Imomali Rahmonning g‘azabiga uchragan bojxonachi yangi lavozimga ishga o‘tdi

  • 20:21 / 08.06.2019
  • 1202

Joriy yilning 10 may kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon moliya, bank, bojxona va soliq xodimlari bilan uchrashuvda bojxona xizmati xodimi Shahboz Rajabzodani so‘roqqa tutgani va poraxo‘rligi uchun ishdan haydagani shov-shuv bo‘lib ketgandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra Rajabzodaning prezident oilasi nomini sotib, mavqe va boylikka erishgani bejiz bo‘lmagan. Uning otasi uzoq yillar davomida prezident oilasi a'zolari murojaat qilib turgan shifokor bo‘lgan, Shahbozning o‘zi Imomali Rahmonning qizi Ozoda Rahmonning farzandlariga haydovchilik qilgan.

Aynan mana shu tanish-bilishchiligidan foydalanib, Shahboz Rajabzoda dastlab turli-tuman masalalarda o‘rtaga tushib, ma'lum haq olib yuradi. Keyinchalik prezidentning qizi Tashqi ishlar vazirligiga ishga o‘tganida uning ko‘magi va otasining iltimosi bilan diplomatlikda ham o‘zini sinab ko‘radi va «kelajagi bor mutaxassis» sifatida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi akademiyasiga o‘qishga yuboriladi. Ammo o‘zi tan olganidek, o‘qishdan ham haydalib, qaytib keladi va epini qilib, 2017 yilda Dushanbe bojxona terminali rahbarligiga tayinlanadi.

Yirik bozor yonidagi bu terminalda ishlagan paytida u har bir yuk avtomobilidan o‘rta hisobda 500-1000 AQSh dollaridan alohida o‘lpon olib turadi. Shu tarzda 1,5 yillik faoliyati davomida Shahboz Rajabzoda uchta ko‘chmas mulk, ikkita qimmatbaho mashina va aniq miqdori aytilmagan, lekin ancha yirik hajmdagi mablag‘ sohibi bo‘lishga ulguradi.

Bu ma'lumotlar prezidentga qanday yetib borgani noma'lum, lekin Imomali Rahmon Rajabzodaga qarata «Borib, ariza yozasan va ketasan. Hali yosh ekaningni hisobga olyapman, aks holda kamida 15 yilga qamalar eding! Chet elga o‘tkazgan pullarni qaytarasan», deya talab qo‘yib, ishdan haydaydi.

Ammo «kelajagi bor mutaxassis» bekor qolmagan, so‘nggi va hali aniq tasdig‘ini topmagan ma'lumotlarga qaraganda Shahboz Rajabzoda elchixonalardan biriga ishga joylashgan.

Teglar