Ferrero - kichik qandolatchilik korxonasidan butun jahon tan olgan brendgacha

  • 13:02 / 08.02.2017
  • 9755

Ferrerolar oilasi nazorati ostidagi Italiyaning Ferrero kompaniyasi o‘zining bir qator shirinliklari bilan mashhur. Kinder Surprise, Nutella, Fererro Rocher shular jumlasidandir. Kompaniya shuningdek o‘z shirinliklari tarkibini sir tutishi, xodimlariga g‘amxo‘rligi hamda ijtimoiy tashabbuslari bilan ham tanilgan. vc.ru mazkur kompaniya haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Bugungi kunda Ferrero kompaniyasini Italiyadagi eng yirik kompaniyalardan biri deyish mumkin. Nutella va Raffaello kabi sevimli shirinliklar ishlab chiqaruvchisi dunyoning 50 mamlakatida faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, kompaniya bir necha marotaba ishlash uchun qulay shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan korxona sifatida tan olingan. Hozirgi muvaffaqiyatiga erishish uchun kompaniya kichik qandolatchilik korxonasidan to butun dunyoga mashhur brendgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. Ferrero'ning rivojlanish tarixi ushbu kompaniya egalari bo‘lgan Ferrerolar oilasi bilan uzviy bog‘liq.

Ferrero'ning yaratilishi. Gianduja'dan Nutella'gacha

Kompaniya asoschisi qandolatchi Petro Ferrero bo‘lgan. U 1898 yilda novvoylar oilasida dunyoga kelgan. Uning erta tarjimai holiga taalluqli boshqa faktlar yo‘q. Versiyalardan biriga ko‘ra, u 1942 yilda shirinliklar do‘konini ochgan. Boshqa bir versiyaga ko‘ra, unga Italiyaning Alba shaharchasida kichik qandolatxona meros qilingan.

Urushdan keyingi davrda Italiyada qandolatchilarning ishlashi oson bo‘lmagan - kakao importi qat'iy tartibga solingan. Ferrero uning o‘rnini bosuvchi vositani topdi va Gianduja yoki Giandujot shirinligini yaratdi. Undagi kakao miqdori shunchaki tashqi ko‘rinishi uchun edi, asosiy masalliqlardan biri esa funduk bo‘ldi. Gianduja'ning turi ko‘p, eng mashhurlaridan birining tarkibi funduk, asal va kakao yog‘idan iborat.

Ushbu mahsulot Janduya ismli karnaval qahramoni sharafiga nomlangan. Ferrero bu shirinlik retseptiga muayyan o‘zgarishlar kiritgan. Shirinlik yaxshi sotilgan va mintaqadagi eng mashhur shirinlikka aylangan. Oilaviy biznes muvaffaqiyat qozona boshlagan, biroq ko‘lam jihatidan u qadar kengaymagan.

Kutilmagan tasodif barchasini o‘zgartirib yubordi. Alba meriyasi Ferreroga Gianduja shirinligiga yirik buyurtma beradi. Qandolatchi ularni tayyorlab, yerto‘laga joylaydi. Afsuski, ob-havo haddan tashqari issiqligi sabab Ferrerolarning mehnat mahsuli erib ketadi.

Bu ketishda katta moliyaviy yo‘qotishga uchrashi mumkinligini o‘ylagan Petro o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va hosil bo‘lgan pastadan o‘ziga xos shokoladli buterbrodlarni yaratdi. Boz ustiga pasta ishlab chiqishga kamroq xomashyo sarflanardi. Shu tariqa Ferrero o‘zi kutganidan-da ko‘p pul ishlab oldi. Keyinchalik Nutella nomini olgan yangi mahsulot ana shunday "dunyoga kelgan".

Ushbu yangi ixtiro Ferreroning oilaviy biznesiga muvaffaqiyat keltirdi va oila o‘z biznesini kengaytirishga qaror qildi. 1946 yilda birinchi fabrika ochildi. Oilaviy kompaniyada Petrodan tashqari uning ukasi Jovanni, turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li Mikele faoliyat olib borgan. Pera qandolatchilik tarmog‘ini takomillashtirish bilan shug‘ullandi. Mikele esa yangi shirinliklarni ixtiro qilishda otasiga ko‘maklashardi. Petro o‘z biznesini uzoq boshqarmadi - 1949 yilda u hayotdan ko‘z yumdi. Oilaviy biznes uning ayoli, ukasi va o‘g‘li tomonidan davom ettirildi.

Mikele Ferrero kompaniyaning kelgusidagi muvaffaqiyatiga katta ta'sir ko‘rsatdi. U ham otasi kabi ajoyib qandolatchi bo‘lgan, u kompaniyaning mashhur shirinliklarining katta qismini yaratgan hamda Italiyaning eng badavlat kishisiga aylangan. Mikele oilaviy biznesga 1957 yildan rahbarlik qilgan.

Unga qadar kompaniyani Pera va Jovanni boshqargan, ular asosiy e'tiborni Gianduja pastasiga qaratishgan. 1951 yilda bu pasta nomi Supercrema'ga o‘zgargan, u shisha bankalarda sotilgan. Pera Ferrero Ferrero kompaniyasi o‘z mahsulotlari sotuvlarini yo‘lga qo‘ygan joylarda yoqimli muhit yaratishga katta e'tibor qaratgan va bu so‘zsiz xaridorlarni o‘ziga jalb qilgan.

Mikele mahsulotlar safini kengaytirish haqida ko‘p o‘ylagan. Bu borada uning bir necha g‘oyalari ham bor edi va ular asosan "Valeriya" auditoriyasi (u italiyalik uy bekalarini shunday atagan)ga mo‘ljallangan edi. 1956 yilda Mikele Mon Chéri - konfetlar turkumini ishlab chiqqan va taqdim etgan. Mon Chéri - usti shokolad bilan qoplangan, ichida esa likyor va olcha joylangan konfet. Buning yana bir versiyasi bor - unga ko‘ra, Mon Chéri konfetlarini Jovanni Ferrero ishlab chiqqan. Mikele esa kompaniya boshqaruviga o‘tganidan keyin ularni uy bekalariga targ‘ib qila boshlagan.

Yangi mahsulot avval Italiyada, keyin esa butun Yevropa bo‘ylab tezda mashhur bo‘lib ketdi. 1956 yilda Ferrerolar Germaniyada o‘zlarining ilk fabrikasini ochishgan. Korxona Franfurkt yaqinida bo‘lgan - Supercrema shu yerda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Undan keyin esa Germaniyada Mon Chéri sotuvlari yo‘lga qo‘yilgan.

Mikele Ferrero kompaniya boshida. Yangi mahsulot va xalqaro integratsiya

1957 yilda Jovanni Ferreroning o‘limidan keyin Mikele oilaviy ishning yagona boshqaruvchisiga aylanadi va ikki yo‘nalishda ishlashda davom etadi - original mahsulot yaratish va boshqa mamlakatlarga integratsiya qilish. O‘sha payt u 32 yoshda bo‘lgan, oilaviy biznes sohasida uning tajribasi katta bo‘lib, eng asosiysi, unga meros qolgan kompaniyani rivojlantirish istagi bo‘lgan.

Mikele o‘zini kadr tanlash bo‘yicha mutaxassis sifatida ham namoyon eta olgan. Uning eng asosiy yutuqlaridan biri kompaniyaga yosh qandolatchi Uilyam Salicheni ishga olgani bo‘ldi. U ma'lum bir vaqt o‘tgach Ferreroning tengsiz maslahatgo‘yi va yordamchisiga aylanadi va Ferrero'ni jahonga tanitishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan bir necha mahsulotning yaratilishida ishtirok etadi. Saliche o‘z xizmatlarini kamtar baholagan – u Ferreroni haqiqiy ixtirochi, o‘zini esa bor-yo‘g‘i ijrochi deb atagan.

