Innovatsion rivojlanish vazirligi SSV bilan qator loyihalarni amalga oshirmoqchi

  • 10:20 / 22.02.2020
  • 101

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi

Joriy yilning 20-fevral kuni Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev va Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 
Uchrashuv davomida tibbiy ta’limga innovatsiyalarni joriy qilish, Davlat dasturlariga oid ilmiy loyihalar bazasini shakllantirish hamda grant loyihalari sifatini oshirish bo‘yicha seminarlar tashkil qilish, xalqaro ilmiy bazalar (Springer, Clinical Key) platformalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tomonidan “Allergik pasport”ni joriy qilish va berish tartibi muhokama qilindi.

Shu bilan birga aholi salomatligini birlamchi profilaktika qilish bo‘yicha maqsadli choralarni hamkorlikda ishlab chiqish, order berish tizimi va kasallik tarixidan ko‘chirmalar berish tizimini to‘liq raqamlashtirish, majburiy tibbiy sug‘urta tizimini respublikada keng joriy qilish bo‘yicha ham fikrlar almashildi.

Suhbat so‘nggida yuqorida sanab o‘tilgan barcha masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.