Harbiy-ma’muriy sektorlar xarajatlari qanday moliyalashtirilishi ma’lum qilindi

  • 13:52 / 13.08.2019
  • 185

Harbiy-ma'muriy sektorlarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uzxabar bermoqda.

Jamg‘arma 2018-yil avgust oyida tashkil etilgan. Unga Qoraqalpog‘iston byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari daromadining oshirib bajarilgan prognoz ko‘rsatkichlari bo‘sh koldiqlari summasidan 10%gacha miqdordagi ajratmalar o‘tkaziladi. Ajratmalar I-III choraklar yakunlari bo‘yicha byudjetlar daromadining oshirib bajarilgan bo‘sh qoldiqlari aniqlangandan so‘ng hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechikmay o‘tkaziladi.

Ajratmalar summasining yarmi Moliya vazirligining alohida shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga tushadi va keyinchalik Mudofaa vazirligi bilan kelishgan holda taqsimlanadi. Ikkinchi yarmi esa Mudofaa vazirligi bilan kelishgan holda xarajatlarni moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va hokimliklarning shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida qoldiriladi.

Pul mablag‘lari Jamg‘arma hisobvarag‘iga o‘tkazilgandan so‘ng, biroq hisobot choragi yakunlanganidan keyin 45 kundan kechikmay o‘tkazilgan pul mablag‘larining miqdori to‘g‘risida mudofaa idorasiga xabar qilinadi.

Jamg‘arma mablag‘lari:

harbiy qismlar, bo‘linmalar va muassasalarda rejalar (“yo‘l xaritalari”) tadbirlarini va boshqa muhim loyihalarni moliyalashtirish;
harbiy shaharchalar va poligonlar infratuzilmasi obyektlarini zamonaviy talab va standartlarni hisobga olgan holda takomillashtirish va rivojlantirish, kapital qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash;
harbiy qismlar, bo‘linmalar va muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
harbiy xizmatchilarning oila a'zolari uchun yangi uy-joylar, bolalar bog‘chalari va o‘yin maydonchalarini qurish, mavjud turar joy fondini ta'mirlash, shuningdek, uy-joy-kommunal xo‘jaligi, energiya, suv va issiqlik ta'minoti, transport qatnovi sohasidagi masalalarni hal etish;
respublikaning hozirgi zamon tarixi milliy qahramonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning oilalariga ma'naviy va moddiy yordam ko‘rsatish;
seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar, amaliy mashg‘ulotlar, treninglar, shuningdek, madaniy-ommaviy va boshqa tantanali tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun sarflanadi.

Mudofaa vazirligi bilan kelishmasdan yoki qonunchilikda nazarda tutilmagan maqsadlar uchun Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish taqiqlanadi. Mablag‘larning tushishi va ulardan foydalanish ustidan qat'iy nazorat, hisobot va javobgarlik belgilangan.

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 11.08.2019-yildan kuchga kirdi.