Google Android versiyalarini shirinliklar sharafiga nomlashni to‘xtatdi

  • 09:55 / 23.08.2019
  • 470

Google Android’ning yangi versiyalariga shirinliklar sharafiga nom berish amaliyotidan voz kechdi. Endi ular oddiygina raqamlanadi, deyiladi kompaniya blogida.

Google 2009-yildan beri Android’ning har bir versiyasiga shirinliklar nomini berib keladi. Bunda har bir yangi nom alifboning keyingi harfi bilan boshlandi.

Oldingi versiyalarning bir nechta nomlari: Cupcake, Jelly Bean (jele konfet), KitKat, Lollypop (lolipop), Marshmallow (zefir), Oreo, Pie (pirog).

Google, shuningdek, pirog barcha mamlakatlarda shirinlik deb hisoblanmasligi va zefir har doim ham mashhur emasligini qo‘shimcha qildi. Madaniy va mintaqaviy tafovutlar “dunyo miqyosida tushuniladigan va qadrlanadigan nomlar” tanlashni qiyinlashtirgani sababli kompaniya ushbu amaliyotdan voz kechishga qaror qildi.

Oldinroq xabar qilinganidek, shu yil kuzda chiqariladigan yangi Android’ga Android 10 deb nom beriladi.

Google shuningdek, Android logotipini ham yangilagan. Logotipning shakli va rangi o‘zgardi. Android so‘zidagi harflar endi yashil emas, balki qora rangda.

Rasmiy logotipning o‘zgarishi Android 10 ning chiqarilishi bilan birgalikda, kelgusi haftalarda amalga oshiriladi.