“G‘alati”ligingizdan uyalmang

  • 14:54 / 06.06.2015
  • 4967

“G‘alati” ekanligingiz — ijodiy salohiyatingizning yuksakligidan dalolat ekanligi haqida tushuntirib berishga harakat qilamiz.

Qanday qilib deysizmi?

Ishxonada tez-tez rasmiyatchilik bilan to‘qnash kelinadi. Dress-kod, qattiq intizom, o‘zgaruvchan fikr uchun tanbeh eshitish, sezilarli iyerarxiya — xullas bularning bari xodimlarni tartib-intizom asosida ishlashga majbur etadi. Shunday sohalar borki, bu kabi rasmiyatchiliklarsiz bo‘lmaydi, ammo ijodiy sohada bunday yo‘l tutish xato hisoblanadi. Aynan shu bois aksari kompaniyalar o‘z xodimlaridan o‘zlaridagi tabiiy “g‘alati”likni yashirmasliklarini iltimos qilishadi.

Zappos internet-do‘koni va tozalovchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Method kompaniyasida ishga yangi qabul qilinayotgan xodimlardan birinchi suhbatdanoq ularning g‘aroyib odatlari haqida so‘rashadi. Yuqoridagi ikki kompaniya asoschilarining fikricha, xodimlar ishda o‘zlarini xuddi uylaridigidek tutishsin, faqat bu jamoatchilikka halaqit bermasa bo‘ldi. Kimgadur ishxonada pijamada yurib ishlash qulaydir, yana kimdir esa ish vaqtida shlyapa kiyib mehnat qilishni yoqtirar — nima bo‘lgan taqdirda ham xodimlarga nisbatan bunday chora qo‘llash, ish unumdorligiga yordam bersa beradiki, aslo zarar keltirmaydi. Kompaniyalar xodimlarning ichki dunyolari bilan hisoblashgan holda faoliyat olib borishni o‘zlarining dasturlaridan biriga aylantirishgan.

Iqtidorli kishi o‘nlab odamlarning ishini qilishi mumkin, shunchaki unga erkinlik berilsa bas.

Atari asoschisi Nolan Bushnell aynan o‘zlarini g‘alati tutgan odamlarni ishga qabul qilgani haqida so‘zlashni yoqtiradi. Ulardan biri ko‘pchilikning guvohlik berishicha, unchalik ham chiqishib bo‘lmaydigan Stiv Jobs bo‘lgan. Bushnell uni tungi smenaga ishga qo‘yadi va shunda shu narsaga amin bo‘ladiki, iqtidorli kishiga erkinlik berilsa, u o‘nlab xodimning ishini bir o‘zi qilarkan. Bu usul mehnatda yuksak natijalarni beradi, albatta, biroq barchasini o‘zimizdan boshlamoq kerak. Chunki g‘aroyiblik fe'limizning bir ko‘rinishi xolos. G‘alatilik hammada bor, kimki, uni yuzaga chiqarishdan uyalsa, bilsinki, u bu borada doim yutqizadi.

Robert Satton, menejment mutaxassisi

“Gohida g‘alatilik yoqimli ko‘rinadi va atrofdagilarga iliq kayfiyat ulashadi. Biroq ijoddagi g‘alatilik yon-atrofdagilarga noqulaylik olib kelish mumkin”.

Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi.