Internet ma’lumotlari qayerda saqlanadi? Dunyoning eng yirik “omborlari”ga sayohat qilamiz

  • 14:58 / 22.05.2020
  • 427

Sizningcha internet va ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlar qayerda saqlanadi? Ular havo yoki bulutda suzib yurmasligi aniq. Aslida butun dunyo ma’lumotlari saqlanadigan markazlarni davrimizning eng mustahkam va resursga boy binolari deb atash mumkin. Ularning har biri yirik qal’a kabi bahaybat bo‘lib, bir kichikroq shahar aholisi ishlatadigan miqdorda elektr energiya sarflaydi. Bugun biz sizlarni 10 ta eng yirik, eng chiroyli va eng toza ma’lumot markazlariga sayohatga olib chiqmoqchimiz. Ularning har biri muhandislarning haqiqiy san’at asaridir.

Xitoydagi Digital Beiijing ma’lumot markazi

Pekin shahridagi ma’lumotlar markazining 11 qavatli binosi 2008-yilgi Olimpiada uchun Studio Pei-Zhu arxitektura studiyasi tomonidan qurilgan. U axborot markazi va o‘yinlarni texnik boshqarish markazi tizimlarini o‘zida birlashtirgan. Binoning me’yoriy yechimi ham juda qiziqarli. Beton kub silliq suv yuzasida suzayotganga o‘xshaydi va uning devorlari shtrixkodga o‘xshash yonib turuvchi kanallar bilan kesilgan. Bundan tashqari, arxitektorlarga markazni Yashil Olimpiada konsepsiyasi timsoliga aylantirish vazifasi qo‘yilgan edi. Binoni ichki va tashqi yoritishda faqat LED yoritgichlar ishlatiladi, ular odatdagilarga nisbatan 60 foiz kamroq elektr energiyasi sarflaydi va maxsus shisha devor sovutish narxini pasaytirib, issiqlikni ichki qismga kirishiga to‘sqinlik qiladi. Sport musobaqalari to‘xtatilgach, bu raqamli Pekinda zamonaviy texnologiyalarning interfaol muzeyi ochildi.

AQShning Shimoliy Karolina shtatidagi Apple ma’lumot markazi

Apple doimiy ravishda energiya xarajatlari va kompaniyaning ma’lumot markazlari atrof-muhitga yetkazadigan zararini kamaytirmoqda. Apple ma’lumotlariga ko‘ra, 2013-yildan beri 100 foiz ma’lumot markazlari va 94 foiz ofislar qayta tiklanadigan energiya manbalarida ishlamoqda. Maiden ma’lumotlar markazi yiliga 42 million kilovatt-soat energiya ishlab chiqaradigan 400 ming kvadrat metr quyosh panellari bilan o‘ralgan. Bu manba serverlarning 60 foizini va sovutish tizimlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yetarli, qolgan energiya esa yaqin atrofdagi bioyoqilg‘i stansiyasi tomonidan ishlab chiqariladi.

Germaniyaning Frankfurt shahridagi “Citigroup” ma’lumot markazi

2008-yilda Citigroup ma’lumotlar markazi Frankfurtda qurilganida, u “Dunyodagi eng yashil hudud” deb hisoblangan. Citi Data Cyenter Germaniyada LEYED platina sertifikatiga ega bo‘lgan birinchi bino. Ya’ni qurilish energiya, suv, yorug‘lik va havodan samarali foydalanadi, transport infratuzilmasiga yaxshi integrasiyalangan va ishchilar uchun qulay. Shuningdek, atrofdagi hududlarga minimal ta’sir ko‘rsatadi. Bularga qo‘shimcha ravishda, Arup Associates tomonidan ishlab chiqilgan ma’lumotlar markazi ham chiroyli ko‘rinishga ega: fasadlardan biri haqiqiy o‘t bilan qoplangan (yomg‘ir suvini to‘playdi), juda ko‘p o‘t-o‘lanlar mavjud va ishchilar uchun ichki xiyobonlar tashkil qilingan.

Buyuk Britaniyaning London shahridagi “Telehouse West” ma’lumot markazi

Telehouse Britaniya kompaniyasi o‘z ma’lumot markazlariga muhtoj bo‘lmagan kompaniyalarga server imkoniyatlarini ijaraga beradi. Telehouse ma’lumotlar xavfsizligi va uskunalarning yuz foiz ishonchliligini kafolatlaydi. Shuningdek, kompaniya vakillari atrof-muhit haqida ham o‘ylashadi. Londondagi Doklendlar hududida joylashgan ma’lumot markazi yaqinida na quyosh panellari, na shamol tegirmonlari uchun joy yo‘q, shuning uchun Telehouse elektr energiyasini sotib olishga majbur. 2011-yildan beri ushbu energiyaning 100 foizi qayta tiklanadigan energiyani sotib olish va yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan “SmartestEnergy” kompaniyasi tomonidan qoplandi.

