Fransiya Gulnora Karimovaning pullarini O‘zbekistonga qaytaradi

  • 19:21 / 10.07.2019
  • 953

Foto: Getty Images

9 iyul kuni Fransiyada O‘zbekistonning birinchi prezidenti qizi Gulnora Karimovaga tegishli mulklarni musodara qilish to‘g‘risidagi hukm kuchga kirdi. RFI radiosi xabariga ko‘ra, Gulnora Karimovaga tegishli uchta ko‘chmas mulk (Parijdagi kvartira, Sen-Tropedagi villa va Parij yaqinidagi qasr) sotuvidan tushgan pullar O‘zbekiston budjetiga qaytarilishi kerak.

Fransuz tergovchilari Gulnora Karimovaga tegishli uchta obekt Société civile immobilière (SCI) — «ko‘chmas mulkni boshqaruvchi kompaniya» nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lgani, bu uy-joylar xorij kompaniyalari O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirishi uchun olingan «korrupsiya pullari» evaziga xarid qilinganini aniqlagan. Pullar Shvetsiya, Rossiya va Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan firmalardan olingan.

Sud tergovchisi Serj Turner hamda Fransiya milliy moliya prokuraturasining prokurori Nikolya Bayyetoning ma'lumotlariga ko‘ra, «qora pullar o‘nlab mamlakatlarda» joylashtirilgan. Shu tufayli ko‘plab mamlakatlarga xizmat safarlari uyushtirishga to‘g‘ri kelgan.

Prokurorning aytishicha, O‘zbekiston tomonining Karimovaning Fransiyadagi mulklari bo‘yicha qarori shu yili qabul qilingan. Qayd etilishicha, muzokaralar uchun 18 oy vaqt ketgan. U va Serj Turnerning shu yil yanvarida Toshkentga amalga oshirgan safari hal qiluvchi safar bo‘lgan. Bu safar vaqtida pulni qaytarishning yuridik yo‘llari muhokama qilingan.

«O‘zbekistonda qabul qilingan sud hukmlari Fransiyada tan olinishi yo‘lini (nisbatan murakkab) ham tanlash mumkin edi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati Fransiyada o‘zini jabrlanuvchi sifatida taqdim etishga rozilik berishi va fuqaroviy da'vogar bo‘lishi yengilroq yo‘l edi. O‘zbekiston hukumati aynan shu yo‘lni tanladi», deydi muzokaralarda O‘zbekiston manfaatini himoya qilgan advokat Stefan Sekkaldi.

26 iyun kuni SCI vakili «aybni tan olish borasidagi kelishuvni» rasmiylashtirgan, 9 iyul kuni esa mazkur jarayonga oid apellatsiya muddati chiqdi. Endilikda ushbu uchta ko‘chmas mulk obektlari rasman musodara qilingan hisoblanadi.

Sekkaldining so‘zlariga ko‘ra, «musodara qilingan mulklar (Fransiyada) boshqa davlatga (O‘zbekistonga) tovon sifatida berilmaydi, O‘zbekiston faqat ularning sotuvidan tushgan pulni olishi mumkin».

Bunday savdolar AGRASC (Fransiyaning olib qo‘yilgan va musodara qilingan avkivlarni qaytarish bilan shug‘ullanuvchi agentligi) nazorati ostida amalga oshiriladi. 

Ma'lum bo‘lishicha, Parijdagi kvartira joriy yilning bahorida kimoshdi savdolari orqali 14 million yevroga sotib yuborilgan. Bundan tashqari 2 million yevro tergov uchun sarflangan xarajatlar kompensatsiyasi uchun olib qolinadi.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, Gulnora Karimova Parijdagi kvartirani 31 million yevroga, villani 2,4 million yevroga, Versal yaqinidagi de Grusse qasrini esa 28 million yevroga sotib olgandi.

Ayni vaqtda 47 yoshda bo‘lgan Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.

U O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan trillionlab so‘m daromadni soliqdan yashirganlik, o‘zgalarning trillionlab so‘mlik mulkini tovlamachilik bilan tortib olish va qariyb 2 milliard AQSh dollarini xorijda berkitish kabi jinoyatlarda ayblangan.

Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

2017 yilning 18 dekabrida 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Gulnora Karimovaga jazo 2018 yilning 1 iyulida 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

Lekin uy qamog‘ida o‘tirgan Gulnora Karimova O‘zbekistonga yetkazilgan zararni qoplashga faol qarshilik qilgani, shuningdek cheklovlarni buzgani uchun 2019 yilda Zangiotadagi qamoqxonaga qaytarilgan.

Gulnora Karimova endi unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddatini - 4 yilni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi kerak.