Gandbol, Osiyo Chempionati: Oldindan xursand bo‘libmiz, O‘zbekiston hali Jahon chempionatiga chiqmabdi

  • 08:21 / 24.09.2021
  • 101

Kecha gandbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo chempionatida mezbon Iordaniyani mag‘lubiyatga uchratgandi. Ushbu g‘alaba orqali gandbolchilarimiz Jahon chempionatiga yo‘l olgani haqida xabar qilgandik. 
Ammo, kutilmaganda Xalqaro gandbol federatsiyasi Osiyo terma jamoalari uchun belgilangan kvotalar o‘zgargani haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, bu safar Osiyo chempionati orqali faqat beshta terma jamoa Jahon chempionatiga yo‘l oladi.

Shunga qaramasdan, gandbolchi qizlarimizda Jahon chempionatiga chiqish uchun hali imkoniyat bor. Buning uchun ular bugun Toshkent vaqti bilan soat 17:00da Gonkongga qarshi kechadigan bahsda g‘alaba qozonishlari lozim bo‘ladi. 

Ma’lumot uchun, avvaldan ajratilgan kvotalarga ko‘ra, Osiyo chempionatida dastlabki 6 o‘rinni egallagan terma jamoa JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi lozim edi. 12 ta terma jamoa 2 guruhga bo‘lingan holda kurash olib borishlari belgilab qo‘yilgandi. So‘nggi lahzada Qatar terma jamoasi chempionatda ishtirok etmasligini ma’lum qildi va guruhimizda beshta jamoa qoldi. Shu sababli ham Xalqaro gandbol federatsiyasi 11 ta terma jamoa ishtirok etadigan musobaqaga 6 ta kvota ajratmaslikka qaror qildi. Endi musobaqa yakuniga ko‘ra 5 ta terma jamoa Jahon chempionatiga boradi. 

XGF oltinchi kvotani baribir Osiyoda qoldirdi va uni Xitoy terma jamoasiga taqdim etdi. Buning sababi esa Xitoyda gandbol rivojlanayotgani va mamlakat iqtisodiy tarafdan yangi bozorlarin o‘zlashtirayotgani deb ko‘rsatildi. Ko‘rinishidan, Xalqaro Gandbol federatsiyasi uchun chin yurtining ishtiroki marketing tomonlama foydaliroq hisoblanadi.