1959 yilda Ferrero'ning Fransiyaga integratsiyasi boshlangan. Bu jarayonni soddalashtirish uchun Prevost et Grenier qandolatchilik kompaniyasi xarid qilingan. Fransiyada sotuvi yo‘lga qo‘yilgan ilk mahsulot Mon Chéri konfetlari bo‘lgan. Keyin esa mashhur Ferrero pastasining La Tartinoise nomini olgan versiyasi paydo bo‘lgan. Manbaga ko‘ra, u faqat nomi bilangina farq qilgan.

1963 yilda Ferrero kompaniyaning eng mashhur mahsuloti - Supercrema pastasini yanada takomillashtirishga kirishgan. Ferrero aynan nimani o‘zgartirgani haqida ma'lumot kam. Qanday bo‘lmasin, 1964 yilda kompaniya mijozlari Supercrema asosida yaratilgan yangi mahsulot - Nutella pastasini xarid qila boshlashadi.

Nutella pastasi ilk yaratilgan davridanoq hozirgi sifatga ega bo‘lgan. Ferrero hech qachon o‘z mahsuloti targ‘ibotiga pul ayamagan va shu bois Nutella'ni zamonamizning eng mashhur shirinliklaridan biriga aylanishiga sabab bo‘lgan. Ferrero mahsulotlari targ‘ibotida ajoyib iboralardan foydalangan - "Nutella'siz hayot qanday kechardi?" yoki "Nonga baxt surting" va b. Bundan tashqari brendning reklama kampaniyalari yodda qolardi.

Nutella — dunyoda eng ko‘p sotiluvchi pasta. Bugungi kunda kompaniya yiliga 365 ming tonnadan ziyod pasta ishlab chiqaradi. Shunday ma'lumotlar ham borki, har 2,5 soniyada bitta Nutella xarid qilinar ekan. 2007 yilning 5 fevrali Nutella kuni - xalqaro bayram sifatida nishonlana boshlandi.

60-yillar davomida Ferrero Yevropa mamlakatlari bozorlariga chiqishda davom etdi. Belgiya, Avstriya, Hollandiya, Shveytsariya, Shvetsiya va Daniyada kompaniya filiallari paydo bo‘ldi.

Ishbilarmon har bir mamlakatga alohida yondashuv kerakligini yaxshi tushungan va bu strategiyani hayotga tadbiq qila olgan. Turli mahsulot va reklamalar bozordan inobatga olgan holatda ishlanardi. Faqatgina Nutella’gina bundan mustasno edi - uni hamma joyda sevib iste'mol qilishardi. 1964 yilda uni hech qanday istisnolarsiz barcha bozorlarga chiqara boshlashdi.

60-yillar oxirida kompaniya safi yanada kengaydi. Gap ikki yangi mahsulot haqida ketmoqda - Kinder shokoladi va Tic Tac yalpizli konfetchalari. Kinder brendi 1968 yilda Ferrero'ning talabchan iste'molchilarga javobi sifatida ishlab chiqilgan - ota-onalar shokoladlarning bolalar sog‘lig‘iga ziyon yetkazishidan qo‘rqib, shirinliklar masalasida ancha talabchan bo‘lib qolishgandi. Ferrero buning ham yo‘lini topdi, u shokoladlarni yaxlit emas, kichik batonlar shaklida sota boshladi. Bu ota-onalarga farzandi yegan shokolad miqdorini nazorat qilish imkonini berardi. Yangi sutli shokolad barchaga xush yoqdi.

Tic Tac tarixi 1969 yilda boshlangan. Mahsulot nomi uning qopqog‘ini ochgandagi tovushlarni ifodalagan.

60-yillar oxirida Ferrero AQSh bozoriga e'tibor qaratgan. Nutella bilan Amerika bozoriga kirib borish oson bo‘lmagan, zero u yerda raqobat kuchli bo‘lgan. Tic Tac esa ayni muddao bo‘lgan. U shaffof plastik qutichalarda sotilgan va tezda tanilgan. 1969 yilda Ferrero Nyu-Yorkda o‘z filialini ochdi, keyinchalik esa Nyu-Jyersidagi korxona ham ishga tushirildi.

