Erta turish uchun 10 sabab va buni amalga oshirishning yo‘llari

  • 07:18 / 22.02.2017
  • 20911

"Erta uyquga yotib, erta uyg‘onish insonni sog‘lom, badavlat va dono qiladi". Ben Franklin

Erta turishning ustunliklari juda ko‘p. BusinessInsider Zen Habitsning shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Agar sizning kun tartibingiz "boyo‘g‘li" rejimi (tunda faol, kunduzi nofaol)ga to‘g‘ri kelsa, bu yaxshi. Unda o‘zgartirishga hojat yo‘q. Biroq "boyo‘g‘li" rejimidan "so‘fito‘rg‘ay" rejimi (kunduzi faol, tunda nofaol)ga o‘tishga qaror qilgan bo‘lsangiz, quyidagi tavsiyalar sizga yordam beradi deb umid qilamiz.

 

1. Kunni shukronalik bilan qarshi ol

Men ertalab uyg‘onib, yangi kunni qarshilashni yaxshi ko‘raman. Tongda turib, barchasi uchun shukronalik keltirishni odat qiling. O‘zingizga o‘zingiz "Uyqudan uyg‘onganimdan baxtiyorman, men tirikman, menga qimmatli hayot in'om etildi va men uni bekorga sarflamoqchi emasman. Men bor kuchimni o‘zimni rivojlantirish, boshqalarga nisbatan ko‘ngilni keng qilish, boshqalarga nisbatan ijobiy fikrlashga sarflayman. Men jahl qilib, boshqalar haqida salbiy fikrlamoqchi emasman. Imkon qadar boshqalarga foyda keltirishga harakat qilaman", - deb ayting.

 

2. Ajoyib start

Men o‘z kunimni odatda kech uyg‘onib, shosha-pisha tayyorgarlik ko‘rib, bolalarni maktabga tashlab, ishga kech qolishdan boshlardim. Kunning bunday boshlanishi yaxshi emas, albatta.

Endi esa mening ertalabki odatlarim o‘zgardi, hozir men soat 8:00gacha ancha narsaga ulguraman, farzandlarim va men erta uyg‘onamiz. Tajribam shuni ko‘rsatadiki, kunni erta turishdan boshlashdan yaxshisi yo‘q.

 

3. Sokinlik

Tong shu qadar sokinki, unda na qichqirayotgan bolalar, na futbol to‘plari, na mashinalar va na televizor shovqini bo‘lmaydi. Bu mening kun davomidagi eng sevimli lahzalarim. Men o‘zim uchun ajratilgan, tinchgina o‘ylashim, o‘qishim va nafas olishim mumkin bo‘lgan vaqtdan zavq olaman.

 

4. Quyosh chiqishi

Uyqudan kech uyg‘onadiganlar tabiatning eng ajib go‘zalliklaridan biri - quyoshning chiqishini ko‘ra olishmaydi. Men kunning asta-sekinlik bilan yorishib borayotgani, tabiat turfa ranglarga kirayotganini kuzatishni yaxshi ko‘raman.

Men ertalabki yugurish mashqlarini aynan shu vaqtda bajaraman. Osmonga qarab "Qanday ajoyib kun!" deyman. Aslida ham shunday.

 

5. Nonushta

Erta tongda uyg‘onsangiz, nonushta qilishga bemalol vaqt topa olasiz. Mening firkimcha, bu kun davomidagi eng muhim taomlanish vaqtlaridan biri. Nonushtasiz tushlikkacha samarali ishlash qiyin, keyin esa och qoringa yog‘liroq yoki shirinroq narsa yeb qo‘yishingiz mumkin.

Nonushta o‘z vaqtida qilinsa, kechga qadar o‘zingizni tetik his qilasiz. Bundan tashqari, ertalab kitob mutolaa qilib nonushta qilish, xotirjam qahva ichish - ishga ketayotib yoki ish joyida shosha-pisha biror narsa yeb olgandan ko‘ra yoqimliroqdir. 

 

6. Jismoniy mashqlar

Jismoniy mashqlarni bajarish uchun tongdan boshqa paytlar ham bor, albatta, ishdan keyin mashq qilish ham juda yoqimli bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, ertalabki badantarbiya deyarli hech qachon kanda qilinmaydi.

 

7. Samaradorlik

Men uchun kunning birinchi yarmi samaraliroq. Ertalab hech qanday chalg‘ituvchi omillar yo‘qligida muhim narsalarni yozib olish mumkin, keyin esa elektron pochtamni ko‘zdan kechiraman.

Men o‘z vazifalarimni kunning birinchi qismida boshlab, ko‘p ishlarni bajarishga ulguraman. Shunda kechqurun oilamga vaqt ajratishga bemalol ulguraman.

 

8. Maqsadli vaqt

Maqsad bormi? Uni amalga oshirish kerak. Ishlarni ko‘rib chiqish, rejalashtirish va bajarish uchun kunning birinchi qismidan yaxshi vaqt yo‘q. Siz bu haftada amalga oshirishingiz lozim bo‘lgan bir maqsadga ega bo‘lishingiz kerak.

Har kuni ertalab maqsadingiz sari olib boruvchi biror ishni amalga oshirishingiz kerak. Bu ertalab bajargan birinchi ishingiz bo‘lishi maqsadga muvofiq.

 

9. Qatnov

Hech kim ertalabki tig‘iz vaqtda harakatlanishni yoqtirmaydi. Ishga ertaroq qatnashga odatlaning, shunda ishga yetib olishingiz ham yengillashadi. O‘zingiz ham vaqtingizni tejab, ishlaringizni tezroq bajarishning uddasidan chiqasiz. Velosipedda qatnasangiz yoki uydan ishlasangiz, undan-da yaxshi.

 

10. Uchrashuvlar

Erta tursangiz, ertalabki uchrashuvlaringizni o‘z vaqtida tugallaysiz. Shu bilan birga ularga tayyorlanishga ham ulgurasiz.

"So‘fito‘rg‘ay" rejimiga o‘tish

Keskin o‘zgarish qilmang. Rejimni asta-sekinlik bilan o‘zgartiring, odatdagidan 15-30 daqiqa ertaroq uyg‘oning. Bir necha kun ichida bunga ko‘niking. Shundan keyin yana 15-30 daqiqaga qisqartiring. O‘zingiz maqsad qilgan vaqtga yetgunga qadar shunday qilishda davom eting.

Ertaroq uxlashga yoting. Qo‘ng‘iroqli soatingizni karavotdan uzoqroqqa qo‘ying. Shunda uni o‘chirish uchun o‘rningizdan turishingizga to‘g‘ri keladi.

Qo‘ng‘iroqni o‘chirdingizmi, darhol yotoqxonadan chiqing, o‘ringa qayta yota ko‘rmang. O‘zingizni xonadan chiqishga majbur qiling. Vannaxonaga kirib yuvining va yangi kunni qarshi oling.

Asosli sabab toping. Ertalab muhim bir ish bajarishni o‘zingizga odat qiling. Bunday odat sizga o‘rningizdan turishga turtki beradi.

O‘zingizni mukofotlang. Qaynoq qahva yoki choy ichish, kitob mutolaa qilish, quyosh chiqishini kuzatish, badantarbiya bilan shug‘ullanish va boshqalar. Bu sizning tongingiz yoqimli boshlanishiga sabab bo‘la oladi.

Teglar