Gastritda taqiqlanuvchi yetti odat

  • 12:50 / 03.04.2019
  • 6201

Gastritga "yengil" kasallik sifatida qaralsa-da, uni davolash ancha qiyin. Bu kasallikka qarshi kurash kompleks yondashuv va ko‘plab odatlarni qayta ko‘rib chiqishni talab etadi: taomni iste'mol qilish chastotasidan tortib to turmush tarzigacha. Gastrit kasalligida nima qilish mumkin emasligiga doir ma'lumotlar zdorovieinfo.ru saytida taqdim etildi.

Foto: Shutterstock

Asabiylashish

Har qanday stress holati sog‘liq uchun zarar. Inson doim tushkun kayfiyatda yurib, depressiyani yenga olmasa, organizm kasallikka qarshilik qila olmay, unda retsidiv va salbiy asoratlar kuzatiladi. Gastroenterologiyada hatto alohida tashxis bor - asabiylik natijasida yuzaga keluvchi gastrit. Inson o‘z his-tuyg‘ularini barqaror saqlashi muhim: ishlash suratini kamaytirish, dam olish, ko‘ngil yozishni o‘rganish va salbiy ta'sirdan himoyalanish. Agar bularning uddasidan chiqa olmayotgan bo‘lsangiz, gastritdan davolanish jarayonida psixoterapevt bilan ham maslahatlashing.

Chekish

Bu odatdan nafaqat o‘pka, balki butun organizm jabrlanadi. Shu jumladan, oshqozon-ichak trakti ham: chekish davomida oshqozonga tushuvchi zararli moddalar uning shilliq qavatiga ziyon yetkazadi va bu kasallikning kuchayishiga olib keladi. Shuningdek, nikotin tuz kislotasi sekretsiyasini kuchaytiradi va u xasta organning shilliq qavatiga zarar yetkazadi. Oxir-oqibat, gastrit oshqozon yarasiga aylanishi mumkin.

Spirtli ichimliklar iste'moli

Kasallikka qarshi kurashishning asosiy shartlaridan biri - to‘liq sog‘ayish uchun alkogol ichimliklarni umuman iste'mol qilmaslik. Spirtli ichimliklar oshqozon devorlariga ziyon yetkazadi va patalogiyani chuqurlashtiradi, uning boshqa organlarga zarari haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Shunday ekan, alkogoldan voz kechish faqat foyda keltiradi.

Dori vositalarini o‘ylamay qabul qilish

Gastritni mustaqil tarzda davolab bo‘lmaydi. Biroq sizda tibbiy davolashni talab qiluvchi boshqa kasalliklar ham bo‘lsa, dori vositalarini qabul qilishdan oldin gastroenterolog bilan maslahatlashing. Bu hatto oshqozon bilan bog‘liq bo‘lmasa ham. Zero hatto oddiy aspirin ham oshqozon yallig‘lanishini sezilarli darajada kuchaytirishi mumkin.

Sportning ba'zi turlari bilan shug‘ullanish

O‘tkir, eroziv yoki surunkali gastritda imkon qadar chidamlilikni talab qiluvchi jismoniy og‘irliklarni cheklash kerak. Og‘ir atletika, uzoq masofaga yugurish, yakkakurash, alpinizm kabi sport turlari shular jumlasidandir. Kasallik chekinganidan keyin mashg‘ulotlarga qaytish mumkin.

Ovqatlanish rejimini buzish

Davolanish vaqtida noto‘g‘ri ovqatlanish shifokorlarning sa'y-harakatlari va dori preparatlarining ta'sirini juda tez orada yo‘qqa chiqaradi. Gastritda davolash parhezi kasallik turidan kelib chiqib belgilanadi: haddan tashqari issiq yoki sovuq taom iste'molidan saqlanish lozim. Shu bilan birga, achchiq, qovurilgan, sho‘r, nordon va shirin yeguliklarni ham taomnomadan chiqarib turish kerak. Umuman olganda, kuniga 5-6 marta kichik porsiyalarda ovqatlanish maqsadga muvofiq.

Kasallikka bee'tibor bo‘lish

Yer yuzidagi deyarli har ikkinchi odam gastrit bilan kasallangani haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Ularning aksariyati uchun bu kasallik og‘ir asoratlarga olib kelmasligi mumkin. Ko‘pchilik kasallikdan xabari ham bo‘lmay, odatiy turmush tarzida yashab yuraveradi hatto. Bularning bari gastritni davolash kerakmikan degan fikrni keltirib chiqaradi. Gastritni davolashdan voz kechish quyidagi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin: oshqozon-ichak yarasi, pankreatit, qon ketishi, anemiya, bulbit va oxir-oqibat saraton. Shifokorlar agar hayotingiz va salomatligingizga befarq bo‘lmasangiz, gastritdan albatta davolanishni tavsiya qilishadi.

Teglar