Eron chegarachilari tomonidan daryoga uloqtirilgan afg‘onlar bo‘yicha surishtiruv boshlandi

  • 10:45 / 04.05.2020
  • 327

Afg‘onistonda Eron chegarachilari tomonidan qiynoqqa solingan va daryoga tashlangan afg‘on muhojirlarining cho‘kib ketganligi haqidagi xabarlarni tekshirish ishlari boshlandi, deb xabar bermoqda BBC.
 
Mahalliy matbuotga ko‘ra, muhojirlar juma, 1-may kuni G‘arbiy Hirot viloyati chegarasidan Eronga noqonuniy ravishda kirmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan.
 
Muhojirlar chegaradagi harbiylar tomonidan kaltaklangan va daryoga sakrashga majbur qilingan, ularning ba’zilari vafot etgan. 

Eron Tashqi ishlar vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, voqea Eronda emas, Afg‘oniston hududida bo‘lgan va Eron xavfsizlik xodimlari bu voqeaga aloqador emas.
 
Hodisada ishtirok etganlar soni tasdiqlanmagan, ammo taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘nlab muhojirlar chegarani kesib o‘tgan, kamida yetti kishi bedarak yo‘qolgan.
 
Ayni paytda daryodan muhojirlarning jasadlarini olib chiqish uchun qidiruv guruhi ish olib bormoqda.