Janjalkash daho

  • 19:35 / 04.10.2015
  • 15493

Sergey Yeseninning tavallud kuniga bag‘ishlanadi

(Sergey Yesinin: Ehtiros va fojianing buyuk taqdirdagi aksi)

3 oktabr kuni buyuk rus shoirining tavalludiga 120 yil to‘ldi. Aynan shu sana munosabati bilan XABARDOR.UZ Yeseninning hayotiga oid bo‘lgan eng qiziq voqea va suratlarni to‘plab e'tiboringizga havola qilmoqda.

Sergey Yesenin singillari Katya va Shura bilan 

Yeseninning ta'lim olish davri

Mashhur shoir muallim bo‘lishi mumkin edi: Sergey Yesenin 1909 yilda Konstantin bilim yurtini a'lo baholarga tamomlab, keyin cherkov-muallimlik maktabiga o‘qishga kirdi, biroq bir yarim yil ta'lim olgach, u yerni tark etdi, o‘qituvchilik kasbi uni qiziqtirmas edi. 1913 yilning sentyabrida Moskva shahrida Yesenin Shanyavskiy nomidagi xalq universitetida o‘qiy boshladi. Universitetda bir yarim yil davomida ilm olish unga yetishmayotgan ta'limni berdi. Natijada shoir mustaqil ravishda shug‘ullanib, ko‘p o‘qidi va o‘zining aqliy salohiyati bilan mashhur bo‘ldi.

Sergey Yesenin va Anna Izryadnova “I.D.Sitin jamoasi” tipografiyasi ishchilari orasida

Moskvalik ilk ilhom farishtasi

Yesenin Moskvaga kelganida o‘n yetti yoshda edi. Uni yagona maqsadi – Rossiyadagi eng mashhur shoir bo‘lishdan iborat bo‘lgan. Bir yil o‘tgach, tipografiyada u bilan ishlaydigan Anna Izryadnovani qattiq sevib qoldi.

Anna bilan qurilgan nikoh ilk kunlardanoq unga xato bo‘lib ko‘rina boshladi. O‘sha paytda uni ko‘proq karera qiziqtirardi. U oilasini tashlab, baxt izlash maqsadida Petrogradga ketdi. Izryadnova o‘z xotiralarida uni yodga olib, shunday dedi: “Vafotidan bir oz vaqt oldin uni ko‘rgan edim. Xayrlashish uchun kelganini aytdi. Nima uchun bunday deyayotganini so‘raganimda shunday dedi: “Ravona bo‘lyapman, ketyapman, o‘zimni yomon his qilyapman, o‘lsam kerak”. O‘g‘limizni asrash va erkalatmaslikni aytdi”.

Sergey va Annaning farzandi Yuriyning taqdiri fojiaviy tarzda yakun topdi: 1937 yilning 13 avgust kuni u Stalinga suiqasd uyushtirishda yordam ko‘rsatganligi aybi bilan otib o‘ldirilgan.

Yesenin yoshlikdagi do‘stlari bilan

Yesenin o‘z onasiga she'r mutolaa qilib bermoqda

Mutolaa

1918 yilning oxirlarida Moskvadagi ochlikdan himoyalanish maqsadida Yesenin bir necha hafta davomida Tulada yashadi. Har kuni kechki payt u istiqomat qilgan uyda ma'lumotga ega bo‘lgan omma vakillari yig‘ilishar, Yesenin esa ularga she'rlarini yoddan, ta'sirli va ifodali qilib aytib bergan.

Ba'zida shoir Blokka taqlid qilar edi. Blokning she'rlarini jiddiy va hurmat bilan o‘qib berardi.

Zinaida Rayx

Go‘zal Zinaida

Mashhur aktrisa Zinaida Rayx Yeseninning hayotidagi go‘zal ayollardan biri bo‘lgan. U shu darajada betakror ediki, shoir uning qo‘lini so‘radi. Ular 1917 yilda turmush qurdilar, Zinaida shoirga ikki farzand — Tatyana va Konstantinni hadya etdi. Biroq uch yil o‘tgach, ular ajrashishdi. Shoirning Zinaidaga bag‘ishlangan eng mashhur she'ri – “Ayolga maktub”dir.

Sergey Yesenin va imajinist Anatoliy Mariyengof

Yeseninning qo‘rquvlari

Sergey Yesenin sifilofobiya, ya'ni sifilis bilan kasallanish qo‘rquvidan aziyat chekardi. Bu haqda do‘sti Anatoliy Mariyengof shunday hikoya qiladi: “Burni ustiga non uvog‘i hajmidagi yara chiqishi bilanoq u ko‘zguga asabiy tarzda boqar edi. Bir kuni hatto kutubxonaga dahshatli kasallikning alomatlari to‘g‘risida o‘qish uchun bordi...”

