Endi Nukusda operachilar tayyorlanadi

  • 11:30 / 14.01.2020
  • 222

Vazirlar Mahkamasining “Opera san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasida 100 o‘rinli opera san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internati quriladi. Bu haqida O‘zA xabar berdi.

Hujjatga asosan, Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining:

• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida opera san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etish;

• maktab-internat uchun bino va inshootlarni, shu jumladan, 100 o‘rinli 2 ta o‘quv binosi, 50 o‘rinli yotoqxona va oshxona binosini qurish bo‘yicha taklifi ma’qullanadi. 

Quyidagilar maktab-internatning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

• o‘quvchilarni opera ijrochiligi yo‘nalishida o‘qitishning zamonaviy ilg‘or pedagogik usullaridan keng foydalanish, o‘quv jarayoniga yangi axborot-pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish;

• o‘quvchilarning yuqori darajada sifatli bilimlar olishini ta’minlaydigan davlat talablari doirasida ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturlarini amalga oshirish;

• opera san’ati bo‘yicha bilim va tushunchalar, tarixiy va milliy an’analarni puxta egallagan yosh kadrlarni tayyorlash;

• ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va san’at sohasida ilm-fan bo‘yicha erishilgan ilg‘or yutuqlarni tatbiq etish.

Belgilanishicha, maktab-internat Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi hisoblanadi, Moliya vazirligi g‘aznachilik bo‘linmasida shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga, O‘zbekiston Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtampga, blankalarga ega bo‘ladi;

• 2021-2022-o‘quv yilida maktab-internatning 8 va 9-sinflariga, 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab esa – 8-sinfiga 25 nafardan o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadi.

• Madaniyat vaziriga maktab-internatning moddiy-texnika bazasi, pedagog kadrlarning salohiyati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.