Erta qarishga sabab boʻluvchi 5 odat

  • 09:54 / 17.09.2021
  • 299

Goʻzallik ukollari, jarrohlik amaliyotlari, bir necha hafta ichida vazn tashlashga yordam beradigan parhezlar – ayollar yoshlari ulgʻayib borgani sayin muammoni tezkor va keskin usullar yordamida hal qilish oson emasligini tushunishadi. Mutaxassislar qarish jarayonining oldini olishda faqatgina tabiiy usullar samara bera olishini taʼkidlaydilar. Aslini olganda, goʻzallik va yoshlikni saqlab qolish qiyin ish emas, buning uchun kundalik odatlarning ayrimlaridan voz kechsangiz kifoya.

1. Keragidan koʻp vaqtni oʻtirgan holatda oʻtkazasiz

Gipodinamiya – insoniyatni halokatga yetaklaydigan tushuncha. Biz ish vaqtida ham, ish yoki oʻqishga ketib borayotgan vaqtda ham, dam olayotgan vaqtimizda ham vaqtimizning aksariyat qismini oʻtirgan holatda oʻtkazamiz. Agar erta qarishni istamasangiz, bu odatdan xalos boʻlish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Kasbiy faoliyatingiz oʻtirib ishlashni talab qilsa, har soatda kichik tanaffus qilishga odatlaning. Kunni badantarbiya bilan boshlang, sport bilan shugʻullanishga harakat qiling.

2. Qomat va ortiqcha vazn masalasiga nisbatan befarqsiz

Toʻlachadan kelgan odamlar qad-qomati meʼyoriy koʻrinishda boʻlgan tengdoshlariga nisbatan kattaroq koʻrinishlari rost. Blogerlar oʻzingizni boringizcha qabul qilish va sevishni targʻib qilayotgan boʻlsalar ham yosh koʻrinishni istasangiz, ortiqcha vazndan xalos boʻlishga harakat qiling.

3. Haddan tashqari kam uxlaysiz

Uyqu odam organizmini yangi kunga tayyorlaydi, hujayralarning qayta tiklanishiga yordam beradi, tanani kuch-quvvatga toʻyintiradi. Organizm hordiq chiqarishi uchun kuniga 7-8 soat uhlashingiz shart. Uhlashga imkon qadar ertaroq yotishga harakat qiling, uyqu oldidan gadjetlardan foydalanmang.

4. Doimiy stress holatida yurasiz

Surunkali stress hujayralarning qayta tiklanishiga yoʻl qoʻymaydi, organizmni toliqtirib qoʻyishga sabab boʻladi. Stress odatda ishlarni rejalashtira bilmaslik va zimmangizga yuklatilgan vazifalarni ortga surishdan kelib chiqadi. Shu sababli har bir ishingizni rejalashtirgan holatda bajarish va oʻz vaqtida dam olishga odatlaning.

5. Ovqatlanishingizda tartib yoʻq

Taomlanish tartibi – bizning qanday koʻrinishimiz va oʻzimizni qanday his qilishimizni taʼminlab beradi. Organizm siz isteʼmol qilayotgan mahsulotlardan oʻzi uchun kerakli moddalar va vitaminlarni olsagina, salomatlik bilan bogʻliq muammolar sizni bezovta qilavermaydi. Oʻzingizni hamisha yosh va tetik his qilasiz, koʻplab kasalliklarning oldini olgan boʻlasiz.