Insonlarga ishonchni qaytaruvchi 10 hikoya

  • 06:48 / 28.12.2015
  • 27886

Bu dunyoda birgina so‘z, birgina harakat ham insonning butun umriga tatigulik ta'sir ko‘rsatishi, bir umr yodida qolishi mumkin. Mehr, oqibat, yaxshilik aslo unutilmaydi. Quyida ana shunday mehrga to‘la insoniylik haqidagi hikoyalar e'tiboringizga havola etilmoqda.

 

***

Ukam jonivorlarni yaxshi ko‘radi. U yo‘lida uchragan jonivorni uyga olib keladi, ularni boqadi, davolaydi. U 12 yoshda, uning tengdoshlari kompyuter o‘yinlariga qiziqishadi, u esa kun bo‘yi jonivorlar orasida. Hattoki dars ham qilmay qo‘ydi. Ota-onam u agar uyga yana birorta hayvon olib keladigan bo‘lsa bir hafta uydan chiqarmasliklarini aytishdi. Ukam ko‘chaga chiqib bitta qafasga yaralangan qush, kuchuk va mushukni olib keldi va «Davolashimga bir hafta yetadi!» dedi.

 

***

Men oziq-ovqat magazinida sotuvchiman. Rayonimiz kichkina, shuning uchun hamma bir-birini taniydi. Men ham doimiy mijozlarimni taniyman.

Men 8 yoshli bolakayga e'tibor qarata boshladim. U oddiy, lekin ozoda kiyinadi. Magazinga har doim ro‘yxat bilan kelib xarid qilib ketadi.

Yaqinda bilsam, uning uch nafar aka va opasi bor ekan. U eng kichigi ekan. Onasi uni tug‘ayotib vafot etgan. Dadasi esa turmush qiyinchiliklariga dosh berolmay ichkilikka berilib ketgan. Oila boqish tashvishi eng katta farzand zimmasida. U ishlab pul topadi. 14 yoshli singlisi esa uylarni yig‘ishtiradi, kirlarni yuvadi.

Bolakay yaqinda xursand keldi: unga kuchuk sotib olib berishibdi. Unga qarab yig‘lagim keldi. U tengi bolalar ayfoni boshqacha rangda ekanligidan xafa bo‘lishadi. U esa kuchuk olib berishgani uchun o‘zini baxtli sezmoqda.


***

Har yili birinchi dekabrdan boshlab yangi yil kunigacha har kuni qizimga pari nomidan xat yozib pochta qutisiga tashlayman. Xatda qizim uchun kichkinagina vazifa va sovg‘a bo‘ladi. Qizim dekabrni orziqib kutadi. 

Xatlarni ishdan bo‘sh vaqtimda yozaman, tushlik vaqtida magazinga borib sovg‘achalar sotib olaman, qizimga vazifalar o‘ylab topaman. Hamkasblarim uchun men doim o‘ylanib yuradigan, tund ayolman, aslida esa pariman.


***

Universitetda to‘rtinchi kursda o‘qiyman. Ota-onam bilan yashaganim uchun juda kambag‘al talaba emasman, lekin ulardan pul so‘ramaslikka, stipendiyamga yashashga harakat qilaman. Birinchi kursda o‘qiyotganimda pulimni tejay olmay hammasini ishlatib qo‘ydim. Qornim juda och edi. Oshxonaga kirib, bir stakan choy so‘radim va yonimdagi tangalarni sanab bufetchiga uzatdim. Bufetchi ayol bergan choyni olib uyatdan quloqlarim qizargancha nariroqqa bordim va choy ho‘pladim... Bilsam, men tangalarni sanaguncha bufetchi choyimga smorodinali qiyom qo‘shib qo‘yibdi. Tekinga. Shu voqeani eslasam, qalbimga iliqlik yuguradi.


***

Men 10 yoshda, singlim esa 4 yoshda edi. U Qorbobo aslida yo‘q deb aytdi. Men esa unga: «Istasang, hozir Qorboboga telefon qilaman. Uning raqamini bilaman», dedim.

Go‘shakni olib, to‘g‘ri kelgan yigirmata raqamni terdim, «Noto‘g‘ri raqam terdingiz» degan so‘zni eshitib qolmasligi uchun singlimdan nariroqqa turdim va uni Qorbobo bilan suhbatlashayotganimga ishontirish uchun tayyorlandim. Lekin kutilmaganda narigi tarafdan erkak kishining ovozi eshitildi: «Allo».

«Allo», qo‘rqqanimdan gapirib yubordim va singlim menga diqqat bilan qarab turganini ko‘rdim. Endi ortga yo‘l yo‘q edi.

«Bu Qorbobomi?» Singlim qo‘limdan go‘shakni tortib oldi. 

— Qorbobo, bu sizmi?

— Ha.

— Salom, Qorbobo!

— Isming nima?

— Nastya.

— Salom, Nastenka! — singlimning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi.

— Nima qilyapsiz?

— Sovg‘a tayyorlayapman.

— Mengayam sovg‘a opkelasizmi?

— Albatta!

— Rahmat, Qorbobo, kutaman.

— Ko‘rishguncha!

Singlim quvonchdan sakragancha yig‘lab meni quchoqlab oldi.

— U rostdanam bor ekan, Misha!

— Albatta, bor, jinnivoy.

Men ham o‘zimni tutib turolmay yig‘lab yubordim.


***

Ilk marta pul topishga harakat qilganimda men 10 yoshda edim. Men ipdan salfetkalar to‘qir va ularni ijodkorlar uyiga topshirardim. Salfetkalar sotilgach, menga pulini berishardi. Har safar mehnatim uchun haq olganimda faxrlanar va quvonardim! Faqat yoshim o‘ttizdan o‘tgandagina men to‘qigan barcha salfetkalarni xolam sotib olganini va uyida asrab olib qo‘yganini bildim.


***

Bir kuni eskalatordan tushayotgandim. Yonimdan hassa pastga qarab tusha boshladi. Eskalator uzun, hassa esa tezlik bilan dumalar, hech kim ushlab olishga ulgurmasdi. Ishqilib, hassasini tushirib yuborgan kishini birortasi turtib yiqitib yubormasin-da deb o‘yladim. Bir payt qarasam, odamlar pastdan tepaga qaratib boyagi hassani qo‘lma-qo‘l uzatishyapti. Hassa egasiga yetib bordi. Xursand bo‘lib ketdim. Odamlar, qanchalar yaxshisizlar!


***

Do‘stimning to‘yiga ketayotgandik. Yo‘lda gul do‘koniga kirib gul sotib oldik. Do‘kondan chiqib nariroqqa yetganimizda 10 yoshli bir bola ortimdan yugurib keldi va qo‘limga bir narsa tutqazdi: «Mana buni do‘kon oldida tushirib qo‘ydingiz». Qarasam pul, chamasi  cho‘ntagimdan plastik kartochkamni olganimda tushirib qo‘yganman. Pulim 40 mingdan ortiqroq edi. Men og‘zimni ochib rahmat aytishga ham ulgurmadim, bola allaqachon g‘oyib bo‘lgandi.


***

Ertalab kefir sotib olish uchun magazinga kirdim. Kefir olib kassaga yaqinlashdim, kassir savolga ko‘mib tashladi: «Aksiya bo‘yicha tovar olasizmi?», «Paket kerakmi?», «Tabassum-chi?». Kassir ayolning oxirgi savolini tushunmay angrayib qaradim va beixtiyor tabassum qildim. Ayol esa menga dedi: «Yaxshi. Sotildi». Kunni shunday ajoyib boshlab bergani uchun o‘sha ayoldan minnatdorman.


***

Uyga ketyapman. Kech soat 10. Yomg‘ir yog‘yapti. Pulim faqat avtobusgagina yetadi, men non ham sotib olishim kerak. Kayfiyatim juda yomon. Ichimda hayotning go‘zalligi haqida qo‘shiq aytib ketyapman. Bekatda bir qari amaki turgan ekan. Yomg‘irda ivib ketibdi, uning yoniga borib boshi ustiga soyabonimni tutdim. Avtobusi kelgach, qariya ketdi. Bir er-xotin keldi. Ularga ham soyabonimni tutdim. Ular ham men ketadigan avtobusga o‘tirishdi. E'tirozimga qaramay, men uchun ham yo‘lkira to‘lashdi. Yo‘lkiramning puliga uyga non sotib oldim. Jilmayib qo‘ydim. Hayot qanchalar go‘zal!

Teglar