Germaniyada hammada ham ta’lim olishga imkoniyat bormi?

  • 10:54 / 13.02.2020
  • 759

Germaniyada “yil talabasi” deb bavariyalik Sagitjan Surendra e’lon qilindi. U o‘zi murakkab sharoitlarda voyaga yetganligi uchun ham hozirda qiynalgan oilalarning farzandlariga o‘zlarining imkoniyatlarini anglab, rivojlantirishlariga yordam bermoqda.
 
Garchi Germaniyada hayot tarzi yuqori bo‘lsa ham, ayrim oilalarda ijtimoiy tengsizlik muammosi va ta’lim olishga imkoniyat yo‘qligi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, Germaniya bolaning maktabdagi muvaffaqiyati va oliy ta’lim olish imkoniyati ota-onalarining ijtimoiy va iqtisodiy holatiga bog‘liq bo‘lgan mamlakatlar sirasiga kiradi.
 
Erlangen-Nyurnberg universiteti talabasi, 20 yoshli Sagitjan Surendra teng imkoniyatlar yaratilishi uchun kurashmoqda va kam ta’minlangan oilalarda voyaga yetayotgan, shuningdek, nemis tilida yaxshi gapirolmaydigan o‘smirlarning ta’lim olishlariga ko‘maklashmoqda. Bu ijtimoiy loyihasi uchun u “Yil talabasi” deb tan olindi.   

Tarjimai holiga qaramay tibbiy diplom egasi  

Sagitjan Surendra Nyurnbergda tug‘ilib o‘sgan. Uning tug‘ilishidan sal oldin ota-onasi urush tufayli Shri-Lankadan Germaniyaga qochib kelishgan. Oila oyoqqa turib ketgunicha ancha qiynalgan. Biroq, Sagitjanga baxt kulib boqqan. U yetuklik attestatini qo‘lga kiritib, eng yuqori ball bilan universitetga kirishga muvaffaq bo‘lgan. U hozir molekulyar tibbiyot bilan shug‘ullanish bilan birgalikda boshqalarga ham o‘z imkoniyatlarini ochishga ko‘maklashmoqda.
   
3 yil oldin u Aelius Förderwerk jamoat birlashmasini tashkil qildi. Uning guruhi 50 talaba-ko‘ngillilardan tashkil topgan. Volontyorlar o‘smirlar uchun turli yo‘nalishlarda treninglar, seminarlar va sayohatlar tashkil qilishadi. “Kasbga yo‘naltirish – asosiy mavzulardan biri. Ammo, umuman olganda, jamoat hayotida ishtirok etish ham juda muhim. Biz o‘smirlarning dunyoqarashini kengaytirishni, ularning istiqbolini ko‘rsatishni istaymiz. Men o‘zimning shaxsiy tajribamdan bilamanki, ayrim mavzular bolaga mutlaqo notanish, chunki ota-onasi bu mavzudan ancha yiroq bo‘lishi mumkin”, deydi Sagitjan Surendra DW’ga bergan intervyusida. O‘tgan yili maktab o‘quvchilari uchun asosiy mavzu – ekologiya bo‘lgan. “Yana bir mavzu – gender rangbaranglik, – deya aniqlik kiritdi talaba. – Shuningdek, adabiy seminarlar ham o‘tkazildi, biz yozuvchilarni taklif qildik. Hammamiz birgalikda DNK-laboratoriyasiga bordik”.
 
O‘quvchilar uchun murabbiylar 
O‘tgan yildan beri qiyin sharoitga tushib qolgan oilalarning maktabda o‘quvchi farzandlari uchun murabbiylik loyihasi asosida ish boshlaganmiz. Tayinlangan murabbiylar o‘quvchilarning dars jarayonlarini kuzatadi, zarur holatlarda maslahatlar beradi, o‘zlashtirib olishiga ko‘maklashadi. Hozirda murabbiylik bilan taxminan 5-10 kishi shug‘ullanmoqda. Ular madaniy, iqtisodiy va siyosiy yo‘nalishlardagi taniqli odamlar. Misol uchun, Gamburgda bir o‘quvchi qiz bor. Aktrisa bo‘lishni juda ham istaydi. Onasi yolg‘iz. Qiynalgan. Topgani hayotiy zarur narsalarga zo‘rg‘a yetadi. Bu qizning teatr va kino bilan bog‘liq odamlar orasiga tushishi juda qiyin edi. Biz unga Germaniya va Gollivud kinolarida rol ijro etuvchi, taniqli rejissyor va aktyor bo‘lgan murabbiy  topdik, – deya o‘z quvonchlari bilan o‘rtoqlashdi Sagitjan Surendra.
Bu loyiha nafaqat Bavariya, balki butun Germaniya bo‘ylab tarqalgan. “Biz o‘z loyihalarimizni maktablarga taklif qilamiz, o‘qituvchilar bilan suhbatlashamiz, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritamiz”, deya davom etadi talaba. Dastlab murabbiylarni qidirdik, elektron pochtalar orqali ularni loyihalarimizda ishtirok etishga chaqirdik. Hozirda murabbiylarning o‘zlari tashkilotchilar safiga qo‘shilishgan. Maslahatlar va seminarlardagi ishtiroklari uchun o‘quvchilar pul to‘lashmaydi. Hammasi bepul. Murabbiy va talabalar mutlaqo o‘z xohishlari bilan faoliyat yuritishadi. Men loyihalarim bilan leksiyalar orasi, kechqurunlari shug‘ullanaman. Bo‘sh vaqtim kam. Agar motivatsiya bo‘lsa, vaqt topiladi.

Sagitjan Surendra o‘z fikrini davom ettirar ekan, loyiha ishtirokchilari migrantlar yoki kam ta’minlangan, kambag‘allar oilalaridagi o‘smirlar qanday muammolarga duch kelishi mumkinligini shunchaki eshitib tasavvur qilishmaydi, balki ayrimlari o‘z boshlaridan o‘tkazishgan, ayrimlari bevosita borib, ko‘rib, xulosa qilishgan.
   
Qanday qilib yil talabasi bo‘lish mumkin
Germaniyada “Yil talabasi” unvoni akademik ko‘rsatkichlar “a’lo” bo‘lishidan, jamoat ishlarida faol ishtiroki bilan ajralib turadigan talabalarga beriladi. Bu konkurs Deutscher Hochschulverband – oliy maktablar nemis birlashmasi va Deutsches Studentenwerk – OO‘Yu talabalarini qo‘llab-quvvatlash nemis jamiyati tomonidan o‘tkaziladi va bu yil beshinchi tanlov bo‘lib o‘tdi. Konkursda nafaqat Germaniyada tahsil olayotganlar, balki chet elliklar, shuningdek, chet ellarda ta’lim olayotgan nemis yoshlari ham ishtirok etishlari mumkin. Qaysi yo‘nalishda tahsil olayotganlari muhim emas. Asosiysi – talabaning o‘zi o‘z nomzodini ko‘rsata olmaydi. O‘tgan yillardagi g‘oliblar orasidagi berlinlik talaba maktab o‘quvchilari uchun tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bepul o‘quv kurslarini tashkil etgan. Vitten-Xerdek universiteti talabasi esa o‘z hamkorlari bilan birgalikda Afrikadagi ikki davlat uchun ijtimoiy loyihani amalga oshirmoqda. Mukofot jamg‘armasi – 5 ming yevro.