Harakatlanish vositalari inson umri davomiyligiga qanday ta’sir qiladi?

  • 09:04 / 21.09.2021
  • 83

O‘qishga, ishga borish uchun shaxsiy yoki jamoat transportidan foydalangandan ko‘ra piyoda yurgan ma’qulroq ekanligini ko‘p ta’kidlashadi. Haqiqatdan ham bu sog‘lomroq bo‘lishga ko‘maklashadimi? Sport bilan shug‘ullanishga vaqt topa olmayotganlarga ertalab yoki kechki paytlarda piyoda yurish, shuningdek, velosipedda harakatlanish, darhaqiqat, organizmni toblaydi. Mashina yoki avtobusda yurishdan voz kechib, piyoda yoki velosipedda harakatlanish umr davomiyligiga bevosita bog‘liq ekanligi ham isbotlangan.
  
Gohida avtomobildan voz kechgan ma’qul
Olimlar ikkilanuvchilarga buni isbotlash uchun Buyuk Britaniyaning 400 ming aholisi ishtirokida tadqiqot o‘tkazishdi. Natija eng “sog‘lom” transport vositasi velosiped ekanligini ko‘rsatgan: avtotransport ixlosmandlariga qaraganda velosipedchilar orasida o‘lim holati 20 foizga, yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rish -24 foizga, saraton bilan og‘rish ehtimoli esa -16 foizga kam. 


  
Nima bilan harakatlangan yaxshiroq?
Kembrij universiteti olimlarining tadqiqoti keyingi bir necha yil ichida o‘tkazilgan tadqiqotlar orasidagi eng yirigi va keng ko‘lamlisi hisoblanadi. Ular 1991-yilda o‘tkazilgan aholi ro‘yxatidagi ma’lumotlarni olib, ro‘yxatning 2001-2011-yillarda yangilangan ma’lumotlari bilan solishtirib chiqishdi. Ularni harakat vositalarining (avtomobil, jamoat transporti, velosiped yoki piyoda yurish) yurak-qon tomir va saraton kasalliklariga ta’sirini o‘rganish qiziqtirgan edi. Shu asosda aniq odamlarning ijtimoiy, iqtisodiy statuslaridagi o‘zgarishlarga, surunkali kasalliklariga, ta’lim darajasiga ham e’tibor qaratildi.  
 
Kuzatish davrida taxminan 14 ming odam dunyodan ko‘z yumgan, ularning 6500 nafari saratonga, 3200 nafari yurak-qon tomir kasalliklariga yo‘liqqan edi. Natijada, eng sog‘lom kishilar velosiped haydovchilari bo‘lib chiqdi. Avtomobil haydovchilariga qaraganda ularga bu kasalliklar juda ham kam uchrashi qayd etildi (motosiklchilar bu statistikaga kiritilmagan). Jamoat transportidan foydalanuvchilar va piyoda yuruvchilarda ham kasallanish taxminan 13 foizga kam bo‘lgan. Chunki ularning ham transport bekatiga, transportdan tushgandan keyin ishxonaga yetib borguncha piyoda yurishlariga to‘g‘ri keladi.

 

Amsterdamliklarning aksariyat ko‘pchiligi velosipedda yurishi bekorga emas
Shu tariqa olimlar nisbatan faol harakat shaxsiy transportda yurganga qaraganda odam organizmiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, degan xulosaga kelishdi. Va bunda ular avtomobil haydovchilari duch kelishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari tufayli yuzaga keladigan yuqori darajadagi o‘lim holatini hisobga olishmagan. Shuningdek, velosiped haydovchilari xuddi sport mashqlari singari ortiqcha vazndan xalos bo‘lishlarini ta’kidlashadi. Shunday ekan, kimning imkoni bo‘lsa, pandemiya sharoitida jamoat joylaridan qochish maqsadida velosiped haydashga o‘tgan ma’qul ko‘rinadi. Agar bunday imkoniyat bo‘lmasa, har kuni 10-15 daqiqalik sayrga chiqish mumkin. 8 soatlik ish vaqtida bir joyda o‘tirmang, albatta, piyoda yurishga harakat qiling. Avtomobilda yuradigan bo‘lsangiz, uni uyingizdan, ishxonangizdan, do‘kon-u bozorlardan birmuncha olisroq masofada saqlashga intiling. Piyoda yurish imkoni ko‘payadi.


Qizig‘i shundaki, kundalik jismoniy faollik va sog‘liq o‘rtasida muhim bog‘liqlik borligi 1950-yillardayoq londonlik transportchilar tomonidan isbotlangan. Ular avtobus haydovchilarining chiptachilarga qaraganda yurak xuruji ko‘proq uchrashini sezib qolishgan. Ular o‘rtasidagi asosiy farq shundaki, chiptachilar kun davomida avtobus ichida muntazam harakatda bo‘lgan, haydovchilar esa – o‘tirgan. Shuning uchun jismoniy harakatni yurak-qon tomir kasalliklariga qarshi “moʻjizaviy vosita”, deb qabul qilishadi. To‘g‘ri, tavsiyalar har qancha ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, zamonaviy odamlarda ilgarilarga qaraganda ham o‘tirib ishlash tarzi ko‘proq kuzatiladi. Va oqibatda butun dunyoda yurak-qon tomir kasalliklari tufayli hayotdan ko‘z yumish holatlari oshib bormoqda.

Ilgariroq, hamkasblarimdan biri, 2 hafta mobaynida jismoniy faollik bo‘lmasa arteriya funksiyalarida pasayish kuzatilishi haqida yozgan edi. Bundan tashqari, natijalar diabet rivojlanishi, tana vaznining ortishi va insulinga sezuvchanlikning oshishini ham ko‘rsatgan. Muammo shundaki, oxirgi oylar ichida juda ko‘pchilik karantinda va o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishda bo‘ldi. Bu esa nafaqat tana vaznining ortishiga olib keldi, balki kelajakda fizik holatning yomonlashuviga ham sabab bo‘ladi. Ko‘chada yurishga ruxsat berilgan zahoti darrov marafoncha yugurishga shoshilish kerak emas. Kam harakat paytida mushaklar (shu jumladan, yurak mushaklari ham) atrofiyaga uchragan bo‘lishi mumkin.