IIV “Al Jazeera” muxbirini yolg‘on ma’lumotlar tarqatganlikda ayblamoqda

  • 11:45 / 02.04.2021
  • 62

IIV “Al Jazeera” muxbiri Agneshka Pikuliska (Agnieszka Pikulicka)ni yolg‘on ma’lumotlar tarqatayotganlikda aybladi.

Vazirlikka ko‘ra, muxbir oxirgi kunlarda Toshkent shahrining Amir Temur xiyobonida sodir etilgan tartibsizliklar va fuqaro Miraziz Bozorovning ig‘voli chiqishlariga munosabat bildirib, o‘zining Twitter’dagi sahifasida haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatmoqda.

“Xorijiy ommaviy axborot vositalariga noxolis ma’lumotlar yetkazib, yurtimiz haqida salbiy fikr shakllanishiga sababchi bo‘lishdan bu ayolga nima naf?” deyiladi munosabatda. 

Shuningdek, IIV “Al Jazeera” jurnalistini O‘zbekiston hududida kuchda bo‘lgan qator qonun hujjatlari talablarini buzayotganini ta’kidlaydi.

Eslatib o‘tamiz, “Al Jazeera” muxbiri Agneshka Pikuliska 2021-yilning fevral oyida O‘zbekiston TIVdan akkreditatsiyadan o‘tib, faoliyatini boshlagan edi.