Fransuz kompaniyalari tibbiyot xodimlariga qo‘ldan kelganicha yordam berishmoqda

  • 13:51 / 25.03.2020
  • 36

Fransiyaning “Renault” konserni koronavirus tarqalgani bois o‘zining 300 ta avtomobilini shifokorlarga bergan. Kimyo sanoati antibakterial gel ishlab chiqarishni kuniga 100 ming litrgacha oshirdi. 

“Renault Group” konserni direktori Jan-Dominik Senar RTL radiosiga bergan intervyusida kompaniya o‘zining 300 dona “Renault Zoe” avtomobilini tibbiyot xodimlari ishini yengillashtirish uchun berib turganini e’lon qilgan. Konsern shu kungacha 200 ta avtomobilini Shveysariyaning “Qizil xoch” jamg‘armasi uchun ajratgan edi. 

“Total” neft-kimyo guruhi esa tibbiyot xodimlariga ushbu kompaniyaga tegishli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ishlatish mumkin bo‘lgan yoqilg‘i kuponlarini taqdim etdi. Bu kuponlarning umumiy bahosi 50 mln. yevroni tashkil etmoqda, deya ma’lum qilgan kompaniya bosh direktori Patrik Puyanne. Shuningdek, konsern Parij Paster institutiga 5 million yevro xayriya ajratishni ham mo‘ljallamoqda.

“Renault”, PSA guruhi va subpudratchi “Valeo” kompaniyasi ortiqcha tibbiyot niqoblarini shifoxona hamda davlat muassasalariga muntazam tarqatib turishibdi.
“Monoprix Food Group” oziq-ovqat kompaniyasi esa shifoxona xodimlari uchun alohida chegirmalar e’lon qildi.

“SNCF” davlat tashuv xizmati tibbiyot xodimlari uchun “TGV” hamda “Intercity” tezyurar poyezdlarida bepul yurish imkoniyatini taqdim etdi. “RATP” guruhi esa shifokor, hamshira hamda qutqaruvchilar ishini yengillatish maqsadida 20 ta avtobus liniyasini ishga tushirdi.

“France Chemie” assotsiatsiyasi esa antibakterial gel ishlab chiqarish hajmini kuniga 100 ming litrgacha oshirdi. Bu 100 ta davlat shifoxonalarining kundalik ehtiyoji hisoblanadi.
Shunga mos ravishda zavodlar ham ishlab chiqarish tarmoqlarini qayta tashkil qilib, gel tayyorlash uchun kerak bo‘ladigan izopropanol, quyuqlashtirgich hamda vodorod peroksidi eritmasi ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirishgan.