Ish joyini optimallashtirish bo‘yicha 13 ta layfxak

  • 12:50 / 17.10.2018
  • 4189

Samaradorlikni oshirish uchun juda ko‘p maslahatlar berilgan: tongni qanday boshlash, qanday xobbilar orttirish va h.k. Faqat ish joyini optimallashtirish bo‘yicha tavsiyalar yetishmaydi. Michigan, Kolorado va Nyu-York ofislari dizaynerlari aynan o‘sha narsalarni tayyorlashgan. Ularning maslahatlari quyidagilardan iborat:

Foto: Pexels

Xona gullari

O‘simlik stolingizni bezaydi va ofisdagi havoni yaxshilaydi. Bundan tashqari, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, agar xonada gullar bo‘lsa, xodimlar 15 foizga samaraliroq ishlaydilar.

O‘simlikni ofisingiz derazasidan kiradigan yorug‘lik miqdoriga qarab tanlang.

Agar ofisingizda deraza bo‘lmasa, tez-tez ko‘chaga chiqing

Shimoliy-g‘arb va Illinoys universitetlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, derazasi yo‘q ofislarda ishlaydigan xodimlar tabiiy yorug‘lik mavjud bo‘lgan xonalarda ishlaydiganlarga qaraganda o‘zlarini yomonroq his qilishar ekan.

Har kuni bir necha soatni quyoshda o‘tkazishga harakat qiling

“Tabiiy yorug‘lik kognitiv faoliyat, seratonin ishlab chiqarish va hazm qilish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan biologik sur'atlarni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim – deydiNyu-York MKDA agentligi katta dizayneri Kristin Everett. – Quyosh tufayli o‘zimizni baxtliroq va e'tiborliroq his etamiz”.

Oyoq ostida o‘ralashib yotgan uzun simlarni “yo‘qoting”

Stolingiz ostida tizim bloki, klaviatura, sichqon, telefon, quloqchin, mobil telefon quvvat oldirgichi va boshqa qurilmalarning simlari bo‘lsa kerak.

Samarali ish rejimini saqlash uchun bu simlar sizga xalaqit bermasligi zarur. Ularning uzunligini tekislab, maxsus ushlagichlar yordamida bir yerda mahkamlang. Simlar uchun maxsus organayzerlar ham bor. Simlar qaysi qurilmalarniki ekanini bilish uchun ularni belgilab qo‘yishingiz ham mumkin.

Foto: Pexels

Maqsadingizni yodga soladigan narsalarni stol ustiga qo‘ying

Ishlashingiz uchun ishtiyoq beradigan bir yoki ikki buyumni stol ustiga qo‘ying. Bu oila surati yoki kompaniya shiori bo‘lishi ham mumkin.

Masalan, Evernote bosh direktori Kris O’Nil ish stoli ustiga AQSh va Kanada bayroqlarini joylashtirgan. Bu unga o‘zining ikki fuqaroligi va tashkilotining xalqaro siyosatini yodga soladi. Bundan tashqari, stoli ustida Evernote’dan foydalanishga ishtiyoq uyg‘otgan farzandlarining suratlarini ko‘rish mumkin.

Zillow kompaniyasida esa har bir xodimning stoli ustida ular firmada necha yildan beri ishlayotganlarini ko‘rsatuvchi nishon turadi.

Qo‘l ostingizda foydali yeguliklar bo‘lsin

Quvvat darajasini ko‘tarish uchun ba'zida tanovvul etish kerak. Buning uchun stol ustida yong‘oq, protein batonchalari va quruq mevalar bo‘lishi kerak.

Musiqasiz shovqin o‘tkazmaydigan quloqchinlar taqing

Ko‘plab tadqiqotlar ish vaqtida musiqa tinglamaslikni tavsiya etmoqda.

Kognitiv neyrobiologiya bo‘yicha mutaxassis va “Miyangiz musiqa vaqtida mana bunday ko‘rinadi” kitobi muallifi Deniyel Levitin takrorlanuvchi vazifalarni bajarmayotgan bo‘lsangiz, musiqa unumdorlikka xalaqit berishini aytgan.

Yaxshisi uni ishdan avval 10-15 daqiqa tinglagan ma'qul.

