Farzandingizning internetdagi xavfsizligi uchun 10 ta maslahat

  • 13:04 / 11.09.2019
  • 335

Ota-onalarga, ko‘pincha “bolangiz internetda nima qilayotganini tekshiring”, deb maslahat berishadi. Biroq buning uchun aynan nima qilish kerak? Quyida farzandining internetdagi xavfsizligini ta’minlashni istagan ota-onalar uchun 10 ta maslahat keltirilgan.

1.  Suhbatlashing

Bolalar va o‘smirlar bilan boshqa har qanday ijtimoiy muammolar singari kiberxavfsizlikning muhimligi haqida tez-tez gaplashib turing. Farzandlaringizni tinglang va ulardan eshitayotganlaringiz sizga doim ham yoqmasligi mumkinligiga o‘zingizni tayyorlang. Aynan sizning bu holatga munosabatingiz bolangiz keyinchalik ham siz bilan o‘z muammolarini bo‘lishadimi-yo‘qmi – belgilab beradi. Bolaning hamma gapini ma’qullash shart emas, u shunchaki o‘z gaplarini xotirjam ayta olishini his qilishi kerak.

2.  Ochiqchasiga harakatlaning

Siz istalgan payt nima qilayotganini kuzata olishingiz uchun bola iloji boricha umumiy xonada o‘tirsin: internet bola uchun dunyoga chiqish imkonini beradi, ammo shu bilan birga dunyo ham farzandingiz olamiga kirib borishiga yo‘l ochiladi. Begona odam bolalar xonasiga kirishiga ruxsat bermagan bo‘lardingiz, to‘g‘rimi? Demak, farzandingiz hali kichik bo‘lsa, internetdan yashirincha foydalanishiga yo‘l qo‘ymang. U yaqinlashish xavfli bo‘lgan narsalarni o‘rganishga kirishishi mumkin.

3.  Begonalarning qanday xavfi borligini tushuntiring

Bolalarga ularning istaklari bilan umuman qiziqmaydigan yovuz niyatli odamlar ancha ekanligini tushuntirishdan charchamang. Birinchi sinf o‘quvchilari va o‘smirlar, ko‘pincha buni tushunmaydilar. Ularni yovuz niyatdagilar kuzatishi, aldashga urinishi haqida gapirasiz, ammo buni ham tushunishmaydi. Afsuski, bola uning rasmini pedofil yoki stalker (ma’lum bir odamni ta’qib qiluvchi) emas, siz yoki o‘qituvchisi ko‘rishidan ko‘proq qo‘rqadi. 

4.  Internetdagi “soqchi” haqida ayting

Ko‘pchilik o‘smirlar uchun tarmoqdagi do‘stlari va kuzatuvchilari ichida ota-onasining borligi ma’qul keladi. Ammo yoshi kattalashgani sayin bu holat ularga yoqmaslikni boshlaydi. Ular sizdan yashirincha boshqa akkaunt ochishi mumkin. Farzandingizga boshqa bir yoshi katta odam, masalan, akasi, opasi, amakivachchasi yoki do‘sti uning internetdagi ”soqchi”si bo‘lishini taklif qiling.

5.  Ijtimoiy tarmoqlarni o‘rganing 

Farzandingiz qaysi ijtimoiy tarmoqlarda borligini aniqlang va bu tarmoqlarni o‘rganing. O‘zingiz ham ulardan foydalaning. Bu bilan ushbu tarmoqlar yaxshilik yo‘lida xizmat qiladimi yoki yovuz niyatdami, bilib olishingiz mumkin. Qo‘rqmang, buning hech qanday qiyin joyi yo‘q.

6. Xavfsizlik sozlamasini yoqing

Bolangiz bilan birga raqamli izlar va xavfsizlik sozlamalarini tekshiring: undan Google qidiruv qatoriga ismi va familyasini kiritishni so‘rang (o‘zingiznikini ham).  Turli ijtimoiy tarmoqlarda konfidensiallik qanday ishlashini tushuntiring.  Agar o‘zlari tushuntirib bera olsa, demak, buni yaxshi bilishadi va qanday foydalanishni bilishadi.

7.  Kontentni kuzating

Bolalaringiz tarmoqqa joylayotgan narsalar haqida gaplashing. Unga internet ishonchsiz joy ekanligini, oxirgi paytlarda hech kim hech narsaga kafolat berolmasligini, akkauntni buzib, konfidensiallik sozlamalariga qaramasdan fotosuratlarni o‘g‘irlashlari mumkinligini tushuntiring. Hatto saqlanmagan suratlar ham buzib kirish mumkin bo‘lgan “bulutli xotira”(“Cloud”)da saqlanadi. 

8. Geolokatsiyani o‘chirib qo‘ying

Farzandingizdan barcha saytlardagi geolokatsiyani o‘chirib qo‘yishini so‘rang. Agar u yoqilgan bo‘lsa, foydalanuvchini kuzatish juda oson bo‘lib qoladi. 

9.  Shaxsan nazorat qiling

“Ota-ona nazorati” dasturlariga unchalik ham ishonmang.  Bolalar tarmoqdagi bloklarni chetlab o‘tishni oson o‘zlashtirib olishadi. Yopiq eshikli internetdan ko‘ra bola bilan o‘zaro ishonch muhitidagi muloqot afzal. Bu ancha qiyinroq, ammo samaraliroq.

10.  Brauzerdagi tarixni ko‘ring

Agar zarur bo‘lsa, bola qaysi saytlarga kirgani tarixini ko‘rib chiqing. Admin sifatida kirish imkonini oling. Bu orqali tarixni ko‘rishingiz, saytlarni bloklashingiz va filtrlashingiz, xavfsizlik sozlamalarini yaxshilashingiz mumkin. Unutmang, bular haqida bolaga aytish ham muhim – siz va farzandingiz o‘rtasida ishonch yo‘qolmasligi uchun, albatta. 

Va nihoyat, farzandingiz internetdan foydalanishda o‘zini namunali tutsa, uni maqtab qo‘ying. Bu boradagi maqtov juda muhim. Chunki aynan bolalarning tarmoqdagi xulq-atvori eng ko‘p tanqid qilinadi.