Feyk veb-sayt ochilgani sababli UzCard to‘lov tizimidan foydalanuvchilar ogohlantirildi

  • 19:23 / 14.09.2021
  • 137

Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi tomonidan o'tkazilgan internet monitoringi davomida, internet-firibgarlari tomonidan o'zlarining jinoiy maqsadlarini amalga oshirishlari uchun “Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi” (UZCARD)ning soxta veb-sayti (havolasi: https://uz-investt.space) faoliyat ko'rsatayotganligi aniqlandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur feyk veb-sayt orqali “UzCard Investment” loyihasi doirasida milliy bank xizmatlarining faol foydalanuvchilariga bir martalik 994 ming 558 so‘m miqdorida kompensatsiya to'lanishi, buning uchun foydalanuvchilarning shaxsiga oid va bank plastik kartasi ma'lumotlari, telefon raqamini hamda sms tariqasida kelgan tasdiqlash kodini kiritishlari talab etiladi.

Natijada, katta mablag'ga ega bo'lish istagida bo'lgan foydalanuvchi tasdiqlash kodini feyk resursga kiritishi bilan internet-firibgar tomonidan bank plastik kartasini boshqarish huquqini qo'lga kiritilishiga va undagi mablag'larni noqonuniy ravishda egallanishiga shart-sharoit yaratadi.

“Shu sababli, barcha internet foydalanuvchilarini, ayniqsa, UZCARD to‘lov tizimi mijozlarini mazkur feyk veb-saytning noqonuniy faoliyati to'g'risida ogoh bo'lishlarini, to'lov tizimlaridan foydalanayotganlarida esa, ularning rasmiy veb-saytlarida taqdim etilgan xizmatlarga murojaat etishlarini so‘rab qolamiz.

Ogoh bo'ling! Internet-firibgarlari tomonidan yaratilgan soxta veb-saytlarga kirib, ularning oson daromad topish to'g'risidagi aldovlariga ishonib qolmang!”, deyiladi vazirlik xabarida.

Teglar