Endi har yili ilmiy tashkilotlar reytingi e’lon qilinadi

  • 15:26 / 25.05.2020
  • 123

O‘zbekistonda ilk bora ilmiy tashkilotlar reytingi paydo bo‘ladi. Ayni paytda mamlakatning ilm sohasi 104 ta akademik va tarmoq ilmiy muassasalaridan, shu jumladan, 65 ta ilmiy-tadqiqot instituti, 31 ta ilmiy-tadqiqot markazi va 8 ta boshqa turdagi ilmiy tashkilotlaridan iborat, deb yozmoqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mavjud ilmiy salohiyatning katta qismi poytaxtda markazlashgan. 104 ilmiy tashkilotdan 80,7 foiz (84 ta tashkilot) Toshkent shahrida, 19,3 foizi esa (20 ta tashkilot) viloyatlarda faoliyat yuritmoqda.

Hozirgi kunda 37 185 nafar tadqiqotchi ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanib, ulardan 16 863 nafari, yoki 45,3 foizi o‘z faoliyatini Toshkent shahrida olib bormoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-maydagi 274-sonli “Ilmiy tashkilotlar reytingini aniqlash tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tadqiqot muassasalarining reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risida Nizom ishlab chiqilgan.

Reytingning asosiy maqsadi – tadqiqot institutlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini barpo etish, ilmiy va innovatsion faoliyatining daraja va sifatini rag‘batlantirish, tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, real sektor uchun ilmiy asoslangan mahsulot va texnologiyalarni ishlab chiqish uchun asos yaratish. 

Reyting majmuaviy tarzda tuzilib, o‘z ichida ko‘plab toifalarni qamrab oladi. Ilmiy tashkilotlarning ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyati darajasi, ilmiy-tadqiqot ishlarining sifati va boshqalar. Reyting Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tuziladi.