Eshitmaslikni (karlikni) davolashning usuli topildi

  • 12:05 / 22.02.2020
  • 1016

Butunjahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, hozirda butun dunyoda 466 million kishi eshitish qobiliyatini yo‘qotgan, ulardan 34 millioni bolalar hisoblanadi. Olimlarning taxminlariga ishonadigan bo‘lsak, agar shaharlarda shovqinlar shu tarajada oshib boraversa, bu raqam 2050-yilga kelib 900 millionga yetar ekan. Biroq, bu xavfni eshitish qobiliyatini tiklashning samarali texnologiyasini yaratish orqali bartaraf qilish mumkin. Ammo, bunday texnologiya hozirgacha yo‘q edi. Chunki, ilgarilari eshitish hujayralari qayta tiklanmaydi, deb hisoblanardi. Garvard tibbiyot maktabi tadqiqotchilari esa bu qiyin masalaning yechimini topishdi.
  
Eshitish qobiliyatining tiklashdagi asosiy masala haqiqatan ham sut emizuvchilar va odamlardagi tolali hujayralarning bo‘linmasligi bilan bog‘liq. Organizmdagi bu hujayralar ovoz tebranishlarini qabul qilib, miyaga elektr signallarini yuboradi. Afsuski, irsiyat va baland ovozlar tufayli bu hujayralar oson yemiriladi va odamning karligiga sabab bo‘ladi. Qarilik haqida ham unutmaslik kerak – yosh ulg‘aygani sari ham tolali hujayralar yo‘qolib boradi.

Eshitishni qanday qilib tiklash mumkin?
Hozirgacha olimlar bu masalani hal etishda turli eshitish apparatlarini, lab qimirlashi orqali o‘qiydigan moslamalarni yaratishgan, xolos. Ayrim tadqiqotchilar hujayralarni bo‘linishga majbur qilish orqali eshitishni tiklashga erishishgan, ammo bu ishlab chiqilgan uslub faqat yangi tug‘ilgan sichqonchalardagina ish bergan, xolos. Kattalarda hech qanaqa natija kuzatilmagan.

Nature Communications ilmiy jurnalining ma’lumotiga ko‘ra, AQShning Massachusets shtati olimlari voyaga yetgan sichqonlarning tolali hujayralari bo‘linishiga olib keluvchi texnologiyani yo‘lga qo‘yishgan. Professor Chjen-I Chen boshliq olimlar guruhi 6-7 haftalik sichqonlardagi ikkita muayyan genni faollashtirishgan. Agar sichqonlarning 2-3 yil umr ko‘rishini hisobga oladigan bo‘lsak, tanlab olingan sichqonlar voyaga yetgan va tadqiqot uchun to‘g‘ri keladi.   

Birinchi faollashtirilgan gen Mus deb ataladi va hujayralarning ko‘payishiga javob beradi. Ikkinchi faollashtirilgan gen NOTCH1 bo‘lib, u hujayralarning o‘zaro ta’sirini boshqaradi. Bu ikki genning faollashuvi voyaga yetgan sichqonlardagi eshitish hujayralarining bo‘linishiga olib kelgan va miyaning eshitishga mas’ul bo‘lgan qismi bilan mustahkam aloqa bog‘lay olgan.

Tadqiqotchilar o‘zlarining amalga oshirishgan ilmiy ishlari shu paytgacha kar odamlarning eshitishini tiklashga xalaqit berayotgan asosiy muammoni bartaraf etishiga ishonishmoqda. Bu texnologiya qachon odamlarga qo‘llanila boshlaydi, hozircha noma’lum. Olimlar bu yangi texnologiyani dastlab cho‘chqalarda sinab ko‘rishmoqchi. 

Teglar