«Hisobotlar yoziladi, lekin natija yo‘q!» - ​mahalla faoli ekologiya haqida gapirmoqda

  • 12:06 / 26.12.2018
  • 9542

Chiqindi masalasi o‘z yechimini kutayotgan asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Agar u zudlik bilan hal etilmasa, yaqin orada barchamiz global chiqindixonada yashashga majbur bo‘lamiz, deb hisoblaydi Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, Sultonobod MFY yashovchi, mahalla faoli Xalil Qarshiboyev.​

Birlashgan Millatlar Tashkilotining atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ma'lumotlariga ko‘ra, har kuni butun dunyo bo‘ylab 11 mln tonna chiqindi hosil bo‘ladi. Bu miqdorni balandligi 3 km bo‘lgan tog‘ga yoki Lyuksemburg davlatining hududiga qiyoslash mumkin. Bunday chiqindi uyumlarini yo‘qotish uchun esa bir yilda 200 mlrd.dollardan ortiq mablag‘ sarflanadi. Vaholanki, bu pulga ming gektarli uzumzor bog‘ yaratish, onkologiya bilan og‘rigan minglab bemorlarning hayotini saqlab qolish mumkin.

Video: Youtube

Video: Mover

Chiqindi hosil bo‘lish jarayonini mutlaqo to‘xtatib bo‘lmaydi. Ammo uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjud. Ya'ni chiqindilarni qayta ishlash va ulardan yangi mahsulot tayyorlash - shunday yechimlardan biri. 

Qarshiboyevning aytishicha, bunda ham xomashyo tejaladi, ham chiqindi uyumlarining soni qisqaradi. Chiqindini qayta ishlashning dastlabki va eng muhim bosqichi - uni saralash hisoblanadi. Jahon standartiga ko‘ra, qog‘oz, metall, plastik, shisha, organik moddalarning chiqindisini alohida-alohida idishlarga ajratish kerak.

«Oddiy fuqarodan tabiatni o‘z holiga qaytarishni talab qilish noo‘rin, ammo chiqindini o‘z joyida saralash, bu orqali davlat mablag‘i va kuchini tejash mumkin»​, - deydi Xalil Qarshiboyev. 

U o‘zi yashayotgan, xalq orasida Kaliyas deb ataladigan qishloqni chiqindidan xoli hududga aylantirish borasida oddiy, ammo samarali ishlarni tashkil etgan. Masalan, uning tashabbusi bilan chiqindilarni saralash punkti tashkil etilgan bo‘lib, Halil ota mahalladoshlarini ekologiyaga e'tiborli bo‘lishga chaqiradi.

Uning ta'kidlashicha, atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha tashkilotlar faoliyat olib boryapti, lekin ularning aksariyati natijasiz. «Yangi dastur ishlab chiqilsayu, xalqqa o‘rgatilmasa, hech qanday naf yo‘q», - deydi u.

2015 yildan buyon Kaliyas qishlog‘ining 15dan ziyod uyda yashovchi oilalar Xalil ota boshchiligida chiqindilarni turlarga ko‘ra alohida-alohida saralashga erinmaydi. Bu orqali qishloqda bir necha natijalarga erishiladi:

Tez chiriydigan meva-sabzavot po‘chog‘i, shox-shabba kabilarni paxta maydoniga to‘kib chiqishadi. Bunday o‘ziga xos o‘g‘it yer unumdorligining boshqa joylarga qaraganda 40 foiz yuqori bo‘lishini ta'minlaydi.

Shisha idishlar, metall buyumlar va sellofan paketlar bir joyga yig‘iladi, qayta ishlash uchun maxsus qabul punktlariga topshiriladi. Ularning ko‘cha-ko‘yda xunuk ahvolda sochilib yotishi, jonivorlar yeb qo‘yishi (buning natijasida ular halok bo‘ladi)ning oldi olinadi.

Bog‘cha tarbiyalanuvchilariga chiqindilarni alohida turlarga saralab tashlash bo‘yicha ko‘nikmalar berib boriladi. 

Xalil otaning fikricha, ongi endi shakllanayotgan bolalar ko‘nikmani juda tez o‘zlashtirishadi, unga qat'iy amal qilishadi va oiladagi kattalarni ham shunga undashadi. Qolaversa, o‘zbek xonadonlarda uy yumushlari, ayniqsa chiqindini to‘plab, punktga tashlash bilan oilaning kichigi shug‘ullanadi. Chiqindilarni saralab, ulardan muqobil maqsadlarda foydalanish hamda ekomadaniyatni bog‘cha yoshidan singdirish aksariyat xorijiy mamlakatlarda yo‘lga qo‘yilgan.

Misol uchun, Shvetsiyada chiqindining 99 foizi muqobil energiya olish maqsadida qayta ishlanadi, bu jarayon to‘xtab qolmasligi uchun, hatto har yili mamlakat 700 ming tonna chiqindini chetdan import qiladi. Bu orqali Shvetsiyadagi xonadonlarning 20 foizi arzon issiqlik quvvati bilan ta'minlanadi, ham chiqindi muammosi bartaraf bo‘ladi. Ekologiyaga kam ziyon yetadi. Halil Qarshiboyev esa moliyaviy resurs talab etmaydigan «oddiy arifmetika»ni eslatmoqda: chiqindini turlarga qarab saralab tashlashni yo‘lga qo‘yish, uni bolalarga o‘rgatish muvaffaqiyatning kaliti bo‘la oladi.

Saodat Abdurahmonova

Teglar