U militsionerlardan ham juda qattiq qo‘rqar edi. Bir kuni Volf Erlix bilan Yozgi bog‘ yonidan o‘tib keta turib, Yesenin eshik yonidagi qo‘riqchiga ko‘zi tushdi. “U birdan meni yelkamdan ushlab, o‘zi kun botar tarafga yuzi bilan turar edi, men esa qo‘rqinch hissi bilan to‘lgan ko‘zlarini ko‘rdim. U qattiq nafas olar va xansirar edi: “Eshit! Biroq hech kimga so‘z ochma! Men senga rostini aytaman! Men militsiyadan qo‘rqaman. Tushundingmi? Qo‘rqaman!...”, — deya xotirlaydi Erlix.

Aysedora Dunkan va Yesenin

Aysedora 

20-yillarning boshida Yesenin pala-partish tarzda hayot kechira boshladi: ichardi, qahvaxonalarda janjal ko‘tarar, tasodifiy aloqalarga yengil qarardi. Aynan shu paytda u amerikalik raqqosa Aysedora Dunkanni uchratdi. Dunkan shoirdan 18 yoshga katta edi, rus tilini bilmas, Yesenin esa ingliz tilida gapirishni bilmagan. Tanishishganidan yarim yil o‘tgach, ular turmush qurdilar. Ulardan qaysi familiyani tanlashlari so‘ralganida, har ikkovi juft familiya – Dunka n-Yesenin deya javob berishgan. Nikoh guvohnomasi va pasportlarda ham shunday yozilgan. Ko‘chaga chiqishganida “Endi men - Dunkanman” – deya baqirgan edi Yesenin.

Sergey Yesenin hayotining ushbu sahifalari — cheksiz janjal va urushlar bilan kechgan. Ular bir necha bor ajrashib, yana qayta topishganlar va nihoyat “o‘zaro tushunmovchilik” ni yenga olmadilar.

Aysedora shoir vafotidan ikki yil o‘tgach, o‘z sharfiga bo‘g‘ilib, fojiali tarzda o‘lim topdi.

Yesenin va Mayakovskiy

Abadiy dushmanlar

Sergey Yesenin va Vladimir Mayakovskiyning bir-birini yomon ko‘rishlari to‘g‘risidagi afsona XX asr adabiyotidagi eng mashhur adabiy oqimlardan biridir. Shoirlar haqiqatan ham g‘oyaviy raqiblar bo‘lishgan va ommaviy chiqishlarda bir-birlari to‘g‘risida salbiy fikrlar bildirishgan. Biroq bu o‘zaro iste'dodni baholay olishmaganligini anglatmaydi. Zamondoshlarining fikrlariga qaraganda Yesenin Mayakovskiy ijodi ahamiyatini anglar va futuristlar orasida unga bo‘lgan hurmati baland edi. 

O‘z o‘rnida Mayakovskiy ham Yesenin to‘g‘risida yuksak baho berardi. Mayakovskiyning Yeseninga bergan bahosi yagona, ya'ni “Benihoyatda iste'dodli” bo‘lgan.

Yesenin Venetsiyadagi plyajda

Sergey Yesenin va Sofya Tolstaya

So‘nggi rafiqa

1925 yilning boshlarida Sergey Yesenin Lev Tolstoyning nabirasi Sofya bilan tanishdi. U Yesenindan 5 yoshga kichik edi, Sofyaning tomirida dunyodagi buyuk yozuvchining qoni oqardi. Sofya Andreyevna Yozuvchilar ittifoqi kutubxonasini boshqarardi. Turmush qurishgach, u namunali rafiqa bo‘ldi: shoirning sog‘lig‘iga e'tibor qaratdi, she'rlarini to‘plam uchun tayyorladi. Va mutlaqo baxtli edi. Yesenin esa do‘stining “Hayoting qanday?” savoliga “Uch tomli she'rlar to‘plamini tayyorlayapman va sevmagan ayolim bilan yashayapman” – deya javob bergan. Shoir muhabbatiga sazovor bo‘lmagan Sofya beva qoldi.

Sergey Yeseninning vafotidan oldingi surati

Shoirning vafoti

 

1925 yilning 28 dekabrida Yeseninni Leningrad mehmonxonasida “Angleter”da jonsiz tarzda topishdi. Uning so‘nggi she'ri – “Alvido, do‘stim, alvido...”, — Volf Erlixning guvohlik berishicha, biroz vaqt oldin mazkur she'r unga Yesenin tomonidan berilgan: Yesenin mehmonxona xonasida siyoh yo‘qligi va uni qoni bilan yozishga majbur bo‘lganidan nolidi.

Shoirning vafoti tilsimi hanuz yechilmagan. Rasmiy ommaviy tarzda qabul qilingan fikrlar shundan iboratki, u o‘z joniga qasd qilgan. Biroq Yesenin siyosiy nuqtai nazardan o‘ldirilganligi, suiqasd esa uyushtirilgan, degan shubhalar ham mavjud.

“Osonlik bilan hayot kechirish lozim” 

Shunga qaramay Yesenin – fojyeaviy shoir emas. Uning she'rlari – hayot madhiyalaridir. Madh etilgan hayot oldindan aytib bo‘lmaydigan, afsuslarga limmo-lim, mashaqqatli bo‘lishiga qaramay, go‘zalligini saqlab qolgan. Bu bezori va janjalkash, abadiy bolakay va buyuk donishmand madhidir.