Agar ofisingiz telefon qo‘ng‘iroqlari va suhbatlar sabab shovqinli bo‘lsa, albatta shovqin o‘tkazmaydigan quloqchinlardan foydalaning. 2010 yilda o‘tkazilgan tadqiqot natijalari diqqatni jamlashda muammosi bo‘lgan o‘quvchilar vazifalarni sukunatda bajarganida, xotira bilan bog‘liq vazifalarni yaxshi bajarishini aniqlagan. Quloqchinlar unumdorligingizni oshiradi, shuning uchun hamkasblaringiz quloqchinlar ortiga yashiringaningizda sizni suhbatlari bilan chalg‘itishmaydi.

Foto: Pexels

Turib ishlash uchun maxsus stol shart emas. Bor-yo‘g‘i kamroq o‘tiring

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, agar har bir kishi besh daqiqalik sayrlar qilsa, kamroq charchaydi.

Sovuq havo unumdorlikni kamaytiradi

Agar ofisingizdagi konditsioner juda sovuq bo‘lsa, stolingizda issiq jyemper bo‘lgani ma'qul.

2004 yilda Kornel universiteti tadqiqotchilari ofisdagi havo 20 dan 25 darajaga ko‘tarilsa, hujjatlardagi xatolar soni 44 foizga kamaygani, matnni terish vaqtidagi unumdorlik 150 foizga ortishini ko‘rsatgan.

Qaydlar uchun bloknot va stikerlardan foydalaning

Raqamli olamda yashayotganimiz qog‘ozli qaydlardan voz kechishni anglatmaydi. Bloknotda barcha muhim qaydlar, masalan majlislar va muhim qo‘ng‘iroqlarni yozib borish mumkin. U yerda g‘oyalarni ham yozib borish mumkin.

To‘g‘ri o‘tirish uchun kreslo va monitorni to‘g‘ri o‘rnating

Meyo klinikasi tadqiqot markazi ma'lumotlariga ko‘ra, yomon holatda o‘tirish salbiy oqibatlar – bosh og‘rig‘i, bel va bo‘yindagi og‘riqlar, nafas olishdagi muammolar, yelka asab tolalarining uvishishi va jag‘dagi og‘riqlarga olib kelishi mumkin.

To‘g‘ri o‘tirish uchun kreslo va monitoringizning holatini o‘zgartiring. Agar ofisingizdagi kreslo yomon bo‘lsa, yaxshilash uchun pul ayamang. “Sifatsiz kreslo charchoqni chaqirib, beldagi og‘riqqa sabab bo‘lishi mumkin”, - deya hisoblaydi Atmosphere 360 studiyasi egasi va katta dizayneri Melissa Frederiksen.

Faqat stolda ishlamang

Ish stolingiz qay darajada yaxshi tashkillashtirilgan bo‘lmasin, faqat uning yonida ishlash yaramaydi. Undan tursangiz, unumdorligingizni yaxshilaysiz.

Psixolog va “Ish uchun yaxshi joy” kitobi muallifi Ron Fridman ishlash uchun oshxona, divan yoki dam olish xonasiga ketayotganingizda diqqatni qaratish haqida signal berayotgan bo‘lasiz, deb hisoblaydi.

Foto: Pexels

Har kuni foydalanmaydigan buyumlaringizni stoldan olib qo‘ying

Ish joyida sizni o‘rab turgan narsalarga diqqatingizni qarating. Agar ortiqcha narsalarni olib tashlasangiz, sezilarli natijani his etasiz.

Stol ustida eng zarur narsalar: kompyuter, telefon, bloknot, ruchka va suv solingan butilka bo‘lishi lozim. Qolgan narsalarni boshqa joyga olib qo‘yish kerak.

Qog‘ozlaringiz ko‘p bo‘lsa, alohida javon yuritgan ma'qul. Yaxshisi hujjatlarni skaner qilib, raqamli holda saqlang. Ko‘plab hujjatlar bilan o‘rab olinganlik samaradorlikni pasaytiradi.

Ko‘k, yashil va sariq ranglar unumdorlikni oshiradi

Turli ranglar inson kayfiyatiga turlicha ta'sir qiladi. Ko‘k va qizil rang miya faoliyatini yaxshilaydi.

Olimlar sovuq ranglar (masalan, ko‘k) tinchlantiradi deb hisoblaydilar. Ko‘k rangdagi stol kun davomida o‘zingizni xotirjam his qilishga yordam beradi.

Qizil rang bilan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish kerak – bu rang yurak urishi tezligini oshiradi, deb hisoblaydi Rochester universiteti xodimi Endryu Elliot. Agar ishingiz jismoniy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lmasa, yoki intensiv tanaffuslar bilan ishlamasangiz, uni ofisda qo‘llash yaramaydi.

Teglar