Elektr energiyasini ishlab chiqarish va sotish monopoliyadan chiqariladi

  • 15:48 / 08.11.2019
  • 617

Foto: xabardor.uz

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida “Mamlakatda raqobatni rivojlantirish bo‘yicha keyingi yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda monopoliyaga qarshi kurashish, raqobat muhitini yaxshilash va rivojlantirish, istiqbolli rejalar ishlab chiqish va sohaga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari Bobir Karimov, Farux Karabayev, Bekzod Ummatov va boshqarma boshliqlari hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori Elmurod Xayitmetov ishtirok etdi va anjuman qatnashchilarining bergan savollariga batafsil javob berishdi. 

Hozirda qo‘mita tomonidan yangi – "Raqobatni himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun ustida ish olib borilmoqda. Biz tabiiy monopoliya tushunchasini yangi qonunga asosan o‘zgartiryapmiz. Agar qonun parlament tomonidan qabul qilinsa, temiryo‘lda yuk tashish va yo‘lovchilarni tashish xizmatlari bu sohadan umuman chiqib ketadi. 

Yoki, aytaylik, hozirgi kunda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uni uzatish va sotish bo‘yicha, ya’ni “elektr energiyasini ishlab chiqarish” sohasini tabiiy monopoliyadan chiqarib tashlamoqchimiz. Chunki iqtisodiyot rivojlanib innovatsiyalar kirib kelgach, kelgusida quyosh energiyasini olish, GESlarni qurish kabi rejalar bor. Bu sohani tabiiy monopoliya sohasidan chiqarib yuborsak, investorlar kirib keladi. So‘ngra elektr energiyasini ishlab chiqaradigan va uni sotadigan korxonalar ham ko‘payadi. Faqatgina elektr energiyacsini uzatish tabiiy monopoliya bo‘lib qolishi kerak, deydi  Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bobir Karimov.

Xabardor.uz