Tic Tac mahsuloti safi 70-yillar davomida kengaygan. U yangi ta'mlar bilan boyitilgan. Bunday kengaytmalar bo‘yoqlar bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqargan. 1976 yilda uzum ta'mli Tic Tac ishlab chiqarish tugatilgan (ziyon deb topilgan).

Kinder Surprise. Kompaniya faoliyatidagi o‘ziga xos jihatlar

70-yillar boshida Ferrero yana bir jahonga mashhur mahsulot - Kinder Surprise'ni ishlab chiqardi. Bu shirinlik tarixi boshqalari kabi Ferrero va Saliche hamkorligiga asoslangan.

Saliche shokoladli tuxumlar ichiga o‘yinchoqli plastik konteyner joylashni taklif qilgan.

Kinder Surprise'da sutli shokolad muhim element bo‘lgan. Biroq Ferrero o‘yinchoqlarga alohida e'tibor qaratdi va bu borada dizayner Henri Rotni ishga yolladi. Kinder Surprise'ning ilk o‘yinchoqlari temir chavandozlar va hindular bo‘lgan. 1974 yilda Kinder Surprise sotuvga chiqdi va mahsulotning birinchi partiyasi bir necha soatdayoq sotib bo‘lindi. Bu o‘yinchoqli shokoladlar bolalardan tashqari kolleksionerlarda ham qiziqish uyg‘ota boshlagan. Ba'zilar bunday xobbidan katta pul ham ishlashadi. Eng yirik kolleksiyalardan biri 90 000 o‘yinchoqni o‘zida jamlagan va 30 000 yevroga sotilgan.

1975 yilda Ferreroning yangi ishlanmasi namoyish etildi - Kinder Brioss shirinliklari. Ushbu mahsulot muvaffaqiyati kompaniya safini yanada kengaytirish imkonini bergan, shuningdek sut nachinkali Kinder Delice biskvitchalarining paydo bo‘lishiga olib kelgan. 1976 yilda Kinder Fetta al Latte va Kinder Pingui deb nomlangan sovutilgan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarila boshlandi. Ularning o‘ziga xosligi shundan iborat ediki, tarkibida konservantlarning yo‘qligi sabab albatta muzlatgichda saqlash shart bo‘lgan.

70-80-yillarda Ferrero yana yangi bozorlarga chiqqan - Argentina, Braziliya, Ekvador, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Hongkong, Tayvan. Bundan tashqari, Ferrero Italiyada ikkita yangi zavod qurdirgan.

1982 yil ichida butun yong‘oq solingan Ferrero Rocher shokoladlari yaratildi. Ferrero Rocher - Mikele o‘z familiyasini bergan birinchi shirinlik bo‘ldi.

Mikele Ferrero haqida gap ketganda uning ishchilar bilan munosabatlarini chetlab o‘tishning iloji yo‘q. Ferrero kompaniyasi yana shunisi bilan mashhurki, u uzoq yillik faoliyati davomida biror marta ishchilarning noroziligiga sabab bo‘lmagan. Mikele 1957 yildayoq o‘z xodimlariga maktub yo‘llab, ularning oila a'zolari yaxshi yashashlarini ta'minlash uchun hamma narsaga tayyorligini ta'kidlagan. Ferreroning so‘zlari uning xatti-harakatlari bilan tasdiqlangan.

Ishchilarga bo‘lgan munosabat ijobiy bo‘lishiga qaramay, Ferrero korxonalarida qat'iy tartib o‘rnatilgan.

Ferrero o‘z xodimlariga yaxshi ish sharoitlarini yaratgan, jumladan u xodimlari qarigan chog‘ida ham ularga g‘amxo‘rlik qilgan. Shu maqsadda 1983 yilda maxsus fond tashkil etilgan - Pietro, Piera And Giovanni Foundation. Uning maqsadi - kompaniyada to‘xtovsiz 25 yil ishlagan xodimlarga g‘amxo‘rlik qilish bo‘lgan. Fond ularni tibbiy va ijtimoiy yordam bilan ta'minlaydi, shuningdek ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, fond ko‘rgazmalar, kongresslar, konferensiya va seminarlarni tashkillashtirishda ham yaqindan ko‘mak bergan.

