Hazil kuni tarixiga nazar

  • 11:52 / 01.04.2016
  • 16200

1 aprel kuni dunyoning bir qator mamlakatlarida "Hazil kuni" va "Aldash kuni" nishonlanadi. Shu kuni yaqin do‘stlar bir-birlari bilan hazillashishadi. 

1 aprel kuni bir marta bo‘lsa-da jilmayib qo‘ymaydigan odam deyarli topilmaydi. Birinchi aprel bir-biriga haddi sig‘adigan, qalbi pok insonlarning bayrami. Taqvimda qizil bilan belgilab qo‘yilmagan bayramni butun dunyoda nishonlash an'anaga aylangan. Tahlilchilarning fikricha, bugun ko‘pchilik bir marta bo‘lsa-da kimdir bilan hazillashadi. Chinakamiga xalqona bo‘lgan bu bayramda Yangi Zelandiya, Irlandiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Janubiy Afrika kabi mamlakatlarda tushga qadar hazilashishadi. Tushdan keyingi hazilni “aprel tentakliklari” deb atashadi.

Manbalarda ilk bor 1509 yilda fransuz shoirlaridan biri “Poisson d’Avril”  (Aprel hazillari) xaqida yozib qoldirgan. Lekin ilk bor hazil kuni 1686 yilda o‘tkazilgani aytiladi.

O‘zbeklarning askiyasi bir necha ming yillarga, hatto ibtidoiy jamoa tuzumiga borib taqalishi aytiladi. Gulxan atrofida to‘plangan ajdodlar bir-birlari bilan hazillashgani, shu tariqa askiya san'ati paydo bo‘lgani olimlar tomonidan isbotlangan. Askiya qadim-qadimdan beri ajdodlar madaniyatining bir qismi sifatida ko‘riladi. Ayni damda askiya YuNeSKO tomonidan Insoniyatning jahon nomoddiy madaniy boyliklari ro‘yxatiga  kiritilgan.

Hozir Yevropada nishonlanayotgan birinchi aprel kuni esa odamlarning bir-birlarini aldashdan boshlangan. Ayrim taxminlarga ko‘ra bahor havosining o‘zgarib turishi ham bu bayramga asos bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Germaniyaga Hazil kuni Fransiyadan kirib kelgan.

Yevropada Birinchi aprel bayrami  XVI asrda paydo bo‘lgan. Bunga fransuz qiroli Karl Birinchining 1564 yilda yangi yilni 1 apreldan 1 yanvarga ko‘chirish to‘g‘risidagi farmoni sabab bo‘lgan. Ammo odatga ko‘ra odamlar 1 aprelda bir-birlarni yangi yil bilan tabriklayverishgan. Ammo bayram xaqiqiy bo‘lmagani bois sovg‘alarni hazil sifatida qabul qilishgan. Masalan, bo‘m-bo‘sh qutilar sovg‘a qilingan. Vaqt o‘tishi bilan hazil birinchi aprel an'anasiga aylanib qolgan. Bu an'ana hamon davom etmoqda.

Yaqinda topilgan Philogelos (kulgi ishqibozlari) deb nomlangan hujjatda qadimiy kulgi haqida tasavvur uyg‘otadi. Gretsiyadan topilgan bu hujjat mualliflari Giyerokl va Filagrius bo‘lib, milodning uchinchi yoki to‘rtinchi asrlariga oid bo‘lib, unda  260ga yaqin hazil yozilgan.

Yozuvchi Belinskiy yozganidek, kulgi haqiqatni yolg‘ondan farqlashda vosita bo‘ladi. Insonda o‘z qadrini bilish tuyg‘usini uyg‘otishga qodir. Bugungi kunda kulgining turlari ko‘p. Masalan, hazil, parodiya, hajv, latifa, askiya kabi so‘z o‘yinlarini keltirish mumkin. Shu o‘rinda Afandi  latifalarini esga olamiz. O‘tmishda xalq biror narsani hajv qilmoqchi bo‘lsa, Afandi latifalarini to‘qigan. Latifa qiziqarli voqea borasida qisqacha hikoyadir. Latifa asosan og‘izdan-og‘izga o‘tib keladi. Latifalar insonlar faoliyatining barcha sohalarini qamrab oladi. Latifalarni ikkiga ajratish mumkin. Birinchisi, faqat kuldirish uchun to‘qib chiqarilgan bo‘lsa, ikkinchi latifada hayot xaqiqatlari o‘z aksini topadi. Latifalar  kuldirish bilan bir qatorda kishini o‘ylantiradi. Eng qizig‘i, latifalarning muallifi kim ekani hamisha ham ma'lum bo‘lmaydi.

Hajviyaning muhim xususiyati uning ma'lum makon va zamonda bo‘lishidir. Hajviya jamiyatda yuz berayotgan hodisalar tufayli tug‘iladi. Hajviyaning ildizlari miloddan avvalgi 2 asrlarga borib taqaladi. Tarixchi Pliniyning yozishicha, miloddan avvalgi VI asrda Gipponakt ismli shoir bir inson haqida o‘tkir hajviya yozadi. Natijada, o‘sha odam o‘z joniga qasd qiladi. 

18 asrdan boshlab hajviya xuddi tabiiy ofat kabi Yevropadagi barcha gazeta va jurnallarni egallab ola boshladi. Hajviya xuddi oynadir. Faqat unda o‘zingizdan boshqa hammaning yuzini ko‘rish mumkin. Hajviya ijtimoiy adolatga qarshi bo‘lganlarga nisbatan hujum.

 

Matbuotda 1 aprel sanasida ko‘plab hazillar e'lon qilingan.

Masalan, 1899 yilda Denver gazetalarida Buyuk Xitoy devorining buzib tashlanishi borasida xabar bosilgan.

- 1980 yilda BBC radiosi Big-Ben soatining  mexanik siferblati zamonaviy elektron siferblatga almashtirilishini ma'lum qildi.

- 1986 yilda Le Parisien gazetasi stadion qurilishi munosabati bilan Eyfel minorasi buzilishi xaqida xabar berdi.

- 1975 yilda Avstraliyaning This Day Tonight yangiliklar dasturida endilikda bir daqiqa yuz soniyadan iborat bo‘lishi, ya'ni bir kecha kunduz 20 soatdan tashkil topishi xaqida qaror qabul qilingani borasida axborot berildi.

- 2008 yilda BBC Antarktikada qishlash uchun Janubiy Amerikaga yo‘l olgan uchuvchi pingvinlar suratga olinganini ma'lum qildi.

Sharofidin To‘laganov

Teglar