Ispaniyaning Alsala De Henaris shahridagi “Telefonica” ma’lumot markazi

Sakkizta futbol maydonchasiga teng hududda joylashgan Alkala de Xenares shahrida Ispaniyaning eng yirik telekommunikatsion kompaniyasi “Telefonica” Ispaniya, Angliya va Germaniyada shaffof xizmatlarni taqdim etadigan ma’lumotlar markazini qurdi. Shuningdek, ijaraga olingan serverlar ham bor – ular bir necha o‘n ming kvadrat metrlarni egallaydi. Bu Yevropadagi eng katta, butun dunyo miqyosida esa uchinchi o‘rinda turadigan bino sanaladi. Bino allaqachon LEED oltin sertifikatiga ega bo‘lib, u ma’lumotlar markazi xizmatlarining eng yuqori sifati va ishonchliligini tasdiqlaydi. 

AQShdagi Ebay ma’lumot markazi

Mamlakatning eng issiq joylaridan birida muntazam sovutilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar markazini qurish xavfli fikr edi. Odatda, serverlar 18-26 darajagacha bo‘lgan haroratda me’yorida ishlaydi, ammo Ebay muhandislari ma’lumotlar markazini hatto +46 daraja haroratda ishlatishga ham muvaffaq bo‘lishdi. Ma’lumotlar markazining ichi shu qadar issiqki, siz sovutish uchun suvdan foydalanishingiz mumkin, uning harorati 28 darajaga etadi va uskunani sovutadi. Ammo ushbu ob’yektda qo‘llaniladigan eng innovasion qurilma – bu jihozlar joylashtirilgan, yuk mashinalarini eslatuvchi konteynerlar. Bunday konteynerlarning energiya samaradorligi 95 foizga yetadi, ya’ni elektr stansiyasidan unga yuborilgan deyarli barcha energiya sovutish uchun emas, balki serverning ishlashini ta’minlash uchun sarflanadi.

Finlyandiyadagi Google ma’lumot markazi

Ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlashda hech kim Googlega teng kela olmaydi. Internet sanoatining ushbu giganti ma’lumot markazlari butun dunyo bo‘ylab tarqalgan va deyarli barchasi “yashil” standartlarga javob beradi. Ammo Finlyandiyaning Boltiq dengizidagi Hamina shahrida joylashgan ma’lumotlar markazi alohida e’tiborga loyiq. Ba’zi bir serverlar sobiq qog‘oz fabrikasi binosida, boshqalari esa buyuk fin arxitektori Alvar Aalto tomonidan ishlab chiqilgan va qayta tiklangan dastgoh xonasida joylashgan. Google ushbu binolarni sotib olish va rekonstruksiya qilish uchun 350 million dollar sarfladi. Bu rekord miqdor hisoblanadi. Sovutish uchun bu yerda Finlyandiya ko‘rfazining muzli suvlari ishlatiladi. Qog‘oz fabrikasi qurilishi uchun suv juda zarurdir. 

Islandiyadagi “Verne Global” ma’lumot markazi

Islandiyadagi “Verne Global” ma’lumotlar markazi nazariy va empirik tadqiqotlar uchun BMW avtokonsernidan foydalanadi. Aynan shu yerda, superkompyuter yordamida yangi avtomashinalarning aerodinamikasi hisoblab chiqiladi va avariya sinovlarining natijalari tahlil qilinadi. Superkompyuterni Germaniyadan Islandiyaga ko‘chirish orqali kompaniya atmosferaga karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 3570 tonnadan nolga kamaytirdi. Bunga yangi markazga energiya yetkazib beradigan geotermal va gidroelektrostansiyalar tufayli erishildi: bitta geyzer 10 megavatt toza energiya ishlab chiqaradi. Reykyavik yaqinida ko‘plab geyzerlar mavjud. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bunday ishlab chiqarish atrof-muhitga zarar yetkazmaydi. 

AQShdagi IBM ma’lumot markazi

Nyu-Yorkdagi Sirakuza universiteti kampusidagi IBM ma’lumot markazi taniqli texnologiya kompaniyasining tajribasi natijasidir. IBM rahbariyati qurilish uchun mablag‘ ajratishga va agar dizaynerlar bir xil quvvatli an’anaviy markazga nisbatan energiya sarfini ikki baravar kamaytira olsalar, asbob-uskunalar bilan ta’minlashga rozi bo‘lishdi. 2009-yilda qurilish yakunlandi, bu universitetga 100 yoshli binoda joylashgan eski IT-markazni yopish imkoniyatini berdi. Ma’lumotlar markazi 12 mikroturbina yordamida elektr energiyasi ishlab chiqaradigan gaz bilan ishlaydigan elektr stansiyasi yordamida ishlaydi. Ushbu dizayn loyiha uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, uning samaradorligi an’anaviy gaz stansiyalariga qaraganda 60 foizga yuqori.