Floyd Mayvezerning hayot tarzi: hayratlanarli summalar...

  • 14:18 / 29.09.2019
  • 2408

Sportning boks turiga qiziqqan borki — hammasi kichik Floyd Mayvezer haqida eshitgan va uning ishtirokidagi janglardan xabardor. U haqidagi statistik maʼlumotlar bokschining faoliyati davomida biror marta ham yutqazmaganini koʻrsatadi. 

U muxlislari orasida ringdagi ajoyib xatti-harakatlari va...

...pulni yaxshi koʻrishi bilan taniqli sportchidir.

Xoʻsh, Floyd Mayvezerning sportdan tashqaridagi hayot tarzi qanday?

Floyd nafaqat “yengilmas” bokschi, balki ajoyib biznesmen hamdir. 2017-yilda Forbes jurnali eng koʻp maosh oladigan sportchilar roʻyxatini eʼlon qilgandi. Unga koʻra, Floyd Mayvezer dastlabki uchtalikni 259 million AQSh dollari bilan tugallab bergan, ammo Konor MakGregor bilan oʻtkazgan jangi unga 275 million AQSh dollari olib kelgandi. Va u qisqa muddat ichida roʻyxatning boshiga chiqib oldi.

Floyd 2006-yilda tavakkalchilikka qoʻl urdi – Top Rank promouterlik kompaniyasi bilan shartnomani bekor qildi. Uning bu qarori oʻsha yili bokschi uchun 750 ming AQSh dollariga tushdi. Shunga qaramay, u biznesda oʻzini sinab koʻrmoqchi boʻlib, janglarni tashkillashtirishda mustaqil ish yurita boshladi. Sportchi sifatida nafaqat magʻlubiyatsiz janglar oʻtkazdi, balki biznesmen sifatida oʻz promouterlik faoliyati ortidan sezilarli daromad ham ola boshladi.

Floyd Mayvezer oʻzining ismi va mavqeidan ustalik bilan foydalanadi. Yaʼni u oʻzining raqiblari bilan juda katta summalar evaziga janglar uyushtirishga erishgan. Uni bejizga “The Money” (inglizcha – “pul”) deyishmasa kerak.

 Floyd koʻp pul ishlab topish bilan birga moliyaviy ahvoliga mos ravishda katta miqdorda sarflaydi ham. U oʻzi xohlagan narsalarni — qimmatbaho zargarlik buyumlari, avtomobillar va hashamatli uylarni sotib oladi.

Bokschining xaridlarini kuzata turib, uning oʻziga yarasha didini payqash qiyin emas. Masalan, u oʻz kolleksiyasini eng qimmat avtomobillar bilan toʻldirishini hamma bilishi mumkin. Ammo u mazkur avtoulovlarni doimo juftlab — oq va qora rangdagisini xarid qilishini hamma ham bilavermaydi. Uning garajida Lamborghini, Porshe, Ferrari, Bentley, Mercedes-Benz, Bugatti’larning xuddi shunday juftliklari saqlanadi.

U mazkur mashinalardan foydalanishda ham oʻziga xos uslubni qoʻllaydi. Yaʼni barcha oq rangdagi avtomobillar Mayamidagi saroyda, qoralari esa Las-Vegasda. Floyd, shuningdek, 5 million dollarlik Koenigsegg CCXR Trevita avtomobiliga ham egalik qiladi. Bunday mashinalar bor-yo‘g‘i 88 dona ishlab chiqarilgan boʻlib, dunyo boylarining ikki nafaridagina bor xolos.  

Mayvezer eng qimmat soatlar toʻplamiga ega…

…va u hech qachon bitta poyabzalni ikkinchi marta kiymaydi.

Bokschini oʻz oilasi va yaqinlariga nisbatan oʻta saxiy deyish mumkin. Yaqinda u sevgilisiga bir uy sotib oldi va uning tugʻilgan kunida yap-yangi Rolls-Roys sovgʻa qildi.

Darhaqiqat, Floyd Mayvezer shunchaki hashamatlar orasida yashamaydi — hayot tarzining oʻzi uni hashamat va yuksak obroʻ-eʼtibor markazida ushlab turadi!

Elbek BOYMURADOV tayyorladi