iPod, iPhone, iPad so‘zlaridagi “i” harfi nimani bildiradi?

  • 11:26 / 23.09.2019
  • 277

Apple so‘zini eshitganda bugungi kunda ko‘pchilik olmadan ham ko‘ra, Stiv Jobsning kompaniyasi va uning mahsulotlarini ko‘z oldiga keltiradi. iPod, iPhone va iPad haqida eshitmagan kishi bo‘lmasa ham kerak. Bu so‘zlar qulog‘imizga ko‘p chalinmoqda, ammo bu brendlarning nomidagi “i” harfi nimani bildiradi?

Hammasi 1997-yilda – Stiv Jobs Apple’ga qaytganida boshlandi. O‘shanda kompaniya og‘ir kunlarni boshidan kechirayotgandi. Apple xodimlari kompaniyaning muvaffaqiyatsizliklarida bir-birini ayblashardi. Jobs qaytganining ilk oylarida to‘g‘ri fokusni tiklash uchun mahsulotlar va xodimlarni qisqartirishga urindi. Natijada, kompyuterlar assortimenti 4 ta modelgacha qisqardi: ikkita Mac stol kompyuteri va ikkita noutbukka. 

“Hamma narsamizni shu kompyuterga tikamiz”, – dedi Stiv. “Buning uchun unga buyuk nom berish kerak”. Har doimgidek, Jobs ijodiy liderlikni o‘ziga oldi, nom tanlashni boshladi va oxirida u MacMan’ni o‘ylab topdi. 

Yaxshiyamki, bu jarayonda ishtirok etayotgan yolg‘iz u emas edi. NeXT’dan Apple’ga Stiv Jobs bilan birga kelgan Ken Segall va boshqa xodimlar bu nomni eshitib, shokka tushishdi. Nomni o‘zgartirish uchun ular ko‘p sabablar keltirishdi va natijada Stiv o‘z hamkasblari bilan boshqa nom tanlashdi: iMac.  

“iMac – hamma narsa qila oladigan to‘laqonli Macintosh. U sizni 10 daqiqada Internetga ulab beradi, hatto bundan oldin kompyuterdan sira foydalanmagan bo‘lsangiz ham”.
Shu tariqa, “i” harfi iMac’ning eng muhim yangi funksiyasi bo‘lgan internetni bildiradi. Nom juda mos tushdi – u oddiy va aniq edi. Apple’ning “Think Different” (Boshqacha fikrla) g‘oyalariga mos kelardi. Bundan tashqari, Apple uchun individuallik (individual), o‘rgatish (instruct), axborot berish (inform) va ilhom (inspire) prinsiplariga xos edi. Bular hozirgi iPod, iPhone va iPod nomlariga kiritilgan asosiy qadriyatlardir.