Fotoreportaj: Hali jurnalist qadami yetmagan «Kampirravot» suv omboriga sayohat

  • 15:31 / 13.05.2019
  • 567

«Kampirravot» suv ombori, «Andijon dengizi» deya ataluvchi mahobatli suv inshooti haqida juda ko‘p eshitganimiz bor.

Andijon viloyatining Xonobod shahriga kiraverishda «Andijon dengizi» yozuvi bitilgan monumentga ko‘zingiz tushadi. Katta yo‘ldan o‘ng tomonga qarasangiz, uzoqdan mahobatli to‘g‘onni ko‘rasiz.

Mazkur suv saqlash inshooti jiddiy qo‘riqlanishi bois uning yoniga borish, to‘g‘on va GESlarni tomosha qilish oddiy kishi uchun qiyin masala.

Suv omboriga qilgan birinchi sayohatimiz davomida uning damba qismi, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi generatorlari joylashgan hududiga emas, balki, suv omborining umumiy ko‘rinishi va katta miqdordagi suv qanday yig‘ilishiga qiziqdik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Buning uchun esa, tog‘-u toshlar, tik, xavfli dara yo‘lidan o‘tib avtomashinada 2 soat yurish kerak ekan.

Andijon viloyat turizm boshqarmasi mazkur sayohatni tashkil etishda yaqindan yordam berdi.  

«Kampirravot» suv ombori haqida internetda yo‘q bo‘lgan ma'lumotlarni berib o‘tamiz:

«Kampirravot» suv ombori – Tyan-Shan tog‘ tizmalarining 5 irmog‘idan paydo bo‘luvchi Qoradaryo o‘zaniga qo‘yilgan gidrotexnika inshootidir. U 1962 yili loyihalashtirilib, 1968-1982 yillarda qurib bitkazilgan. Suv  ombori qurilishidan oldin ikki qoya o‘rtasidan xuddi darvozasifat (ravot) tabiiy yoriq  va o‘sha joyda xuddi boshida savat bilan turgan kampirni eslatuvchi qoyatosh bo‘lgani sababli «Kampirravot» nomini olgan.

Umumiy maydoni – 55 kv.km.

Suv sig‘imi – 1 mld. 950 m3

To‘g‘onining balandligi – 115 metr

Suv omborida ikkita 140 megavatt tok ishlab chiqaruvchi GES ishlab turibdi.

Vodiyning katta qismini suv bilan ta'minlovchi «Kampirravot» haqidagi mazkur ma'lumotlarni Xonobod shahrida uzoq yillar arxitektor vazifasida faoliyat yuritgan faxriy otaxon Omadjon O‘rinboyevdan oldik.

Adirlar va tog‘lar osha..   

Shunday qilib biz Tyan-Shanning tog‘ooldi hududlari bo‘ylab, Qoradaryo irmoqlari tomon xavfli daralar ichidan yura boshladik.

Yo‘limizda uchragan «Toshoxur» adirliklari bahorning shu kunlarida o‘ta go‘zal qiyofa kasb etgan.

Bir soatli yo‘ldan so‘ng «Olchalik» deya ataluvchi tog‘ va adirliklar hududiga keldik.

Mana shu joyda noyob qush va hayvonlar ko‘p uchrar ekan. Ko‘k qarg‘a, jarqaldirg‘och, burgutlarga ko‘zimiz tushdi. Biz bilan samimiy so‘rashgan va bir piyola choyga taklif qilgan cho‘ponlar jayra, kakliklar juda ko‘pligini aytishdi. Bir so‘z bilan aytganda, «inson hali xalaqit bermagan tabiat».

Bahaybat tog‘lar orasida o‘zingizni jimitdek his etasiz. Avtomashina zo‘r-bazo‘r yurayotgan so‘qmoq yo‘l juda-juda xavfli edi. Bu joylarga faqat baquvvat mashina bilan chiqa olish mumkin ekan.

Tog‘ yonbag‘irlarida toshlarning rangi g‘alati. Xuddi qoramtir smola surkalgandek. Bu esa ularda turli foydali qazilmalar borligidan dalolat.

Go‘zal va betakror «Kampirravot»

Yo‘l yursak ham mo‘l yurib, azim va bahaybat tog‘lar orasidagi ulkan suv inshootiga yetib keldik.  Juda ham katta maydonda jimirlab, moviy dengiz yastanib yotardi. Tasvirchimiz Ahrorbek bilan deyarli hali  hech kim ko‘rmagan manzaralarni tasvirga tushira boshladik.

Suv ombor juda katta hududga joylashgani sabab, tog‘ning tepasiga chiqib, olib fotouskunamizni ishga solmoqchi bo‘ldik. O‘rmalab, o‘rmalab tepalikka chiqib ketaveribmiz. Pastga qarash qo‘rqinchli edi. To‘g‘risi, toqqa chiqish oson, lekin undan tushish azob ekan. Tepalikda oyog‘imiz qaltirab tasvirlarga oldik. Harqalay yarim soatga yaqin vaqt sarflab chiqilgan tepalikdan ikki soatda ehtiyot bo‘lib zo‘rg‘a tushganimiz bor.

Atrofni, borliqni so‘z bilan ta'riflash qiyin. Mahobatli dengizga aylangan suv ombori... Tog‘ bag‘ridagi qorlardan yaxdek bo‘lib tushib, jimirlab turgan suv. Toza va beg‘ubor havo.  

Suv ombori atrofida o‘zgacha ko‘rinishdagi tog‘-u toshlar. Faqat yovvoyi tabiatda uchrovchi o‘simliklar, hayvonlar va qushlar dunyosi. Bularning bari bir-biri bilan uyg‘unlashib ketgan.

«Kampirravot»ning narigi tomonidagi Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati, Arslonbob yerlari olis-olisdan ko‘rinib turadi.

Andijon viloyat turizm boshqarmasi vakili Bekzodbek Yusupov bizga hamrohlik qilayotgani juda yaxshi bo‘ldi. Soha xodimidan  ekoturizm loyihasi bo‘yicha tushunchalarga ega bo‘ldik.   

«Kampirravot»ning ma'lum bir qismi ekoturistik zonaga aylanadi

Ajoyib yangilik. Uzoq yillardan beri ko‘pchilik uchun yopiq bo‘lgan «Kampirravot» suv ombori hududi endi mahalliy va chet ellik turistlar uchun ochiladi. Faqat zo‘r tabiatga ega joyni sayyohlar kelishi uchun tayyorlashga katta miqyosdagi ishlar kutib turibdi.

Andijon turizm boshqarmasi vakili Bekzodbek bu haqda shunday deydi: «Ma'lumki, ayni paytda an'anaviy ziyorat va gastronomik turizm bilan birgalikda ekoturizmga ham katta e'tibor qaratilmoqda. Mana shu ko‘rib turganimiz «Andijon» suv ombori hududida ham ekoturistik zona tashkil qilish uchun xorijiy va mahalliy investorlarni jalb qilishni rejalashtirganmiz. Insonlar go‘zal tabiat manzaralaridan bahramand bo‘lishlari kerak. Ayni paytda jahon talablaridagi turistik maskan yaratish borasida chet ellik investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda».

To‘g‘risi, mazkur joylarning bor go‘zalligini anglash uchun albatta bir bora qadam bosib ko‘rish kerak. Shunda siz dunyoning eng zo‘r kurortlaridan qolishmaydigan tabiatimiz borligini tasavvur qilasiz.

Sayohatimiz davomida Xonobod tog‘, adirlarining chiroyi, suv ombor hududidagi ko‘rganlarimizni foto va video tasvirlarga tushirdik.

Suv ombori haqidagi ikkinchi hikoyamiz to‘g‘on va energiya ishlab chiqaruvchi hudud haqida bo‘ladi.  

P.S. Maqolani tayyorlashda yaqindan ko‘mak bergan Andijon viloyat turizm boshqarmasi va tashkilot rahbari Baxtimurod Karimovga alohida tashakkur bildiramiz.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov,
Tasvirchi Ahrorbek Yoqubjonov  

Teglar