Oxirgi paytlarda degustatsiya holati biroz o‘zgardi. Mikele Ferreroning hayotlik chog‘ida kompaniyaning Lyuksemburgdagi shtab-kvartirasida chorshanba kuni ertalab top-menejment to‘planganiga oid xabar bor. Ularga degustatsiya uchun Ferrero’ning eski va yangi mahsulotlari bilan bir qatorda raqiblar mahsuloti ham  taqdim etilgan. Shundan so‘ng rahbariyat bu borada o‘zaro fikr almashgan va Ferreroning xulosalariga alohida qiziqish bildirgan.

Ferrero kompaniya faoliyatining barcha jihatlarini muntazam nazorat qilgan. U o‘z kompaniyasi sirlarini saqlashni bilgan va mahsulotlar retseptini jamoatchilikka oshkor qilmagan. Kompaniya fabrikalariga jurnalistlar qo‘yilmagan, ekskursiyaga ham ruxsat berilmagan.

Ferreroning o‘zi matbuot diqqat markazida bo‘lishni yoqtirmagan. Jurnalistlar Alba shahridagi Ferrero fabrikasida birinchi marta 2011 yilda bo‘lishgan, bu vaqtga kelib rahbariyat siyosati biroz o‘zgargandi. Mikele Ferrero o‘z mahsulotlarini Puliregia reklama kompaniyasi orqali targ‘ib qilgan.

Petro va Jovanni Ferrero kompaniya boshqaruvida

90-yillar boshi kompaniya tarixida Sharqiy Yevropa bozorlariga chiqish bilan muhrlandi. Manbalarning bir qismida ta'kidlanishicha, bu davrda Ferrero kompaniya boshqaruvini o‘g‘illari Petro va Jovanniga topshirgan, biroq aksariyat ma'lumotlar bu hodisaning 1997 yildagina ro‘y berganiga ishora qiladi. Bunga qadar Mikelening o‘zi kompaniyaga rahbarlik qilgan.

Aynan uning sharofati bilan 1990 yilda yana bir mashhur mahsulot – Raffaello yaratilgan. Bu 1990 yilda taqdim etilgan yagona shirinlik emas. Ferrero shu yili Kinder Bueno – sutli shokolad va yong‘oqli kremli vafli-tayoqchalarni bozorga chiqargan. 90-yillarda Tic Tac sotuvlari ham o‘sib, uning turlari ko‘paygan. Qolgan mahsulotlar bilan ham hech qanday muammolar bo‘lmagan.

Kompaniya mahsulotlari Sharqiy Yevropa bozorlarida iste'molchilar ishonchini qozonishga muvaffaq bo‘lgan. Bu davrda Ferrero mahsulotlari kirib kelgan mamlakatlardan Polsha, Vengriya, Chexiya va Rossiyani yodga olish mumkin. RF bozoriga kompaniya 1995 yilda kirib kelgan.

1995 yilda kompaniya sotuvlari 3 milliard dollarga yetdi, shundan 25 foizigina Italiyaga to‘g‘ri kelardi. O‘n yillik oxiriga borib  Shimoliy va Janubiy Amerikada sotuvlarni 1 milliard yevroga oshirish maqsad qilingan. Braziliyada biznesni taraqqiy ettirish uchun 100 million dollarlik yirik korxona ishga tushirilgan. Bundan tashqari, kompaniya dunyoning boshqa mamlakatlardagi faoliyatini ham ilg‘or yuritgan.

Shu yili kompaniya boshqaruvi ishbilarmonning o‘g‘illari – Petro va Jovanniga o‘tgan. Bir vaqtning o‘zida kompaniyaning Unilever’ga sotilishi haqidagi gaplar oralagan. Ish bitimgacha yetib bormagan va Ferrero oilaviy biznes sifatida rivojlanishda davom etgan. O‘n yillik oxiriga borib kompaniya 20ga yaqin brendni nazorat qilar edi. 2001 yilda sotuvlar 4,4 milliard yevroga yetgan.

