Futbol: “Bosh vazir kubogi” qaysi jamoaga nasib etadi?

  • 10:31 / 27.10.2019
  • 216

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy Tarbiya va Sport Vazirligi

Xabaringiz bor, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari oʻrtasida “Bosh vazir kubogi” uchun futbol musobaqalari oʻtkazilmoqda.

Kecha “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlarida “Bosh vazir kubogi” uchun futbol musobaqalarining finalchilari aniqlangandi. Bugun esa qizgʻin va murosasiz kurashlarga boy tarzda oʻtayotgan mazkur musobaqalarga yakun yasaladi. 

Yarim finalning ilk oʻyinida maydonga Oliy sud hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi jamoalari tushishdi. Ushbu bahsda borgan sari oʻyini ochilib borayotgan Oliy sud jamoasi yirik gʻalabaga erishdi – 3:0.

Kezi kelganda taʼkidlash kerak, musobaqa avvalida hech kim sudyalar jamoasining bu qadar uzoqqa borishini kutmagandi. Ammo, “ishtaha tushlikda keladi” deganlaridek, har bir gʻalabadan keyin Oliy sud jamoasi aʼzolarining oʻzlariga boʻlgan ishonchi ortib bordi va jamoa oʻyini ham kuchaydi. Endi ular finalda kubok uchun astoydil kurashsa ajabmas.

Ikkinchi yarim final juftligida esa Suv xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzbektelekom” aksionerlik jamiyati jamoalari toʻqnash kelishdi. Bu oʻyin ham kutilganidek keskin va oʻta murosasiz kurashlarga boy tarzda kechib, unda omad “Oʻzbektelekom” jamoasiga kulib boqdi. Ular 3:1 hisobida muvaffaqiyat qozonishdi va final oʻyinida Oliy sud jamoasi bilan “Bosh vazir kubogi” uchun kurash olib boradi.

Final. 27-oktyabr, soat 16:00
“Milliy” stadion
Oliy sud – “Oʻzbektelekom”


Manba: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati