G‘ilonlik rais: “Oxiri baxayr bo‘lsin, kechasi yo‘limdan ayiqlar chiqadi” 

  • 12:04 / 13.08.2019
  • 728

Foto: xabardor.uz

“G‘ilon” qishlog‘i nafaqat Shahrisabz tumanining balki, yurtimizning ham eng olis, eng so‘lim, eng purviqor tog‘lar bag‘ridagi eng bahavo qishloqlaridan biridir. Qariyib 3000 metr balandlikda, bugun 6 ming nafarga yaqin yurtdoshimiz umrguzaronlik qilib kelishayotir. Bizning bu tog‘lik vatandoshlarimiz ham yurtimizning tinchligi, osudaligi va dorulomon kunlari shukuhidan bahramand – o‘z dard-u tashvishlari, quvonchlari bilan hayot kechirishmoqda. 

Kasb taqozosi bilan yaqinda shu go‘zal qishloqda bo‘lib, tog‘liklarnining turmush tarzi, yashashi bilan yaqinroq tanishish imkoniga ega bo‘ldim. Maftunkor G‘ilon qishlog‘iga “tarixiy yurish”imizga Shahrisabz tumanidagi MTM rahbari Dilorom Imomova hamrohlik qildi. Shu olis qishloqda ham o‘tgan yili ilk bog‘cha ochilgan. – Boshida bu yerda bog‘cha ochishga rosa qiynaldik. Negaki, muassasa kollejning ustaxonasida – moslashtirilgan binoda edi. Qishloq ahli esa yangi bino qurilmasa bolalarimizni bermaymiz, deb turib oldi. Kelajakda yangi bog‘cha albatta qurilishini aytib, tushuntirish ishlarini olib bordik. Ko‘rib turganingizdek, bugun qishloqning 100 dan ziyod bolajonlari bog‘chada ta'lim-tarbiya olishmoqda. Harakatlarimiz besamar ketmadi.

 

Undan tashqari bu yil qishloqda 25 qamrovli xususiy bog‘cha ham ish boshladi. Bularning hammasi yurtimizda maktabgacha ta'lim muassasalarining faoliyatiga katta ahamiyat qaratilganidandir, - deydi Dilorom Imomova. 
  Qishloq ahlining o‘y-xayollari, quvonch-u tashvishlari muammolar xususida “G‘ilon” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Ziyodulla Soqievdan so‘radik.
Ziyodulla aka bilan uchrashganimizda uning yuz- ko‘zidan charchoq alomatlari ko‘rinib turardi.

-  Bilasizmi, hozir men qishloqning yuqorisidan tushib kelyapman. Yaqinda sel kelib, yo‘llarimizga zarar yetkazgandi. O‘sha yo‘lni qishloqdoshlarimiz bilan tuzatdik. Bizda, hatto yoz o‘rtalarida ham to‘satdan sel kelib qoladi. Bunday tabiiy ofatlar tez-tez bo‘lib turadi,- deydi suhbatdoshim.

-  Bizning bir yutug‘imiz qishlog‘imizda oilalar totuv, ajralishlar va qo‘ydi-chiqdilar juda kam va bu bizni quvontiradi. Lekin aholini, ayniqsa, yoshlarni qiynab kelayotgan ayrim muammolar borki, bularni aytmasam bo‘lmaydi. Qishlog‘imizda bironta ham kutubxona yo‘q. Madaniy dam olish maskanlarini aytmasam ham bo‘ladi. 
     Bunday joylarni ular faqat televizorlarda ko‘rishgan, xalos.

Qishloqning tabiati maftunkor, havosi toza, mashhur qadamjolari bisyor. Ammo  negadir sayyohlardan darak yo‘q. Bu borada manfaatdor idoralar ko‘plab yo‘nalishlarni ochsa, kelajakda bu beqiyos go‘zal qishloqqa kelib-ketuvchi mahalliy va chet ellik sayyohlar ko‘payarmidi?..

Bu yerda ziyorat, gastronomik, sport va eko  turizmini yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.

-  Mahalla raisini qiynayotgan muammolardan biri har hafta dushanba kuni tonggi soat 6:00 da viloyat hokimi o‘tkazadigan selektor yig‘ilishi bilan bog‘liq. Gap shundaki, ushbu selektor yig‘ilishiga qatnashish uchun Ziyodulla aka tunggi soat 1:00 da turishiga to‘g‘ri keladi. Mototsiklida u  Shahrisabz qaydasan, deya tog‘ daralari orqali o‘tuvchi, tunda yanayam vahimali ko‘rinadigan yo‘llardan 40 - 50 km. masofa yo‘l bosib  “Miroqi”ga yetib oladi. U yerda mototsiklini qoldirib, Shahrisabzga qatnovchi transportlarda selektorga yetib keladi. — Kechasi yo‘lda yovvoyi hayvonlarga, hatto 3-4 marta ayiqqa yo‘liqdim. Yaxshiyam u menga tashlanmadi. Bunday bemahal yo‘lga chiqishning oxiri baxayr bo‘lsin ishqilib, deydi,- Ziyodulla Soqiev. Mutasaddilar balki, Ziyodulla aka singari chekka olis va tog'li hududlar raislarini mashaqqat chekib selektorlarda qatnashish orniga yig'ilish tafsilotlari va topshiriqlarini yetkazishning boshqa muqobil usullarini tatbiq etishsa ayni muddao bo'larmidi?

 


  Aʼzam Xoʻjaqulov, Xabardor.uz muxbiri