Ekologiyani toza saqlash usullarini bilasizmi?

  • 16:06 / 08.10.2019
  • 405

Bugungi kunda atrof-muhit tozaligini saqlash har birimizning insoniy burchimizdir. Mening arzimas hissam ahamiyatsiz, deb o‘ylamang. Natijaga birdan erishib bo‘lmaydi. Yaxshiyamki, so‘nggi paytda ko‘pgina odamlar atrof-muhitni muhofaza qilish bilan shug‘ullanyapti. Biz birgalikda kuchlimiz. Bu borada quyida keltirilgan tavsiyalar sizlarga yaxshi qo‘llanma bo‘la oladi.

Plastmassa, shisha va chiqindi qog‘ozlarni maxsus joyga topshiring

Afsuski, biz hali ham chiqindilarni qayta ishlash to‘g‘risidagi qonun loyihalarini amaliyotga joriy qilmadik. Biroq, bu masala bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarni topish qiyin emas. Yaqin atrofdagi qayta ishlash markazlarining manzilini bilib olib, keraksiz qog‘oz, plastmassa, shisha va boshqa materiallarni topshiring.

Suvni tejang

Suv insoniyatning eng bebaho boyliklaridan biridir. Agar u bo‘lmasa, insoniyat o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi. Shuning uchun har birimiz ekologik do‘stimiz bo‘lgan suvni tejashimiz lozim. Idish va kiyimlarni yuvishda, dush qabul qilish paytida ortiqcha suv ishlatmaslikka harakat qiling. Olimlarning fikriga ko‘ra, tishlarni yuvish uchun 7 litrgacha suvni tejab qolishingiz, ammo shu bilan birga, dushda atigi bir necha daqiqada 20-30 litrni yo‘qotishingiz mumkin ekan.

Bir marta ishlatiladigan idishlardan qutuling

Atrof-muhit haqida qayg‘uradiganlar odatda plyajga, dam olishlarga olib boriladigan va ba’zan uyda foydalanadigan bir martalik plastmassa idishlar qanchalik katta zarar yetkazishini juda yaxshi bilishadi. Ularni sotib olishdan bosh torting. Bularning o‘rniga termo chashka va tushlik qutisidan foydalansangiz ham bo‘ladi. Shuningdek, uydagi barcha plastmassa idishlarga e’tibor bering, imkon qadar paket o‘rniga mum qog‘ozdan foydalaning.

Zararsiz moddalar tarkibiga ega kimyoviy tozalash vositalaridan foydalaning

Kimyoviy tozalash vositalarini xarid qilishdan avval ularning tarkibini diqqat bilan o‘rganing. Zararli tarkibiy qismlarni o‘z ichiga olgan mahsulotlarni sotib olmang. Yaxshiyamki, endi supermarketlarda organik mahsulotlarning ko‘plab turlarini topishingiz mumkin. Ha, ular biroz qimmat, ammo sog‘ligingizga zarar yetkazmaydi.

Elektr energiyasini tejang

Uyda bo‘lmagan paytingiz televizorni yoniq qoldirmang. Xonaga yorug‘lik tushishi uchun derazalarni ochib qo‘ying. Ishlatilmaydigan ortiqcha texnikalarni (quvvatlagich, televizor, dazmol va boshqalar) elektr tokidan uzishni unutmang. Barcha lampochkalarni energiya tejaydigan turlariga o‘zgartiring. Shunday qilib, siz nafaqat tabiiy resurslarni saqlashga hissa qo‘shasiz, balki pulingizni sezilarli darajada tejaysiz ham.

Keraksiz narsalarni boshqalar bilan baham ko‘ring

Agar sizning uyingizda keraksiz narsalar to‘plangan bo‘lsa, (ayniqsa, eski uskunalar) ularni darhol chiqindi qutisiga tashlamang. Maxsus tijoriy saytlarga sotish-almashish bo‘yicha reklamalar joylashtiring. Bundan tashqari, mavjud jihozlaringizni doimo yangilab turmaslik uchun ularni asrab-avaylashga harakat qiling.

Batareyalarni almashtiring

Oddiy batareyalarni qayta quvvatlanadiganlariga almashtiring, vaqti-vaqti bilan ularni quvvatlab turing. Hech qachon eski batareyalarni chiqindi qutisiga tashlamang. Ularni maxsus joylarga topshiring. Batareyalarning parchalanish muddati 110 yildan ortiq.

Agar imkoniyatingiz bo‘lsa, uyingiz tomiga quyosh panellarini o‘rnating. Ularning yordami bilan siz quyosh nurlarini issiqlik va elektr energiyasiga aylantira olasiz. Ular ekologik jihatdan eng toza energiya manbaidir.

Qog‘ozni asrang

Ofisda bo‘lsangiz ham, qog‘ozga iloji boricha ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ling. Masalan, “printer”da chop etayotganingizda, uning har ikki tomonidan  foydalanishingiz mumkin. Eslatmalar haqida gap ketganda, ularni telefoningizga qayd qilib qo‘ysangiz ham bo‘ladi. Iloji boricha yakunda baribr chiqindiga borib tushadigan stikerlardan foydalanmang.

Oflayn xaridlarni tanlang

Internet rivojlanishi bilan ko‘pchilik onlayn xarid usuliga o‘tdi. Bu, albatta, o‘ziga xos qulayliklarga ega. Lekin sizning mahsulotingizni yetkazib berish juda ko‘p miqdordagi qadoqlash materialidan foydalanishni o‘z ichiga oladi. Oflayn buyumlarni sotib olish foydali, biroq ularni ko‘pincha oldindan buyurtma qilib bo‘lmaydi.

Qayta ishlatiladigan sumkalardan foydalaning

Afsuski, bu haqida ko‘pchilik o‘ylamaydi. Bozor-o‘char uchun qayta ishlatiladigan sumkalardan foydalaning. Shunda ekologiya tozaligiga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz. 

Cheklarni olmang

Agar mumkin bo‘lsa, do‘kondan cheklarni olmang. Yaxshiyamki, endi terminal va bankomatlarning ko‘pchiligida “pochta orqali cheklarni jo‘natish” funksiyasi mavjud. Juda bo‘lmaganda, siz uni suratga olishingiz ham mumkin. Agar siz moliya hisobini yuritish uchun pul operatsiyalari bo‘yicha cheklarni saqlasangiz, telefoningizga barcha ma’lumotlarni yozib qo‘ying. 

Aytgancha, hozirda byudjetni nazorat qilish uchun juda ko‘plab foydali ilovalar mavjud.

Plastik qadoqlardan voz keching

Mahsulotlarni sotib olayotganda, qog‘oz qadoqlardan foydalanishga urining. Ichimliklar haqida gap ketganda, shisha idishlilariga e’tibor qarating. Sabzavotlar va donli mahsulotlar uchun esa qayta ishlatiladigan sumkalar mavjud.

Avtomobilda safar qilishni kamaytiring

Agar tanlovingizda ko‘zlagan manzilingizga mashinada yoki piyoda borish imkoni bo‘lsa, ikkinchisini tanlang. Nisbatan uzoqroq manzillar uchun jamoat transportidan foydalaning. Shuningdek, hamkasblaringiz bilan kelishib olib, ishga birga borib kelishingiz mumkin. Havo ochiq kunlari esa velosipeddan foydalanish juda foydali.

Ehtimol, yuqoridagilar juda oddiy ko‘rinadi, ammo bu qoidalarga rioya qilsangiz, atrof-muhitni muhofaza qilishga katta hissa qo‘shgan bo‘lasiz.

Teglar