Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tashkil etildi

  • 08:35 / 12.09.2019
  • 198

Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni OʻzA tomonidan eʼlon qilindi.

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi hisoblanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Agentligini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berildi, quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:

isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amaliy ijrosini taʼminlash;

aholining isteʼmolchilik bilimi va savodxonligini oshirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

isteʼmolchilarga ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda yordam koʻrsatish;

isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, shuningdek, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va ularning sifatini nazorat qilish sohasida hamkorlik qilish;

isteʼmolchilar huquqi buzilishi sabablarini tahlil qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda isteʼmolchilar huquqi buzilishi holatlarining oldini olish;

tadbirkorlik va isteʼmolchilik madaniyatini takomillashtirish, reklama sohasida nohalol raqobatga va notoʻgʻri reklamaning yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida reklama bozorini tartibga solish;

isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;

isteʼmol bozorini, davlat tomonidan narx-navosi tartibga solinadigan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) narxlarning dinamikasi va narx shakllanishi mexanizmlarini oʻrganish;

isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish masalalari boʻyicha xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.

Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining hududiy boshqarmalariga ularning tashkiliy tuzilmasida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmalarini tashkil etish uchun qoʻshimcha 142 nafar shtat birligi ajratildi.

Belgilanishicha, Agentlik va Qoʻmita hududiy boshqarmalarining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmalari shtat birliklari 2019-yilda tegishli vazirlik va idoralar, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini maqbullashtirish hisobidan jamlanadi.

Agentlikka quyidagi huquqlar berildi:

a) chakana savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarida tovarlar va xizmatlarning nazorat xaridini oʻtkazish, ularni isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga mosligi jihatidan ekspertizadan (testdan) oʻtkazilishini tashkil qilish;

b) isteʼmolchilardan ariza va shikoyatlar tushgan hollarda isteʼmolchilar huquqlariga rioya qilinishini oʻrganish;

v) isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlari mavjud boʻlganda, tadbirkorlik subyektlarida (moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda) tekshirishlar oʻtkazish;

g) isteʼmolchilarga tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaroqlilik muddati, saqlash va xizmat koʻrsatish muddatini buzgan holda realizatsiya qilish holati aniqlanganda:

oʻz vakolatlari doirasida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan davlat organlariga, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, tashkilot, muassasa va korxonalarga, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar kiritish;

isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi alomatlari aniqlanganda materiallarni vakolatli organlarga, shuningdek, tegishli faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyaning (ruxsat beruvchi hujjatlarning) amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish (bekor qilish) toʻgʻrisidagi masalasini hal etish uchun tegishli organlar va tashkilotlarga yuborish;

isteʼmolchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, isteʼmolchilar huquqlarini buzgan shaxslarga nisbatan huquqiy taʼsir koʻrsatish choralarini qoʻllash uchun sudlarga arizalar bilan murojaat qilish;

d) davriy bosma nashrlar, kitob mahsulotlari nazorat nusxalari, tele va radiodasturlar efirlarida joylashtirilgan hujjatli materiallar, reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatishga oid materiallarni bepul olish.

Agentlik va Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq sudlarga koʻrib chiqish uchun kiritiladigan daʼvolar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod qilindi.