2001 yilda Kinder Joy ishlab chiqarila boshlagan – bu Kinder Surprise’ning issiq o‘lkalarga mo‘ljallangan maxsus versiyasi hisoblanadi. 2000 yilda Estathé (choyli ichimliklar qatori) paydo bo‘ldi. Ularning eng o‘ziga xos jihati qulay plastik stakanlar va trubochkalarga joylanganligi bo‘lgan.

Mikele Ferrero biznesni tark etganidan keyin Monte-Karloga ko‘chib o‘tgan. U Monakoga dam olish uchun kelmagan. Ferrero’ning uch tadqiqot markazidan biri qirollikda joylashgandi va Mikele bu yerda o‘zining sevimli ishi bilan shug‘ullanishda davom etgan. U kompaniya boshqaruvidan ketganiga qaramay, o‘g‘illari usiz birorta ham muhim qaror qabul qilishmagan.

2000-yillarda Ferrero shaxsiy fabrikalari sonini oshiradi va jamoatchilikni ijtimoiy aksiyalar bilan xursand qila boshladi. Nochor mamlakatlardagi mashhur ijtimoiy dastur quyidagi tamoyil bo‘yicha ishlaydi – Ferrero u yerda zavodlar ochadi va aholini ish o‘rinlari bilan ta'minlaydi, so‘ng mintaqadan tushgan daromadning ma'lum bir qismini mahalliy ta'lim va tibbiyot dasturlariga safarbar etadi.

2000-yillar o‘rtasida Gran Soleil – limonli desert yaratildi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, u suyuq holatda sotiladi, xaridor esa uni chayqatib, muzlatishi kerak bo‘ladi. Natijada sovuqda saqlashga hojat bo‘lmagan muzqaymoq hosil bo‘ladi.

Hatto inqirozli 2008-2009 yillarda Ferrero kompaniyasining umumiy aylanmasi 6,3 milliardni tashkil qilgan. O‘sha yili Rossiyaning Vladimir viloyatida kompaniya fabrikasi qurila boshlagan. Unga 200 million yevro sarflangan, bu esa inqiroz davri uchun katta summa. Fabrika qurilishi 2010 yilda tugatilgan.

Ishbilarmonning ikki o‘g‘lidan dastlab Petro yetakchilik qildi. U otasidan farqli ravishda Ferrero boshqa kompaniyalarni qo‘lga kiritishga emas, organik rivojlanishga diqqatini qaratishi kerak, deb hisoblardi. Biroq oilaviy biznesni rivojlantirishning bunday usuli qarindoshlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Barcha qarorlar Mikele tomonidan nazorat qilinar edi, Petro esa bosh direktor lavozimini Jovanni bilan bo‘lishgan.

2011 yilda Petro ishchi safar bilan JARga boradi. U bu yerda velosipedda sayr qilish vaqtida yiqilib, halok bo‘ladi. Buning rasmiy sababi sifatida yurak xuruji keltirilgan. Shu tariqa kompaniya o‘z kelajagi bog‘lanayotgan insonni yo‘qotadi. Shundan keyin Jovanni Ferrero kompaniyaning to‘laqonli bosh direktoriga aylandi. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, u oilaviy biznesga kamroq vaqt ajratgan, uning o‘zi esa buni inkor etadi.

Kompaniya Jovanni boshqaruvi ostida bir necha muammolarga duch keladi. 2011 yilda Frankfurt sudi Ferrero’ga Nutella’ning qadoq qog‘ozini o‘zgartirish majburiyatini yukladi – ularning fikricha, bu nom mahsulot haqida yolg‘on tasavvur hosil qilardi.

