Gadjetlarning bolalar uchun xavfi: so‘nggi tadqiqotlar natijalari bu borada nima deydi?

  • 20:04 / 23.04.2019
  • 767

Gadjetlarning kichik bolalar va o‘smirlar uchun salbiy ta'siri shu darajada batafsil hujjatlashtirilganki, texnologiyalardan voz kechish tarbiyaning asosiy maqsadlaridan biriga aylanib ulgurdi. Biroq yangi tadqiqot elektron qurilmalar ekrani oldida o‘tkazilgan vaqt bolaning ruhiy salomatligiga ta'sir qilishi borasidagi masalani ilgari  surmoqda. Yana bir tadqiqotga ko‘ra, bolaga gadjetlardan foydalanishni man etish aslida yoqimsiz oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin.

O‘smirlar ijtimoiy tarmoqlar va videoo‘yinlarga ko‘p vaqt sarflashlari borasida hech qanday shubha yo‘q. Amerika pediatriya akademiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, bola elektron qurilmalarga kuniga o‘rtacha yetti soat sarflaydi. Bolalarning o‘zi vaziyat nazoratdan chiqib ketganini tan olishmoqda: 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning 54 foizi telefon oldida ko‘p vaqt sarflashini va 52 foizi bu vaziyatni to‘g‘rilashga harakat qilganini aytishgan.

Gadjetlarga tobelik jamiyatda keng tarqaldi. O‘tgan yili o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, hatto qishloqlarda yashaydigan maktab o‘quvchilari ham vaqtlarini ochiq havodagiga qaraganda telefon bilan ko‘proq o‘tkazishadi. Amerika pediatriya akademiyasi 18 oydan kichik bo‘lgan bolalarga telefon bermaslik, 18 oydan 24 oygacha yoshdagi bolalarga mulfilm tomosha qilish vaqtini cheklash, ikki yoshdan besh yoshgacha bolalarga elektronikadan kuniga bir soat foydalanishga ruxsat berishni tavsiya etishmoqda. Biroq bu ishlaydigan ota-onalar uchun uyda smartfon, planshet yoki televizor umuman bo‘lmasligi kerakligini anglatadi.

Sog‘liqqa ta'siri qanday?

Ko‘p vaqtni ekran oldida o‘tkazish ruhiy va jismoniy salomatlik uchun keltiradigan xatarlar bilan bog‘lashmoqda.

  •  JAMA Pediatrics jurnalida yanvar oyida nashr qilingan tadqiqotda 2400 nafar bolaga tegishli ma'lumotlar taqdim etildi. Ular ikki-uch yoshda gadjetlar yonida ko‘p vaqt o‘tkazish uch va beshda yoshdagi rivojlanishning salbiy ko‘rsatkichlari bilan bog‘liqligini ko‘rsatdi.
  •  Kuniga uch soat vaqtni gadjetlar bilan o‘tkazgan to‘qqiz va o‘n yoshdagi 4495 nafar bola ishtirok etgan tadqiqot ularda diabet bilan kasallanish, insulinga rezistentlik va yog‘ to‘plamlarining paydo bo‘lishi kabi omillarning yuqoriligini ko‘rsatgan.
  • Elektron qurilmalar oldida kuniga ikki soatdan ko‘p vaqt o‘tkazish 15-17 yoshdagi o‘smirlarda suyaklar mustahkamligining kamayishiga olib keladi.
  •  Preventive Medicine Repors tadqiqotiga ko‘ra, kuniga yetti soatni gadjetlar yonida o‘tkazadigan o‘smirlarda depressiyaning paydo bo‘lish ehtimoli internetda bir soat vaqt o‘tkazadiganlarga qaraganda ikki marta yuqoriroq.
  •  Lancet tadqiqotlariga ko‘ra, ekranlar oldida ikki soatdan ortiq o‘tirmaydigan, yaxshi uxlaydigan va sport bilan shug‘ullanadigan bolalarning miyasi yaxshiroq ishlaydi.
  • 2015 yilda o‘tkazilgan tadqiqotda gadjetlar yonida o‘tkazilgan har bir soat maktabdagi o‘zlashtirishning pasayishiga ta'siri qilishi kuzatilgan. 

