Haydovchilarga dekabr oyi uchun 10 ta tavsiya

  • 13:27 / 03.12.2019
  • 836

Qishning ilk oyi – dekabr avtoulov sohiblaridan katta e’tibor talab qiladi. Sovuq, muz va qorlarga o‘zingizni ham, sevimli mashinangizni ham tayyorlash vaqti keldi.

Mashinangizni kamroq yuving

Avtomobil – haydovchining yuzi. Qishning sovuq kunlarida mashinani ko‘p yuvishdan tiyilgan ma’qul. Chunki bundan mashinaning ustki bo‘yoq qoplamasi qattiq “norozi” bo‘lishi mumkin. Ustiga ustak, mashinani uzoq vaqtga sovuqda qoldirish qaysidir qismlarining muzlashi bilan tugaydi: eshiklarning ochilmay qolish holatlari uchrashi, mashina oynasining ko‘tarilib tushishi qiyinlashishi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun ularni tez-tez artib, quritib, tarkibida silikon mavjud bo‘lgan moylarni surib turishni unutmang. 

Nasosning ham foydasi tegadi

Mashina yukxonasida kompressordan tashqari oddiy nasosni ham olib yurish tavsiya etiladi. Izg‘irin kunlarda elektron qurilmalar “injiqlik” qilishi yoki elektrni ko‘p “yeb qo‘yishi” mumkin. Nasosga esa yetadigani yo‘q. Uni ishlatish uchun elektr toki ham kerak emas.  

Qahratonda smartfoningizni ham quvvatga to‘ldirib yurishni unutmang

Ushbu tavsiya qishning barcha kunlariga mos keladi. Mobil qurilmangizni tez-tez quvvatlab yurmasangiz, sovuq kunlarda uning nafi tegmay qolishi mumkin. Qahraton kunlarda kerakli qo‘ng‘iroqni amalga oshirish hayotiy zarurat bo‘lishi mumkin. 
Shu sabab mashinangizda doim smartfon quvvatlagichini olib yuring. 

Akkumulyator ham issiqni “yoqtiradi”

Eski davrlarda haydovchilar sovuq tunda mashina akkumulyatorini uyga olib kirib, issiq mato bilan o‘rab qo‘yishgan. Avvallari bu kabi usullar yordam bergan. Hozir ham shunday yo‘l tutadiganlar topiladi. 

Mashina eshiklarini ham ochib turing

Kimnidir kutayotgan vaqtda yoki mashina to‘xtab turganida salondagi nam issiq havoni tashqariga chiqarish uchun uning eshiklarini bir necha daqiqaga bo‘lsa ham ochish foydali. Bu sovuq havoda eshik va derazalarning muzlab qolish xavfini kamaytiradi.

Gugurt, belkurakning ham foydasi tegishi mumkin

Kerakli yukning og‘iri yo‘q deganlaridek, mashina yukxonasiga yuqorida aytilgan buyumlarni tashlab qo‘ysangiz aslo zarar qilmaydi. Qahratonning kutilmagan “injiqliklari”ga belkuraning foydasi tegib qolishi mumkin. Gugurt esa kerakli vaqtda olov yoqishga, isinishga yordam beradi.

Odeyal ostida

Issiqqina odeyal yoki ko‘rpa ostida bo‘lish insonni rohatlantiradi. Uni nafaqat odamning ustiga, balki mashinaga ham yopib qo‘yishingiz mumkin. Bu motorning, taxminan, 6 soatlar issiq turishini ta’minlaydi. Hozirgi megapolislarda bu kabi usullardan kim ham foydalanardi, dersiz? Ishoning, qishning izg‘irin kunlari issiq odeyal siz va mashinangizning joniga oro kiradi.

Mashinani issiqroq va panaroq joylarga qo‘ying

Turli sotuv rastalari yonidagi “issiq” va pana avtoturargohlarga mashinani qo‘yish sovuq kunlarda muammoning yechimi bo‘lishi mumkin. Issiq joyda mashina eshiklari bemalol ochilib-yopiladi, g‘ildiraklari ustidagi muz va qorlar eriydi. Sovuq kunda kim ham g‘ildiraklarni almashtirishni xohlaydi. Ammo issiq joyda buni osongina uddalash mumkin. 

Mashinani qor ostida qoldirmang

Hurmatli haydovchilar! Agar, dekabr oyida ko‘p qor yog‘ayotgan bo‘lsa, mashinani qor ostida qoldirmang. Agar qordan pana joy bo‘lmasa, mashinani yarim metr orqaga va yarim metr oldinga yurgancha yo‘lakcha yaratib keyin to‘xtang. Bu keyingi qo‘zg‘alishingizni osonlashtiradi. Shuningdek, avtoulovingizni qor kuraydigan joylarda qoldirmang.

Qo‘shimcha tavsiyalar

Qishda akkumulyator “salomatligiga” ko‘z-quloq bo‘ling. Qishki shinalarga o‘tishning vaqti yetdi. Tasodifiy tormoz bosishlardan saqlaning, mashinalar orasida oraliqni ham uzaytiring.