Hamkasb bilan bo‘lgan yoqimsiz suhbatdan keyin nima qilish kerak?

  • 18:35 / 12.07.2019
  • 674

Har birimizda biror marta bo‘lsa-da shunday suhbatlar bo‘ladiki, hamma gapni aytishga aytib qo‘yib, harakatlarimiz atrofdagilarda qanday taassurot uyg‘otganini o‘ylab achinamiz. Bu bizni salbiy hislar domiga tortadi. Undan esa chiqish oson emas.

Foto: Getty Images

Harvard Business Review ana shunday omadsiz suhbatlardan keyin munosabatlarni tiklash bo‘yicha bir necha usullar bilan o‘rtoqlashdi.

Aybingizni tan oling va vaqt bering. Agar suhbatdoshingiz bilan o‘rtangizdagi bahs siz istagan narsa bilan tugamaganini tushungan bo‘lsangiz, suhbatdoshingizni yolg‘iz uchrashuvga taklif eting. O‘z harakatlaringiz uchun mas'uliyatni zimmangizga olib, noto‘g‘ri ish tutganingizni ayting. Qattiq tanqid qildingizmi, messenjerda xabarlarga ko‘mib tashladingizmi – buning ahamiyati yo‘q. Kelajakda ana shunday holatlarning oldini olish uchun sodir bo‘lganlarni batafsil muhokama qilishni istayotganingizni ayting.

Yodingizda bo‘lsin, hamkasbingiz aytganlaringizni yaxshilab o‘ylab olishi uchun vaqt so‘rashi mumkin. U bo‘lib o‘tganlarni ayni vaqtda yoki keyinroq muhokama etishga tayyorligini tushunishga harakat qiling. Agar ortga surmay, darhol xatolaringizni tan olsangiz, hamkasbingiz kamchilik va kuchsizliklaringiz ustida ish olib borishga bo‘lgan intilishingizni tushunadi.

Kechirim so‘rang va minnatdorchilik bildiring. Ko‘pchilik yo‘l qo‘yilgan xatodan keyin oddiygina kechirim so‘rashning o‘zi yetarli deb hisoblaydi. Biroq «Kechir» so‘zining o‘zi munosabatlarni tiklash uchun yetarli emas. Hamkasbingizning umumiy ishga qo‘shayotgan ijobiy hissasini tan olsangiz, o‘zining qimmatli xodim ekanini his etadi. Kechirim so‘raganingizdan keyin hamkasbingizning suhbat vaqtidagi ezgu istaklari va harakatlari, masalan sizni diqqat bilan tinglagani uchun unga minnatdorchilik bildiring.

Umumiy maqsadni aytib o‘ting va ishontirishga harakat qiling. Muvaffaqiyatsiz suhbat mavzusida o‘ralashib qolmang. Buning o‘rniga diqqatingizni eng muhim narsa – umumiy maqsadlarga qarating. Masalan, hamkasbingiz bilan hamkorlik qilishga befarq emasligingizni bildiring. Chunki barcha mijozlaringiz uchun sizdagi bilim va ko‘nikmalar juda muhim. Hamkasbingizdan u munosabatlardan qanday xulosa chiqarishni istayotganini so‘rang va birgalikda olg‘a harakat qilishda yordam beradigan umumiy maqsadni aniqlashga harakat qiling.

Xatolar ustida hamkorlikda ish olib boring. Kelajakda ana shunday xatolarning oldini olish imkonini beradigan usullarni birgalikda ishlab chiqing. Ehtimol, hamkasbingiz sizning sohangizga tegishli g‘oyani omma oldida aytishdan oldin siz bilan shaxsan masalahatlashishi kerakdir. Siz esa hamkasbingizga uchrashuvning kun tartibi haqida ma'lumot berishingiz mumkin. Ana shunday qilsangiz, unda tayyorlanish imkoniyati  mavjud bo‘ladi.

Agar uchrashuv va muhokamalar vaqtida salbiy reaksiyani namoyish etishga moyil bo‘lsangiz, hamkasbingizdan sizni ogohlantiruvchi biror belgi berishini so‘rang. Masalan, o‘zingizdan chiqishni boshlasangiz, hamkasbingiz «Kerakli sahifani topa olmayapman, yordam bermaysizmi?» qabilidagi imo-ishora signalini ko‘rsatishi mumkin.

Resurslaringizni munosabatlarga investitsiya qiling. Afsuski, kelasi uchrashuv albatta bir tekisda o‘tishiga hech qanday kafolat mavjud emas. Munosabatlaringizga bo‘lgan ishonchga putur yetkazdingiz. Hatto yuqorida aytilgan barcha qadamlarni bajargan bo‘lsangiz-da, siz va hamkasbingizda yoqimsiz xotiralar esga olinishi ehtimoli mavjud. U butunlay yo‘qolishi uchun vaqt zarur.

Ishonchni oqlash va munosabatlarni tiklashni tezlashtirish usullaridan biri – bir-biringizga kichik yordam berish. Hamkasbingizdan yordam so‘raganingizda ana shu yordamga ehtiyojingiz borligi va uni qay darajada qadrlashingizni ko‘rsatasiz. O‘zingiz xuddi shunday yordam ko‘rsatganingizda esa buni ikkitomonlama jarayonga aylantirasiz. Shunday qilib, ishonchga zamin yaratiladi.

Yoqimsiz suhbatdan keyin ana shunday holga tushsangiz, yuqorida tasvirlangan usullardan foydalaning. Biz o‘zimizning salbiy fikr va so‘zlarimiz hukmi ostida qolishimiz mumkin. Biroq xatolaringizni to‘g‘rilashga harakat qilsangiz, jamoadagi aloqalarni mustahkamlashingiz va hamkasblar hurmatiga sazovor bo‘lishingiz mumkin.

Teglar