Mazkur tadqiqotlar asosga ega bo‘lsa-da, bu yerda sabab-oqibatning aloqasi yo‘qligini yodda tutish muhim: ehtimol depressiya yoki xavotirga moyil bo‘lgan bolalar videoo‘yinlarga bog‘lanib qolishar. Bundan tashqari, ko‘plab olimlar bolalarning o‘zlari tomonidan hikoya qilingan ma'lumotlarga asoslanadi.

“Gadjetlar yonida o‘tkazilgan vaqt o‘smirlar farovonligini yomonlashtirishi borasidagi aniq isbotlar kam va ko‘pchilik natijalar bir mamlakatda o‘tkazilgan tadqiqotlarga asoslanadi, ular asosida esa aniq bo‘lmagan, biroq bolalarning mashhur ko‘rsatkichlari yotadi”, - deydi Psychological Science jurnalidagi tadqiqotchilar.

Mazkur olimlar tadqiqotlarida AQSh, Buyuk Britaniya va Irlandiyadagi 5363 nafar o‘smir ishtirok etgan bo‘lib, ularning ishi gadjetlar ruhiy salomatlik va bolalar farovonligiga kam ta'sir qilishini ko‘rsatgan.

Umuman olganda, tadqiqotchilar nafaqat ishtirokchilarning o‘zi, balki ularning ota-onalari tomonidan berilgan ma'lumotlarni ham hisobga olishgan.

Bu holatda savolimizga javob topdikmi? Albatta, yo‘q. Biroq bu bolaga elektronikadan foydalanishni man etish haqida xavotirga tushadigan har bir ota-onaning fikr yuritishi uchun bahona bo‘la oladi.

Yana bir tadqiqot bolani telefon o‘ynash imkoniyati bilan mukofotlash yoki jazolash qarorining to‘g‘riligini shubha ostiga oladi. Unda 18 oydan 5 yoshgacha bo‘lgan 62 nafar bolaning ota-onasi ishtirok etgan. Ulardan bolaning gadjetlar bilan o‘tkazgan vaqtini qanday nazorat qilishlari so‘ralgan. Ularning farzandlari ish kunlari 1,5 soat, dam olish kunlari esa ikki soatga yaqin vaqtni ekran oldida o‘tkazadi. Yaxshi xulqi uchun kompyuter oldida o‘tirishga ruxsat olgan bolalar dam olish kunlari boshqalarga qaraganda internetda 20 daqiqaga ko‘proq vaqt o‘tkazishgan.

“Bu xuddi bolalarni shirinlik bilan mukofotlash kerak emasligiga o‘xshab ketadi, chunki u tobelikni chaqirishi mumkin”, - deydi oila munosabatlari va amaliy ovqatlanish professori Jyess Xayns.

Shuni ham ta'kidlash joizki, xatarlarga qaramay, gadjetlar biz bilan uzoq vaqt davomida birga bo‘ladi. Yoshlar hayotini qanday qilib ularga integratsiya qilishni tushunish ulardan foydalanishni cheklash kabi muhim. Shimoliy Karolina shtati universiteti tadqiqotchisi, qishloq bolalari tadqiqotini boshqargan Linkoln Larson bu borada shunday deydi:

“Vaqtni ortga qaytara olmaymiz. Gap tabiat va texnologiyani integratsiya qilish usulini topishda. Bolalarning elektronikaga muhabbatini hisobga olib, tabiatdagi hordiqni unutmaslikka yordam beradigan dasturlarni ishlab chiqa olamizmi?”.

Yoki bor-yo‘g‘i kamroq xavotirga tushish kerakdir. Bolalar biz o‘ylaganchalik xatar ostida emas, ko‘p hollarda bizdan o‘rnak olishadi.

Teglar