Elektr energiyasini bazaviy normalar bo‘yicha hisob-kitob qilish shu yil yakunigacha butun Toshkent shahri bo‘ylab joriy qilinadi

  • 14:12 / 12.07.2019
  • 156

Foto: Dreamstime

Aholiga yetkazib berilgan elektr energiyasini belgilangan bazaviy normalar bo‘yicha hisob-kitob qilish shu yil yakunigacha Toshkent shahrida joriy qilinadi. Bu haqda energetika vaziri Alisher Sultonov xabar berdi, deb yozmoqda O‘zA.

Eslatib o‘tamiz, shu yil yanvaridan Toshkent shahrining Yunusobod tumanida aholiga yetkazib berilgan elektr energiyasini belgilangan bazaviy normalar bo‘yicha hisob-kitob qilish ishlari amaliyotga joriy qilingan edi. 

“Eksperiment natijalarini raqamlarda ko‘rsatadigan bo‘lsak, joriy yil yanvar oyida 85 ming 870 nafar iste'molchidan 72 ming 115 tasi (84%) 300 kVt.soatgacha (o‘rtacha 1 xonadonga 90,3 kVt.s) elektr energiyasini iste'mol qilgan va qolgan 13 ming 755 ta(16%) iste'molchi 300 kVt.soatdan ko‘p (o‘rtacha 1 xonadonga 859,1 kVt.s) elektr energiyasini sarflagan.

Iyun oyida 86 ming 272 nafar iste'molchidan 74 ming 239 tasi (86,1%) 300 kVt.soatgacha (o‘rtacha 1 xonadonga 98,8 kVt.s) elektr energiyasini iste'mol qilgan va qolgan 12 033 ta (13,9%) iste'molchi 300 kVt.soatdan ko‘p (o‘rtacha 1 xonadonga 1082,8 kVt.s) elektr energiyasini sarflagan.

Endi iyun oyi tahlili bo‘yicha 300 kVt.soatgacha elektr energiyasini iste'mol qiluvchi iste'molchilar ulushi 84 foizdan 86,1 foizga yetib (2,1% oshgan), 300 kVt.soatdan ko‘p elektr energiyasini iste'mol qiluvchi iste'molchilar ulushi 16% dan 13,9 foizga tushganini ko‘ramiz (2,1% kamaygan). Bunda pul tushumi 60 foizga oshib, yo‘qotishlar keskin kamaygan. Tajriba o‘zini oqlagani uchun shu yil yakunigacha Toshkent, qisman Samarqand, Buxoro va Jizzax shaharlarida mazkur tizim joriy qilinishi ko‘zda tutilmoqda”, - dedi Alisher Sultonov.