar Allan Po o‘zining so‘ngi so‘zlarini aytib jon berdi: “Xudoyim mening badbaxt ruhimga yordam ber...”.

Yozuvchi vafot etgach, oradan ancha yillar o‘tgach, 1875 yilda unga atab yodgorlik o‘rnatishdi. Unda adib bilan birga uning rafiqasi va qaynonasi dafn etilgan. Yodgorlik devorlarida esa qo‘ydagi so‘zlarni uchratish mumkin: “Sen bizning xotiramizda sirli chehrang bilan qolib ketding”.

Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi