Islom taraqqiyot banki O‘zbekiston shifoxonalarini jihozlash uchun 17 million dollar ajratdi 

  • 13:08 / 10.04.2020
  • 83

Islom taraqqiyot banki (ITB) O‘zbekistonda qurilayotgan yangi shifoxonalar uchun tibbiy uskunalar va buyumlarni tezkor xarid qilishni moliyalashtirishga 17 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larini yo‘naltiradi.

Bu haqda joriy yilning 8-aprel kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov va Islom taraqqiyot banki (ITB) Prezidenti Bandar Hajar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan videokonferensiya formatidagi koronavirus tarqalishi va uning oldini olishdagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish jarayonida aytib o‘tilgan.

Chunonchi, Bandar Hajar ITB “Strategik tayyorgarlik va choralar to‘plami” imkoniyatlaridan foydalanib, O‘zbekistonga har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi. 

U koronavirus bilan kurashish maqsadida yaratilayotgan yangi shifoxonalar uchun tibbiy uskunalar va buyumlarni tezkor xarid qilishni moliyalashtirishga ITBning O‘zbekistondagi joriy kredit portfelidan 17 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirganligini ta’kidladi.

Shuningdek, Bandar Hajar koronavirus bilan kasallangan bemorlar uchun qurilayotgan yangi shifoxonalarni jihozlashga infrutuzilma loyihalari doirasida iqtisod qilingan 46 mln. AQSh dollarini qayta yo‘naltirish orqali O‘zbekistonga qo‘shimcha yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

ITB prezidenti mazkur yo‘nalishda Bank o‘zining shoʻba institutlari bo‘lmish Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi, Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi va boshqalarning imkoniyatlaridan foydalanib, ko‘maklashishni kengaytirishga tayyorligini ta’kidladi.

Videokonferensiya yakunlariga ko‘ra tomonlar sog‘liqni saqlash tizimi ehtiyojlari va O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznes korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun ITB tomonidan umumiy qiymati 140 mln. dollardan ortiqroq bo‘lgan qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb etish bo‘yicha ishlashga kelishib oldilar.

Eslatib o‘tamiz, ITBning “Strategik tayyorgarlik va choralar to‘plami” global pandemiya sharoitlarida Bank a’zolari hisoblangan mamlakatlarga yordam ko‘rsatish maqsadida tuzilgan. Uning umumiy qiymati 2,3 mlrd. AQSH dollaridan iborat.