Iqtisodiy mo‘jiza evaziga badal: Janubiy Koreyada ayollar endi farzand tug‘ishni istashmayapti

  • 07:01 / 20.03.2019
  • 6052

Janubiy Koreya yildan yilga iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallamoqda. Bu yerda aholi daromadlari yuqori darajada, ilg‘or texnologik ishlab chiqarish amalda, ko‘plab makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha mamlakat Yevropaning ko‘pgina mamlakatlaridan oldinda. Biroq bu iqtisodiy farovonlikning boshqa tomoni ham bor. Janubiy Koreya Yaponiya va dunyodagi boshqa rivojlangan mamlakatlar kabi demografik muammolarga duch keldi. Ular orasida tug‘ilishning juda past darajasi va aholining tez qarishi ham bor.

Bu muammolar mana bir necha yildirki, yuqori darajadagi muhokamalarga sabab bo‘lgan, turli qonun va davlat dasturlari qabul qilinmoqda. Biroq shunda ham katta natijalarga erishilganicha yo‘q. Bundan tashqari, o‘tgan 2018 yilda mamlakatda so‘nggi 14 yil ichida tug‘ilishning eng past darajasi qayd etilgan, tug‘ilishning jami koeffisenti (bir ayolga to‘g‘ri keladigan tug‘ilish soni) 0,98 ga teng bo‘ldi. Bu dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri.

Qachonlardir Janubiy Koreyada tug‘ilish bilan bog‘liq vaziyat batamom o‘zgacha bo‘lgan. Agrar va boy bo‘lmagan mamlakatda XX asrda hukumat yosh koreyslarni 2 tadan ortiq farzand ko‘rmaslikka chaqirishgan. Buning uchun tug‘ilishni kamaytirish, qizlar ham o‘g‘il bolalar kabi kutilgan farzand ekani targ‘ib qilingan. O‘sha vaqtdagi targ‘ibot plakatlarida oilaning an'anaviy ko‘p bolali modeli aholi sonining ortishi va koreyslarga iqtisodiy farovonlikka erishish imkoniyatini bermasligini aks ettirgan.

XX asr o‘rtalaridagi janubiy koreyalik oila surati: ona, 5 nafar qiz, uzoq kutilgan kichik o‘g‘il va nabira
Bu esa XX asr oxiri: o‘sib kelayotgan avlodning soni u qadar ko‘p emas

Bu harakatlar hozirgi demografik siyosatga qaraganda tezkor natija berdi va tug‘ilish pasaya boshladi. 80-yillarga kelib, jami koeffisent 2,1 ga teng bo‘ldi. Biroq tug‘ilish ko‘rsatkichlari davlat uchun kerakli ko‘rsatkichga yetgach barqarorlashmadi, pasayishda davom etdi. Shunday qilib, XX asrning oxiriga kelib Janubiy Koreyada o‘zgacha demografik muammo yuzaga keldi – tug‘ilishning pasayishi. Ayollar endilikda uyda o‘tirish va bir necha o‘n yillar ilgari bo‘lgani kabi 2, 3, 4 farzandning onasi bo‘lishni istashmasdi. Ular universitetlarga kirib, ta'lim olishar, obro‘li ishlarga joylashib, karera qilishardi va erkaklar bilan baravar pul ishlardilar. Axir mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat va ijtimoiy sohaning rivojlanishi bunga imkon berardi. Ilgari qariligini ta'minlash uchun ko‘proq farzandni dunyoga keltirish va albatta o‘g‘il farzandli bo‘lishga harakat qilishgan bo‘lsa, endilikda zamonaviy ijtimoiy kafolatlar nafaqaxo‘rlarni munosib ravishda ta'minlardi. Bu ham tug‘ilishning pasayishiga ta'sir ko‘rsatgan ahamiyatli omilga aylandi.

1965 yilda hukumat tomonidan tug‘ishni cheklashga chaqirilgan vaqtda aholining jins va yosh tarkibi shunday ko‘rinishda bo‘lgan
Bu esa hozirgi vaqtda tug‘ilishni oshirishga intilishayotgan bir vaqtda aholining jins va yosh tarkibi

Tug‘ilishni oshirishda davlat tomonidan kurashish va aholi sonini oshirishdagi ahamiyatli omillardan biri mamlakat, jumladan, yoshlar orasidagi suiqasdning yuqori darajada ekani. O‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab Janubiy Koreyadagi suiqasd ko‘rsatkichi 4 martadan ko‘proq ortdi. Bugunga kelib esa u mamlakatning milliy muammolaridan biriga aylandi.

Bugun davlatning demografik siyosati tug‘ilishni oshirishga qaratilgan. Biroq barcha choralar va bu maqsadlar uchun 150 milliard AQSh dollari sarflanganiga qaramay, vaziyatni o‘zgartirishga erishilmadi. Sotsiologlar buning sababini topishga harakat qilayotgan bir vaqtda mamlakatdagi tug‘ilish darajasi pasaymoqda. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga kelib, aholining 25 foizini 65 yoshdan oshgan koreyslar tashkil qiladi. Aholi soniga keladigan bo‘lsak, bu borada turli prognozlar mavjud. Ulardan eng optimistik ruhdagilariga ko‘ra, 2050 yilga kelib mamlakat aholisi hozirgi 51,16 million o‘rniga 50,45 million kishiga teng bo‘ladi. Boshqa ma'lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 40 million kishiga teng bo‘lishi mumkin. Ana unda hatto migrantlar oqimi ham mehnat resurslari yetishmovchiligini to‘ldira olmaydi. Bu esa iqtisodiy muammolarni keltirib chiqaradi.


Teglar