Endi ko‘p kvartirali uylarda energiya samaradorligi qonun bilan nazorat qilinadi

  • 09:41 / 11.09.2019
  • 61

FOto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan mavjud resurslarni va ishga solinmagan salohiyatni jalb etish orqali energiya samaradorligini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olib, energiya tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi tayyorlandi. 

2019-yil 10-sentyabr kuni parlament quyi palatasida deputatlar, soha mutaxassislari ishtirokida mazkur qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sayti xabar bermoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi energetika tarmoqlarida hosil qilinayotgan elektr va issiqlik energiyasi, yoqilg‘i hamda boshqa noan'anaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy sohada oqilona foydalanish, energiya resurslari iste'moli samaradorligini ta'minlash, zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish xizmatlarini ko‘rsatishning huquqiy asoslarini takomillashtirish hisoblanadi. 

Tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar vakillari, ekspertlar, mutaxassislar hamda jurnalistlar qatnashgan tadbirda masala atroflicha tahlil qilindi. 

Tadbirda deputatlar tomonidan “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi bo‘yicha hududlardagi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda o‘tkazilgan nazorat-tahlillar hamda saylovchilar bilan joylardagi uchrashuvlarda energiya resurslari iste'moli samaradorligini monitoring qilishning ta'sirchan tizimi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, muassasalar va tashkilotlarda zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xizmatlarning mavjud emasligi, axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish ishlarining sustligi, energiya resurslari xarajatlarini maqbullashtirish imkonini bermayotganini ko‘rsatayotgani qayd etildi. 

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini ta'minlash maqsadida olib borilgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha 2018-yil noyabr oyida Iqtisodiyot vaziriga «O‘zbekistonda energiya resurslaridan samarali foydalanish va energiya tejovchi innovasion texnologiyalarni qo‘llash istiqbollari to‘g‘risida»gi masala yuzasidan parlament so‘rovi yuborilgan edi. 

O‘tkazilgan tadbirlar va o‘rganishlar yakuniga ko‘ra, sohani tartibga soluvchi amaldagi qonunni takomillashtirish zarurati mavjudligini ko‘rsatdi. Shu bois mazkur qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga doir qator qarorlarida belgilangan huquqiy normalar bilan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya sarfi hajmini keskin kamaytirish borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali foydalanishni ta'minlash ko‘zda tutilgan. 

Qonun loyihasida Vazirlar Mahkamasi va Energetika vazirligining vakolatlari aniq belgilab berildi. 

Jumladan, ko‘p kvartirali uylarda energiya samaradorligi toifalarini aniqlash qoidalarini belgilash, qo‘shimcha energiya samaradorligi ko‘rsatkichlari bo‘lishi shart tovarlar, ishlar, xizmatlar tarkibini belgilash, energiya samaradorligi past bo‘lgan mahsulotlarni mamlakatda ishlab chiqarilishini yoki importini cheklash, davlat organlari va tashkilotlariga energiya resurslarini iqtisod qilish, undan oqilona foydalanish hamda energiya samaradorligini oshirish yuzasidan qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘yicha davlat nazorati tartibini belgilash kabi qo‘shimcha normalar kiritilmoqda.

E'tiborli jihati, qonun loyihasini tayyorlashda dunyoning rivojlangan davlatlari tajribasi, ularning normativ-huquqiy hujjatlari qiyosiy o‘rganildi. Xususan, AQShda energiya tejash va energiyadan samarali foydalanish bo‘yicha byudjet sohasida 2007-2017-yillarga mo‘ljallangan 10 yillik dasturi ishlab amalga oshirilgan. Bunda energiya tejash va energiyadan samarali foydalanish bo‘yicha asosiy funksiyalar hududiy va federal hukumat zimmasiga yuklatilgan holda, ularning energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha sanoat korxonalari bilan ixtiyoriy bitimlar tuzish, uni hamkorlikda moliyalashtirish tajribasi keng qo‘llanilmoqda. Shuningdek, qonun loyihasida Buyuk Britaniya, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Ukraina, Rossiya va Qozog‘iston davlatlaridagi energiya tejash va energiyadan samarali foydalanish, energiya sarfini me'yorlashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli talablar ishlab chiqish tajribasi, ularning ijrosi bo‘yicha javobgarlik masalalari e'tiborga olindi. 

Davra suhbatida qayd etilganidek, loyiha bilan amaldagi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni va yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlarini, xususan, davlatimizning xalqaro imijini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining raqobatbardoshligini ta'minlash, biznesda barqaror foydaga erishish imkoniyatini yaratish, byudjetga tushumlarni ko‘paytirish hamda xalqimizning real daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. 

Tadbir yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.