Ijtimoiy tarmoqlardagi barcha akkauntlarni o‘chirib tashlagan ma'qul(mi)?

  • 10:07 / 19.09.2018
  • 3555

Jaron Lane o‘zining “Ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarni hozirning o‘zida o‘chirib tashlash bo‘yicha 10 ta mulohaza” kitobida ijtimoiy tarmoqlarning ko‘z ilg‘amas xavfi nimadan iborat ekani, uning asoschilari foydalanuvchilarni qanday boshqarishi va ularni badjahl, ahmoq va cheklangan shaxslarga aylantirayotgani haqida yozgan.

Kitob paydo bo‘lgan zahoti Amazon’ning “Insonning va kompyuterning o‘zaro munosabati” bo‘limida birinchi raqamli besseller (ko‘p sotilgan) kitobga aylandi.

Kirish

Nomiga qarab hukm chiqarilsa, kitob dunyoqarashi tor, zamonaviy raqamli hayot dushmani tomonidan yozilganga o‘xshaydi.

Biroq bu umuman noto‘g‘ri. Jaron Lane – “virtual reallik” muallifi, uning asoschilaridan biri, Kremniy vodiysi kiberelitasi vakili, olim-kashfiyotchi va futurolog. Xo‘sh, ijtimoiy tarmoqlar uning “arpasini xom o‘rganmi?”

Kitob itlar va mushuklar parallelidan boshlanadi. Qachonlardir yovvoyi sanalgan itlar insonning do‘stiga aylandi. Ular erkinlikda yashashlari mumkin edi, biroq ularni qo‘ldan o‘rgatdik. Endilikda ular doimiy, ishonchli va sodiq yo‘ldoshimiz.

Mushuklar – boshqa gap. Ular o‘zlari kelishdi, chunki ularning o‘zi shuni istadi va biz bilan qoldi. Mushuklar mustaqil tarzda sayr qiladi. Mushuklar erkinlikka ega va uni qo‘ldan boy berishmoqchi emas.

Itlarni yaxshi ko‘ramiz, biroq unga aylanish, kimdir bizni boshqarishini istamaymiz. Mushuklar kabi erkinlikni sevamiz va mustaqil tarzda sayr qilishni xohlaymiz.

Biroq ijtimoiy tarmoqlar boshqariladigan ko‘rinmas algoritmlarda bizning erkinligimiz bo‘yicha shaxsiy rejalar bor. Lane fikriga ko‘ra, ularning zararli ta'siridan qutulishning yagona usuli bor – ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z akkauntlarimizni yopish.

Lane kitobini 2017 yilda yozib tugatganini aytgan.

Lane o‘zini elektron va odatiy OAVlarda ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tmagan holda ham jamiyatda faol hayot tarzini olib borish bo‘yicha tirik guvoh sifatida namoyish etadi. Har kim gar istasa shunday yo‘l tutishi, o‘z ishtiroki bilan jamiyatni buzishga hissa qo‘shmaslik imkoniyatini ta'kidlaydi.

Bu nima uchun muhim ekani borasida muallifning bir necha fikrlari bor.

Foto: Pixabay

1-fikr. Ijtimoiy tarmoqlardan shaxsiy akkauntlarni o‘chirib tashlash uchun juda asosli takliflar mavjud:

ijtimoiy tarmoqlar iroda erkinligini “ezg‘ilaydi”;

ular zamonamiz telbaligini oshiradi;

Lane ta'rifiga ko‘ra, bizlarni ahmoqona jahldor odamga aylantiradi;

qalbaki yangiliklar va odamlarni yaratadi;

biz gapiradigan barcha narsalar ularning yordamida bema'nolik kasb etadi;

ular bizni baxsiz qiladi;

iqtisodiy farovonligimizga daxl qiladi;

ular inson qalbini yomon ko‘radi va unga zarar qiladi.

Qachonlardir ijtimoiy tarmoqlar turli mamlakatlardagi odamlarni  bir-biri bilan muloqoti uchun yaratilgan tezkor, foydali va zararsiz instrument sanalgan.

Ular o‘zaro birlashtirib, muhabbat va tushunishga xissa qo‘shishi kerak edi. Biroq buning o‘rniga jamiyat uchun xavf tug‘diradigan boshqaruvchi mashinaga aylanib qoldi.

Facebook’da ham, Twitter’da ham siyosiy va reklama maqsadlarida manipulyatsiya qilish, ma'lumotni buzib ko‘rsatish, qalbaki yangiliklar kuzatilgan. Dunyoning  ular tomonidan o‘zgartirilgan shakli salbiy qirralarimizni “qondirib”, inson shaxsiyatiga ham o‘zgachalik beryapti.

