Hammaga ma’lum tovar belgilari deb e’tirof etish to‘g‘risidagi arizalarni berish va ularni ko‘rib chiqish qoidalari tasdiqlandi

  • 10:35 / 08.11.2019
  • 90

O‘zbekiston Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashiga apellyatsiyalar va O‘zbekiston Respublikasida hammaga ma’lum tovar belgilari deb e’tirof etish to‘g‘risidagi arizalarni berish va ularni ko‘rib chiqish qoidalari tasdiqlandi.
 

Norma’ning yozishicha, manfaatdor shaxslar apellyatsiya va arizalar berish bilan bog‘liq harakatlarni shaxsan o‘zlari yoki vakillari, shu jumladan, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan patent vakillari orqali amalga oshirishlari mumkin. O‘zbekistondan tashqarida doimiy istiqomat qiladigan jismoniy shaxslar va chet el yuridik shaxslari yoki ularning vakillari xalqaro shartnomalar doirasida harakat qilishlari mumkin. Vakilning (patent vakilining) vakolatlari vakolatlarning hajmi ko‘rsatilgan ishonchnoma bilan tasdiqlanadi.
 

Apellyatsiya yoki ariza ixtiyoriy shaklda tuziladi. Bunda Kengashga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan masalaga bog‘liq holda ularda bo‘lishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarning to‘liq hajmi keltirilgan. Apellyatsiya intellektual mulk obektiga bitta buyurtmaga, ariza esa – bitta tovar belgisiga oid bo‘lishi lozim. Apellyatsiya materiallari 2 nusxada topshiriladi.
 

Apellyatsiyalar “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”, “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”, “Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlarida belgilangan muddatlarda beriladi.
 
Apellyatsiya yoki arizaga patent boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Aks holda, apellyatsiya yoki arizani ko‘rib chiqish bo‘yicha yuridik ahamiyatga molik harakatlar amalga oshirilmaydi.
 
Apellyatsiya yoki ariza o‘zbek yoki rus tilida topshiriladi. Barcha qo‘shimcha materiallar, shu jumladan texnik hujjatlar o‘zbek yoki rus tilida 2 nusxada topshiriladi. Agar qo‘shimcha materiallar boshqa tilda topshirilgan bo‘lsa, ariza bergan shaxs 3 oy muddat ichida ushbu materiallarning o‘zbek yoki rus tiliga tarjimasini taqdim etishi lozim. Aks holda bunday materiallar apellyatsiya yoki arizani ko‘rib chiqishda e’tiborga olinmaydi.
 

IMA’ga kelib tushgan apellyatsiya ro‘yxatga olinadi va unga ro‘yxat raqami beriladi. Agar apellyatsiya berish shartlariga javob bersa, u kelib tushgan sanadan e’tiboran 10 kunlik muddat ichida apellyatsiya bergan shaxsga ko‘rib chiqishga qabul qilinganligi haqida bildirishnoma yuboriladi. Agar apellyatsiya uni berish shartlarini qanoatlantirmasa, murojaat qilgan shaxsga apellyatsiyani ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni 3 oy muddat ichida taqdim etish taklifi bayon qilingan so‘rovnoma yuboriladi. Ma’lumotlar ko‘rsatilgan muddatda taqdim etilmasa, apellyatsiya bo‘yicha ish yuritish to‘xtatiladi va bu haqida apellyatsiya bergan shaxsga xabar beriladi. Muallif ko‘rib chiqishning istalgan bosqichida apellyatsiyani chaqirib olishi mumkin. Bu holda, apellyatsiya bo‘yicha ish yuritish to‘xtatiladi. 
Yig‘ilishdan 10 kun avval tomonlarga Apellyatsiya kengashi yig‘ilishining o‘tkazilish joyi, sanasi va vaqti haqidagi bildirishnoma yuboriladi. Apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish muddatlari masalaga bog‘liq holda 2 oydan 6 oygacha muddatni tashkil etadi. Arizalar Apellyatsiya kengashi tomonidan 4 oy ichida ko‘rib chiqiladi. Apellyatsiya yoki arizani ko‘rib chiqish Apellyatsiya kengashi yig‘ilishida amalga oshiriladi.
 
Apellyatsiya kengashida ishni ko‘rib chiqishda apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs yoki uning vakili, boshqa manfaatdor yuridik yoxud jismoniy shaxslar qatnashishi mumkin, biroq ularning kelmay qolishi ishni ko‘rib chiqishga to‘siq bo‘la olmaydi.
 
Apellyatsiya kengashi bitta obyektga, aynan bitta tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomlariga oid bir necha apellyatsiyalar yoki arizalarni ko‘rib chiqishni tomonlarning roziligini olgan holda birlashtirishga haqli. Apellyatsiya kengashining qarori har bir ish bo‘yicha alohida chiqariladi.

Apellyatsiya kengashida ishni yuritish o‘zbek yoki rus tilida olib boriladi. Bu tillarni tushunmaydigan shaxslar materiallar bilan tarjimon orqali tanishish va yig‘ilishda o‘zbek yoki rus tilida so‘zga chiqish huquqi bilan ta’minlanadi.
 
Apellyatsiya yoki arizani mohiyatini ko‘rib chiqish, qoidaga ko‘ra, quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

• Apellyatsiya kengashi raisining ma’ruzasi;
• apellyatsiya yoki ariza bergan shaxs va (yoki) uning vakili, shu jumladan patent vakilining so‘zi;
• ishga jalb qilingan ekspertning so‘zi;
• ko‘rib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslarning Apellyatsiya kengashi a’zolari va yig‘ilish ishtirokchilarining savollariga javoblari;
• ko‘rib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan oldingi so‘zlangan nutqlarning to‘ldirilishi.
 

Apellyatsiya kengashining qarori apellyatsiya yoki ariza mohiyatini ko‘rib chiqish tugagandan so‘ng kengash a’zolarining yopiq yig‘ilishi natijasi bo‘yicha ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Kengash a’zolari ovoz berishda betaraf qolish huquqiga ega emas. Kengash raisi eng oxirida ovoz beradi. Kengash apellyatsiya yoki arizani to‘liq yoki qisman qanoatlantirish yoxud qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
 

Apellyatsiya kengashining qarori ish jildiga qo‘shib qo‘yiladi va 10 ish kuni mobaynida apellyatsiya yoki ariza bergan shaxslarga, boshqa manfaatdor shaxslarga yuboriladi va IMA’ning rasmiy nashrida va saytida e’lon qilinadi.