Erdo‘g‘an: Turkiya Suriyada amaliyot o‘tkazishga haqli 

  • 09:34 / 10.10.2019
  • 369

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqara qo‘shni Suriyada 1998-yil Adanda ikki davlat hukumatlari tomonidan imzolangan kelishuvga binoan “Tinchlik manbai” transchegaraviy amaliyotini o‘tkazishga huquqi borligini ma'lum qildi.  

“Suriya ustidagi havo hududining qo‘llanishiga kelsak, u AQShga tegishli emas. Bu xalqaro hudud, bu Suriya havo hududi. U AQShga tegishli emas ekan, uning qo‘llanishi masalasi tuzum [Suriya prezidenti Bashar Asad tuzumi] tomonidan hal qilinadi. Ular [AQSh] u yerda [Suriyada] tuzum taklifi bilan qolmayaptilar. Biz esa Adandagi kelishuv doirasida harakat qilmoqdamiz. Bu kelishuvga ko‘ra, tuzum Kurdiston ishchi partiyasiga qarshi chora ko‘rmasa, unda harbiylarimiz terrorchilarni Suriya hududida ta'qib qilishga haqli”, deb ma'lum qilgan Erdo‘g‘an Yeni Safak nashriga bergan intervyusida. 

Turkiya va Suriya o‘rtasidagi munosabatlar 1980-1990-yillarda Anqara Damashqni Kurdiston ishchi partiyasini (KIP) qo‘llab-quvvatlashda ayblagani sababli juda tarang bo‘lgan. 1998-yil oktabrda ikki davlat o‘rtasida inqiroz yuzaga kelgach, Turkiya Suriyaga KIPni qo‘llab-quvvatlashdan to‘liq voz kechish uchun 45 kunlik muhlat bergan. Shu yili Suriya hukumati mamlakatdan KIP yetakchisi Abdulloh Ojalanni chiqarib yuborgan va shundan keyin ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda iliqlik o‘rnatilgan. 1998-yil 20-oktabrda ikki davlat ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlarining muzokaralari Adanda qo‘shma bayonnoma va xavfsizlik masalalari bo‘yicha kelishuvning imzolanishi bilan yakunlangan.       

Erdo‘g‘an o‘z intervyusida, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampning Anqara Suriya shimolida kurdlarga qarshi amaliyot boshlasa, AQSh “Turkiya iqtisodiyotini barbod qilishga tayyorligi” haqidagi gaplariga izoh berib o‘tdi. 

“Men bu so‘zlarni muayyan doiralarda taranglikni bartaraf etish uchun gapirilgan deb qabul qilaman. Ayni vaqtda Turkiya amaliyot o‘tkazayotgan hududlardan qo‘shinlarning olib chiqilayotgani AQShning asl maqsadini ko‘rsatadi. Ular Turkiyaga qarshi bormasliklarini aytishgan”, deb takidlab o‘tgan Turkiya prezidenti.  

Teglar