Iqlim o‘zgarishlarining eng xavfli 5 asorati bilan tanishmisiz?

  • 13:05 / 17.11.2019
  • 1311

Foto: : pixabay.com

Iqlim o‘zgarishlari yangi avlod hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin? Hozirda kuzatilgan global isish bolalar salomatligiga qanday ta’sir ko‘rsatyapti? Turli yo‘nalishlardagi 35 ta institutdan yig‘ilgan 120 nafar mutaxassislar mavjud ahvolni o‘rganib chiqishdi va o‘rganishlar natijasini The Lancet ilmiy tibbiyot junrnalida nashr qilindi.

Yana o‘sha zararlar

Shifokorlar iqlim o‘zgarishlarining inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini alohida ta’kidlashmoqda. Hozirda ayrim davlatlarda kuzatilgan global isish jarayoni yoshi kattalar, chaqaloqlar, surunkali kasalligi borlar hamda og‘ir jismoniy ish bilan shug‘ullanuvchi insonlar qattiq aziyat chekayotganligini misol tariqasida keltirib o‘tishdi. 
“Bolalar aholi orasida eng zaif qatlam hisoblanadi. Chunki ularning organizmi va immun tizimi noqulay sharoitlarda rivojlanyapti”, deydi tadqiqot rahbari Nik Uotts.
Tadqiqotda olingan barcha ko‘rsatkich va natijalar orasida mutaxassislar beshta asosiy xavf guruhini ajratib olishdi. 

Besh asosiy xavf

Birinchi xavf – infeksion kasalliklar ko‘payadi. Kasallik tug‘diruvchi bakteriyalar, mikroorganizmlar nam va issiq ob-havo ta’sirida faol ko‘payadi. Shuningdek, iqlimning keskin isib ketishi necha yillardan beri “uxlab yotgan” kasalliklarning “uyg‘onishiga” sabab bo‘lishi mumkin. Bunday xastaliklar qatoriga chivinlar tashuvchi virusli kasallik Denge isitmasining paydo bo‘lishini kiritish mumkin. Issiq ob-havo chivinlarning shimol tomon tarqalishiga sabab bo‘ladi. Bu esa yer yuzining yarmidan ko‘pi chivin chaqishi tufayli rivojlanuvchi kasalliklar xavfi ostida qolib ketishi mumkin, degandi.

Ikkinchi xavf –  to‘yib yemaslik kuchayadi. Iqlimning keskin isishi hosildorlikka ham ta’sir ko‘rsatadi. 1989-yilga nisbatan bu yil butun dunyodan yig‘ilgan hosil ichida – makkajo‘xori 4 foizga, bug‘doy 6 foizga, soya 3 foizga va guruch 4 foizga kamayganligi aniqlangan. Buning oqibatida dunyo bolalari to‘yib ovqatlanmaydi. Bu bo‘y o‘sishining kechikishi, immunitetning susayishi, rivojlanishning buzilishi kabilarda namoyon bo‘ladi.  

Uchinchi xavf – allergiya rivojlanadi. Iqlimning keskin o‘zgarishi oqibatida o‘simliklarning gullash vaqti uzayadi, ularning changlanishi ham shunga monand ko‘payadi. Bu esa turli allergik kasalliklarning rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

To‘rtinchi va beshinchi xavf – havo tarkibining buzilishi va havo haroratining ortishi. Bolalar zaharlangan havodan nafas olgani sabab yurak-qon tomir, o‘pkalar faoliyati buziladi. Jazirama o‘lim ko‘payishining tebranmas omillaridan biri. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, issiq mavsumda qurbonlar soni har yilgi gripp epidemiyasidan halok bo‘lganlar miqdori bilan bir xil taqqoslanadi. Masalan, 2018-yil 65 yoshdan katta 220 mln. nafar insonlarning issiq harorat sabab xavf ostida qolganligi bilan rekord o‘rnatdi.