Halollik

  • 19:52 / 31.05.2020
  • 86

O‘tgan zamonda bir dehqon bo‘lgan ekan. Uning kambag‘al oshnasi bor ekan. Kunlardan bir kuni u dehqondan bir tanob yerini sotishni iltimos qilibdi. Dehqon yerning bir chekkasini kambag‘al oshnasiga sotibdi.
Yerni olgan odam bir qalin og‘aynisidan qo‘sh ho‘kiz olib kelib, yer haydayotganida, omochning tishi bir nimaga tegibdi. Dehqon parvo qilmay haydayveribdi. Qaytib o‘sha yerga kelganida omochning tishi yana haligi narsaga urilibdi. Kambag‘al dehqon: “Ilgari bu yerda daraxt bo‘lgan, uning to‘nkasi qolib ketgan shekilli”, – deb o‘ylabdi.
U ketmon olib kelib, omoch tishiga qadalgan narsani kovlay boshlabdi. Nihoyat, u yerdan xumcha chiqibdi. Uni ochib qarasa, ichi to‘la tilla emish. Dehqon yerning qolgan qismini ham haydab, urug‘ sepibdi. So‘ng ho‘kizlarni egasiga topshiribdi. Xumchadagi tillani ko‘tarib, to‘g‘ri yer sotgan dehqon oshnasining uyiga boribdi. U oshnasiga:
– Sizdan olgan yerimni haydayotgan edim, mana shu xumchani topib oldim, ichidan tilla chiqdi. Uni o‘zingizga olib keldim, debdi.
Dehqon kambag‘alga:
– Men sizga yerni sotganman. Demak, u yerda nimaiki bo‘lsa, sizniki bo‘ladi. Men yer tagida nima borligini bilmaganman. Sizga xudo beribdi. Bola-chaqangiz bilan maza qilib yashang, – deb xumchani olmabdi.
Kambag‘al dehqon esa: “Bu boshqa kishining noni. Uni olsam, o‘g‘ri, jinoyatchi bo‘lib qolaman”, deb o‘ylab, xumchani yana boy dehqonga uzatibdi. Ikkalasi hech kelisha olmabdi.
Nihoyat, namozi asr o‘qilayotganda masjidga boradigan, u yerdagi odamlardan so‘rab, bu ishni hal qiladigan bo‘lishibdi…
Masjiddagilar: “Qishloqdagi yetim-yesir va bevabechoralarga bo‘lib beringlar”, – deb maslahat berishibdi.
Bunga dehqon ham, kambag‘al ham rozi bo‘libdi.
Shunday qilib, ular tillani qishloqdagi beva-bechoralarga, kambag‘al, yetim-yesirlarga tarqatishibdi.
Kambag‘al dehqon esa o‘z mehnati bilan halol kun ko‘rib, murod-u maqsadiga yetibdi.

Teglar