IIV Quvadagi mahkamaga olib ketilgan 20 yoshli yigitning o‘ligi qaytgani haqidagi gaplarni rad etdi 

  • 16:11 / 04.04.2021
  • 120

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Quva tumani IIBga suhbat uchun olib kirib ketilgan 20 yoshli yigitning o‘lganligi haqidagi xabar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 2-aprel kuni Farg‘ona viloyati Quva tumani Qalinpo‘stin mahallasi bo‘ylab piyoda ketayotgan, 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro A.A. birdan sog‘ligi yomonlashgani tufayli shifoxonaga olib borilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, fuqaro A.A. shu kunning o‘zida vafot etgan.

Birlamchi tashxisga ko‘ra, fuqaro A.A. ning o‘limiga o‘tkir yurak-o‘pka yetishmovchiligi, yurakning ishemik kasalligi, ikki tomonlama buyraklar polikistozi sabab bo‘lgani aytilmoqda. 

Ma’lum bo‘lishicha, shu yilning 31-mart kuni Quva tumani IIB profilaktika inspektorlari marhum bilan uning otasi X.Y. ishtirokida karantin qoidalarini buzganligi yuzasidan profilaktik suhbat o‘tkazib, rasmiy ogohlantirgan.

Vazirlik mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki IIB binosida fuqaroga jarohat yetkazilgani sifatida talqin etilayotganiga etiroz bildirib, yolg‘on ma’lumotni tarqatgan blogerning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi haqida ogohlantirdi.