Ishga qabul qilinishdagi onlayn suhbatda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan 8 narsa

  • 15:13 / 12.02.2020
  • 571

Картинки по запросу "bloger"

Har qanday ishni Internet orqali hal qilayotgan zamonamizda ko‘pgina kompaniyalar ham ishga qabul jarayonlarini onlayn yoki video intervyu orqali amalga oshirmoqda. Onlayn ish intervyusida nimalarga e’tibor berishimiz kerak, quyida shu haqida.

1. Internet tezligi yuqori darajada ekanligiga amin boʻling.

Onlayn intervyuda eng, eng xavotirli narsa bu – tarmoqda uzilish yuzaga kelishi. Qisqa uzilishlar ham sizda stress keltirib chiqarishi yoki diqqatingiz buzilishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun tezligi yuqori boʻlgan internet provayderi tanlang.

2. Oʻzingizni qulay his qiladigan joy tanlang

Joy ham juda muhim. Shunday joy tanlangki, intervyu oluvchiga ovozingiz shovqinlarsiz yetib borsin va siz ham qiyinchiliksiz eshita oling. Atrofingizda chalgʻituvchi ovozlar boʻlmasin.

3. Foydalanayotgan texnikaga e’tibor qarating.
 

Bu vaziyatda kompyuterdan foydalanganingiz afzalroq. Smartfon yoki planshet kabi qurilmalar bilan suhbat sizni ovoz va kameraning sifati kabi omillar bilan qiyin vaziyatda qoldirishi mumkin. Agar siz foydalanayotgan qurilma noutbuk bo‘lsa, batareya holatini tekshiring, kamera va mikrofon kabi qo‘shimcha qurilmalar ishlayotganiga ishonch hosil qiling.

4. Orqa fon va kamera holatini oldindan tekshiring
 

Orqangizda koʻrinadigan fon oddiy, e’tiborni tortmaydigan boʻlgani ma’qul. Shunda qarshingizda turgan odam chalg‘imaydi va siz diqqat markazida bo‘lasiz. Kamerangizning holatini oldindan tekshirib ko‘ring, suhbat paytida kamera markazida siz turadigan holatga keltiring.

5. Tashqi koʻrinishni ham esdan chiqarmang
 

Kiyim nafaqat yuzma-yuz suhbatlarda, balki onlayn intervyularda ham muhimdir. Jiddiy va qora tonlardagi rasmiy kiyim tanlaganingiz ma’qul. Sizning ko‘rinishingiz – odamga qanday munosabatda ekaningiz va ishingizga bo‘lgan mas’uliyatdan dalolat beradi.

6. Oldindan repetitsiya qilib oling

Ish suhbatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mavzularni oldindan bilishga harakat qiling va javoblaringizni tayyorlang. Vaqtga e’tibor bering, aniq javob berishga harakat qiling. Kameraga qarang va sizning oldingizda turgan odam bilan nigohingizni bog‘lang.  

7. Rezyumelaringizning bir nusxasi yoningizda tursin
 

Suhbat davomida hayajondan shaxsingiz bilan bogʻliq oddiy bir savol ham oʻylantirib qoʻyishi mumkin. Shu sabab rezyumelaringizdan nusxalar tayyorlab qo‘yishingiz qulay, lekin kameraga koʻrinmaydigan holatda qoʻying.

8. Suhbat yakunida ham diqqatni yoʻqotmang
 

Suhbat tugaganda qarshi tomonga qoʻl silkitmang, jiddiylikni saqlang. Xayrlashgandan keyin tarmoq uzilganiga ishonch hosil qiling. Ana endi erkin nafas olishingiz mumkin.