Buning ortida yirik kompaniyalarning katta mablag‘lari yotadi. Ularni faqat shaxsiy manfaat qiziqtiradi va algoritmlar ham shaxsiyatimizni salbiy tomonga o‘zgartirish uchun yaratilgan.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar narkomaniya kabi o‘rganib qolish va tobelikni oshiradi. Odam ijtimoiy tarmoqda bo‘lmasdan bir kunni ham o‘tkazolmay qoladi.

Lane ijtimoiy tarmoqlarning dastlabki g‘oyasi g‘aroyib bo‘lganini ta'kidlayapti. Biroq vaqt o‘tishi bilan u foydalanuvchilarning tarmoqqa tobeligini o‘zining g‘ayri maqsadlari yo‘lida qo‘llaydigan marketing va reklama sohasidagi yirik biznes bilan birlashdi.

Lane foydalanuvchilarni o‘ziga bo‘ysundiradigan algoritmlarni BUMMER mexanizmi deya atamoqda  (bu Behaviors of Users Modified, and Made into an Empire for Rent  abbreviaturasi — foydalanuvchilar xulq-atvori o‘zgartirilib, imperiyaga ijaraga berilgan, degan ma'noni anglatadi).

Foto: Pixabay

2-g‘oya. Algoritmlar bizni laboratoriya hayvonlariga aylantirdi

Smartfondan foydalanganimizda (ko‘pchiligimiz ularga qaramay turolmaymiz) ijtimoiy tarmoq va qidirish tizimlari algoritmlariga o‘zimiz haqimizda to‘ldirilgan ma'lumotni berib boramiz.

Biz tashrif buyuradigan sahifa, havola, video, tasvir va boshqa kontent kimgadir ko‘rinmas tarzda foydali ma'lumotlarni yetkazadi.

Muloqot doiramiz, bir sahifadan boshqasiga o‘tish tezligi, savdoni amalga oshirishdan oldingi harakat bularning bari – kaftdek namoyon.

Televizorda reklamani tomosha qilganimizda yoki radio tinglaganimizda uni o‘chirishimiz yoki u mavjud bo‘lmagan boshqa kanallarga o‘tishimiz mumkin. Ijtimoiy tarmoqlardagi reklamaga nisbatan bu imkonsiz. U xulq-atvorimizga katta masshtablarda ta'sir ko‘rsatadi va shu bilan birga deyarli sezilmaydi.

Barcha ijtimoiy tarmoqlar inson xulq-atvorini o‘zgartiradi. Turli tobeliklarni davolashda ham aynan shu tamoyildan foydalaniladi. Biroq uning yordamida yangi tobelikni yaratish mumkin.

BUMMER olti qismdan iborat:

diqqatni jalb etish;

begonalar hayotiga aralashish;

o‘ziga yoqqan narsalarni birovga majburlab o‘tkazish;

sirli boshqarish;

katta pul aylanmasi;

qalbaki yangiliklar va odamlar

Bularning bari global fojiaga olib kelishi mumkin, deya hisoblamoqda muallif.

Yakuniy izohlar

Kitob murakkab, ba'zi joylari esa ishonarli. Muallif BUMMER’ning fikrimiz, ongimizga ta'siriga to‘g‘ri baho bera olmayotganimizni ta'kidlamoqda.

Muloqot uchun yaratilgan ijtimoiy tarmoqlar kutilmaganda manipulyatsiya qilish va begonalashtirish instrumentiga aylandi. Lane bunga nisbatan nima qilish mumkinligini bilmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, insoniylikni saqlab qolish uchun ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalaringizni o‘chirib tashlashdan o‘zga chora yo‘q.

Internet o‘zicha g‘aroyib, ijtimoiy tarmoqlarsiz ham do‘stlar bilan muloqot qilishning juda ko‘p usullari mavjud – masalan, elektron xatlar yozish. Agar sizga yangiliklar kerak bo‘lsa, ularni Facebook filtrlari orqali emas, bevosita o‘qing.

Facebook taklif qilgan videoni emas, shaxsiy tanlov asosidagini tomosha qiling. Internetdan shaxsiy shartlar va qoidalarga ko‘ra foydalaning. Mushuk bo‘ling, Pavlovning iti emas. Ana o‘shanda kayfiyatingiz va hayotingiz o‘zgarganini sezasiz.

Teglar