Shu yilning o‘zida AQShda ham Nutella bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Kaliforniyada yashovchi Afina Hoyenberg pastaning foydali va to‘yimli mahsulot ekanligi haqidagi reklamasiga “uchib”, o‘z farzandini shu mahsulot bilan faol oziqlantirgan. Keyinroq u pasta tarkibiga e'tibor qaratgan va mahsulotni noto‘g‘ri qabul qilganini tushunib yetgan. Shundan so‘ng Hoyenberg Ferrero’ga qarshi jamoaviy da'vo ishi ochmoqchi bo‘lgan. Jamoatchilik ayolning reklamani shu qadar jiddiy qabul qilganidan hayratga tushganiga qaramay, kompaniya vaziyatdan chiqish borasida bosh qotirishiga to‘g‘ri kelgan. 2012 yilda Ferrero ayolga jarima sifatida 3 milliondan ortiq pul to‘lagan.

Yaxshi yangiliklar ham bo‘lgan. 2013 yilda AQSh hududida Kinder Surprise savdosiga ruxsat tegdi. Bunga qadar bir qator muammolar tufayli buning imkoni bo‘lmagandi. 1938 yilda qonun tomonidan oziq-ovqat mahsulotlariga iste'molga yaroqsiz mahsulotlarni joylash taqiqlangan. Bundan tashqari, Kinder Surprise CPSC talablariga javob bermagan. Tashkilot mahsulotdagi “3+” yoshga doir cheklovini qo‘llab-quvvatlamagan. CPSC standartlariga ko‘ra, bunday mahsulot barcha yoshdagi bolalar uchun xavfsiz bo‘lishi kerak.

Kinder Surprise barcha talablarga muvofiqlashtirilgunga qadar AQSh bozoriga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan. AQShda Kinder Surprise’ning ichida yig‘ma o‘yinchoqlar bo‘lmaydi, faqat butun va yirik hajmli o‘yinchoqlar joylanadi.

2014 yilda Ferrero katta xaridni amalga oshirdi – 500 million yevroga o‘rmon yong‘oqlari bozoridagi dunyo yetakchilaridan biri bo‘lgan Oltan turk kompaniyasi qo‘lga kiritiladi.

2015 yil kompaniya uchun qayg‘uli keldi – Mikele Ferrero hayotdan ko‘z yumdi. Ferrero’ning ko‘p yillik rahbarining vafoti bir tomondan o‘zgarishlarga ishora qilardi, boshqa tomondan esa – Jovannining imkoniyatini oshirardi. U o‘zgarishlarni xaridlardan boshladi.

Ulardan biri Serbiyaning “Aleksa Shantich” agrokompaniyasi edi. Bundan avval ushbu mamlakat hukumati bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolangandi. Shundan kelib chiqqan holda, kompaniya 1000 gektar hududda funduk yetishtirish huquqini qo‘lga kiritdi.

Jamoatchilikni kompaniyaning yana bir xaridi ko‘proq qiziqtirardi – 112 million funtga sotib olingan Thornton shirinliklar ishlab chiqaruvchisi. Ferrero shu kungacha raqiblarini xarid qilmagandi, shu bois bu kompaniya tarixidagi yangi sahifa hisoblanadi. Umuman olganda esa, Mikelening o‘limidan keyin ba'zi narsalar o‘zgarishsiz qoldi.

Jovanni mahsulotlarga avvalgidek ko‘p vaqt ajratadi va kompaniyaning oilaviyligicha qolishini ta'kidlaydi. Mikelening hayotlik vaqtidayoq kompaniya o‘z oldiga maqsad qo‘ygan – noyevropa mamlakatlardagi sotuvlarni oshirish evaziga daromadni ikki barobarga ko‘paytirish. 2006 yildan 2014 yilga qadar sotuvlar 45 foizga oshdi. 2015 yilda daromad 9,5 milliardni tashkil qildi.

Barcha mish-mishlarga qaramay, Ferrero oilaviy kompaniyaligicha qoladi va buni o‘zgartirmoqchi emas. Ferrero o‘z tarixida kichik qandolat ishlab chiqaruvchidan dunyodagi eng yirik shirinlik ishlab chiqaruvchisigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Ferrero “yakkahokim” emas, albatta, zero bu maydonda Nestle va Kraft Foods kabi boshqa gigantlar ham bor. Biroq bugungi kunda kompaniya mahsulotlari dunyodagi har bir xonadonda bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan desak, yanglishmaymiz.